O‘zbekiston | 13:10 / 29.11.2017
16779
4 daqiqa o‘qiladi

Shayxontohur tumanida 648 nafar fuqaro turli ro‘yxatlardan chiqarildi

Foto: Muxlis.uz

Toshkent shahri, Shayxontohur tumanidagi Shayx Zayniddin jome masjidida «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»ga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi. Unda ulamolar, imom-xatiblar, mahalla faollari, nuroniylar, Toshkent shahar hokimligi vakillari hamda avval turli ro‘yxatlarda bo‘lgan fuqarolar ishtirok etdi, deb yozadi Muxlis.uz.

Muloqotda bugungi kunda davlat tomonidan olib borilayotgan din sohasidagi ulkan o‘zgarishlar, Yaratganning bunday ne'matlariga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lga qaytgan kishilarning hayotini yaxshilash va muammolarini bartaraf etish haqida so‘z bordi.

Haqiqatdan, hayotda biror-bir muammoga duch kelgan odam avvalo dardini kim bilandir bo‘lishgisi keladi. Shunday lahzada uni kimdir diqqat bilan eshitsa, bir og‘iz shirin so‘z bilan taskin bersa, to‘g‘ri yo‘lga boshlasa, mushkuli osonlashadi. Ko‘pincha adashgan odamga to‘g‘ri berilgan yo‘l-yo‘riq tufayli kishida hayotda o‘z o‘rnini topishda ishonch paydo bo‘ladi. Eshitish va taskin berish bilan cheklanmay, amaliy yordamga qo‘l cho‘zilganda esa odam o‘zini chin ma'noda baxtli hisoblaydi.

Foto: Muxlis.uz

Mana shu nuqtai nazardan diniy soha xodimlari va keng jamoatchilik vakillari adashgan oqimlarga moyil bo‘lgan oilalarga kirib, tanlagan yo‘llari noto‘g‘ri ekani haqida Qur'oni karim, hadisi sharif va ulamolarning ishonchli dalillari asosida tushuntirish ishlarini olib borishdi. Adashgan fuqarolarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, qilmishidan pushaymon bo‘lib, afsus-nadomat chekayotganlarga ruhiy tasalli berib, hayotda o‘z o‘rnini topishlariga imom-xatiblar yaqindan ko‘mak berib kelmoqdalar.

Anjumanda oilalarda kitobxonlik targ‘ibotini keng yoyish maqsadida Odilxon qori Ismoilov qalamiga mansub «Jannat kaliti», «Inson manfaatlari islom ta'limotining oliy mezoni» singari kitoblar tarqatildi.

Tadbirning ikkinchi qismi bir piyola choy ustida davom etdi va ushbu suhbat ham bu borada qilinayotgan savobli ishlarning uzviy davomi bo‘ldi. Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov va jamoat tashkilotlari rahbarlari dillaridagi samimiy, iliq so‘zlarni aytib, yig‘ilganlarning ko‘nglini shod etishdi.

Foto: Muxlis.uz

O‘tgan olti oy davomida Toshkent shahrida 2273 nafar, Shayxontohur tumani bo‘yicha esa 648 nafar fuqarolar har xil ro‘yxatlardan chiqarilib, emin-erkin hayot kechirish uchun barcha sharoitlar muhayyo qilindi.

Joriy yilning iyun-iyul oylarida ular bilan bo‘lib o‘tgan suhbatlar natijasiga ko‘ra, Shayxontohur tumanidagi bir guruh fuqarolar jamoatchilik guruhiga muammolar bilan murojaat etgan edi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha mahalla, tuman va shahar miqyosida amaliy ishlar olib borildi. Masalan, 118 nafar shaxs ambulator va statsionar sharoitda sog‘lomlashtirildi, 352 nafar bola o‘z xohishiga ko‘ra, to‘garaklarga jalb etildi. Tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan 12 nafar shaxsga kredit olishda ko‘maklashildi, 3 nafar oilaning uy-joy sharoitini yaxshilash uchun Sergeli tumanidagi yangi ko‘p qavatli uylardan olishga tavsiya berildi.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham bu xayrli an'anani davom ettirib, bir qancha kishilarning tadbirkorlik va boshqa masalalarda uchrab turgan muammolari tegishli tashkilotlarning mas'ul shaxslari tomonidan nazoratga olinib, hal etilishi yuzasidan choralari ko‘rilishi ma'lum qilindi.

Mavzuga oid