Jahon | 07:28 / 17.11.2017
10852
3 daqiqa o‘qiladi

OAV Zimbabvening kelajagi haqida yozdi

Foto: AFP 2017 / Jekesai Njikizana

Harbiylar rejalariga ko‘ra Zimbabveda mamlakat prezidenti Robert Mugabe tomonidan o‘z lavozimidan bo‘shatilgan, biroq harbiy to‘ntaruv natijasida hokimiyat tepasiga yana qaytgan vitse-prezident Emmerson Mnangagva mamlakatni 5 yil boshqaradigan o‘tish hukumatini shakllantiradi. Bu haqda mahalliy Financial Gazette nashri yuqori lavozimli mansabdor shaxslarga iqtibos keltirgan holda xabar berdi.

Mugabe qattiqqo‘lligi uchun “Timsoh” laqabini olgan Mnangagvani iste'foga ketkazgandan keyin vaziyatga harbiylar aralashib, mamlakat poytaxti Xararedagi telemarkaz va prezident Mugabe qarorgohi ustidan nazoratni qo‘lga olishgan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Mugabe uy qamog‘ida ushlab turilibdi, uning rafiqasi Greys Mugabe mamlakatdan qochib ketgan.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tish hukumati tarkibiga muxolifat vakillari kiradi. Harbiylar rejalariga ko‘ra, Zimbabveda umumiy saylovlar faqat 5 yildan keyingina bo‘lib o‘tadi.

Ta'kidlanishicha, 16 noyabrda Mugabe armiya vakillari bilan uchrashgan. “Frans Press” axborot agentligi Zimbabve qurolli kuchlaridagi manbalarga iqtibos keltirgan holda uchrashuv yakuniga ko‘ra prezident iste'foga ketishdan bosh tortganini ma'lum qilgan. Harare24 yangiliklar portalining ma'lum qilishicha, Mugabe va harbiylar kelishuvga kelganlar: Mugabe o‘z oilasi xavfsizligi evaziga hukmron ZANU PF partiyasining kongressidan keyin dekabrda iste'foga ketishga rozi bo‘lgan.

Financial Gazette’ning yozishicha, agar Mugabe iste'foga ketishdan bosh tortsa, harbiylar parlamentga prezidentga ishonch bildirish masalasini olib chiqishadi yoki konstitutsiyaga amal qilmaslik ayblovi bilan impichment jarayonini boshlashadi.

93 yoshli Mugabe noyabr boshida o‘zining ehtimoliy vorisi hisoblangan va armiya tomondan qo‘llab-quvvatlangan Mnangagvani iste'foga chiqarishga qaror qilgan. 13 noyabrda armiya bosh shtabi boshlig‘i Konstantin Chivenga Mugabeni ZANU PF partiyasi safini tozalashni bas qilishga chaqirgan.

Mnangagva mustaqil Zimbabvening birinchi hukumati tarkibida davlat xavfsizligi vaziri lavozimini egallab kelgan. Vitse-prezident lavozimiga esa 2014 yil tayinlangan. Aynan o‘shanda hukmron partiyada Mugabedan keyin hokimiyat kimga o‘tishi bo‘yicha ziddiyat vujudga kelgan: partiyaning bir qism a'zolari Mnangagvani, bir qismi esa prezidentning rafiqasi Greys Mugabeni qo‘llab-quvvatlashgan.  

Mavzuga oid