Jahon | 19:55 / 04.12.2017
17535
3 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariyalik suratkash Qozog‘iston Milliy bankidan kompensatsiya talab qildi

Shveytsariyalik suratkash Marsel Burkard Qozog‘iston Milliy banki va respublikaning Berndagi elchixonasiga 500 tengelik banknotada uning ishidan foydalanganlik to‘g‘risidagi xatni yo‘lladi. 

"Bir tomondan, men olgan surat Qozog‘iston banknotalaridan birida muhrlanganidan juda faxrlanaman, albatta. Biroq dizayner mening muallifligimdagi suratdan foydalanib, pul ishlagani to‘g‘ri emas, deb hisoblayman", - dedi shveysariyalik va Qozog‘iston Milliy banki buni rad etayotganini qo‘shimcha qildi. 

Burkardning so‘zlariga ko‘ra, butun Qozog‘istonga tanilgan chayka suratini u 2005 yilda Shveytsariyada, Tun ko‘li qirg‘og‘ida olgan. Shu bilan birga, u professional suratkash emasligini ta'kidlagan.

"Qozog‘iston bilan sudlashmoqchi emasman - o‘ylashimcha, bu ajoyib mamlakat. Suratdan foydalanganlik uchun pul olish masalasiga keladigan bo‘lsak, bunday niyatim yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, menga tovon puli to‘lanishiga umid qilaman. Oxir-oqibat dizayner mening ishim uchun pul olgan-ku, axir", - dedi Burkard. 

Foto: zakon.kz

Suratkash kompensatsiya sifatida uning suratidan foydalanganlik tan olingan chiroyli sertifikat va unga biriktirilgan banknota suratini olishdan xursand bo‘lishini ta'kidlagan. 

"Men hech qachon Qozog‘istonda bo‘lmaganman. Biroq endi, banknotada men olgan surat aks ettirilgandan keyin bu mamlakatga borish haqida o‘ylab qoldim", - deydi u.

500 tenge nominalli kupyura paydo bo‘lganidan keyin kichik qushcha Qozog‘istonda muhokama mavzusiga aylandi. Milliy bank taqdim etgan 500 tengeda Kaspiy uzra chaykalar tasvirlangan, biroq xushyor qozog‘istonliklar uning Vikipediyadagi suratga o‘xshashligini payqashdi. 

Burkardning surati Vikipediyada CC BY-SA 2.0 DE kopirayt ko‘rsatkichlari bilan joylangan, u materialni barcha formatlarda qo‘llash va tarqatish imkonini beradi. Bundan tashqari, suratga qarab, ishlab chiqarish materiallarini yaratishga ham ruxsat berilgan. Muallifni ko‘rsatish va litsenziyaga havola taqdim etish majburiy shart hisoblanadi. 

Milliy bank rassom internetdagi suratdan foydalangan bo‘lishi mumkinligini inkor etmadi. Idorada ta'kidlanishicha, banknota dizaynini ishlash uchun maxsus mablag‘ ajratilmagan. 

Mavzuga oid