Light | 17:09 / 15.12.2017
66791
5 daqiqa o‘qiladi

Bryus Lining mustaqil fikrlashni rivojlantirishga doir saboqlari

Foto: Getty Images

Mustaqil fikrlash mavjud g‘oyalarni inkor qilish kerakligini nazarda tutmaydi. Uning mohiyati qaror qabul qilishga tanqidiy yondashishda.

1. Yodingizda bo‘lsin, hech bir aqida haqiqatni to‘liq aks ettira olmaydi

Odamlar odatda o‘z mamlakatlarida keng tarqalgan an'analar va qarashlarga rioya qilishadi. Bu an'analar va qarashlar qanday xulq-atvor to‘g‘ri hisoblanishi va yaxshi yashash qanday bo‘lishini belgilab beradi. Biroq siz birgina madaniy yoki g‘oyaviy tizim ta'siriga tushib qolsangiz, fikrlash doirangiz juda tor bo‘lib qoladi

Bryus Liga Xitoy falsafasi katta ta'sir ko‘rsatgan va u G‘arbga Sharq qadriyatlarini yetkazishga harakat qilgan. Shunday bo‘lsa-da, u bir an'ana bilan cheklanish mumkin emasligini doim anglab yetgan va hayotiy xulosalariga kelish uchun turli madaniyatlar g‘oyalarini uyg‘unlashtirgan.

Har qanday dogma o‘zini o‘zi haq deya e'tirof etadi. Biroq tarixga murojaat qilsak, ularning har birida ijobiy fazilatlar bilan bir qatorda kamchiliklar ham borligini ko‘ramiz.

Odamlar odatda faqat tasodif tufayli muayyan dogmaga rioya qilishadi: chunki bu dogma ular tug‘ilib o‘sgan joyda keng tarqalgan va ularning atrofida to‘g‘ri, deya hisoblanadi.

Foto: Getty Images

Bu ko‘pchilik rioya qiluvchi qarashlarga umuman ishonish mumkin emas degani emas. Shunchaki o‘ylash va ehtiyotkor bo‘lish kerak. Har bir madaniyat va mafkura nimagadir o‘rgatishi mumkin, asosiysi — hech biri haqiqatni to‘liq aks ettirmasligini unutmaslik.

Bir intervyuda Bryus Lidan o‘zini kim deb hisoblashi haqida so‘rashgan - xitoylikmi yoki amerikalik. "U ham, bu ham emas, — deya javob berdi u. — Men o‘zimni inson deb hisoblayman".

2. Intellektual ishonchni rivojlantiring

Agar qandaydir g‘oya uzoq vaqtdan buyon mavjud bo‘lsa, demak, buning uchun arzirli sabab bor. Shuning uchun inson mavjud dogmaning bir qismini rad etish uchun intellektual darajada o‘ziga ishongan bo‘lishi kerak. Siz dogmani qabul qilish yoki inkor etishingiz sababini haqiqatda yetarli deb hisoblab, sizni yo‘ldan adashtirmayotganiga ishonch hosil qilishingiz kerak.

Bryus Li o‘zining jismoniy xususiyatlariga bo‘lgan ishonchi intellektual ishonchidan kelib chiqqan, deb hisoblagan. U o‘z aqlini rivojlantirish natijasida ega bo‘lgan ishonchi tufayli fikrlash tarzi va xatti-harakatlariga ishona olardi.

Mustaqil fikrlash rivojlanish va oldinga qarab harakatlanishga yordam beradi. Mustaqil fikrlash uchun inson o‘zi va dunyoqarashi ustida ishlashi zarur.

Foto: Getty Images

3. Taqlidga emas, o‘zingizni namoyon etishga harakat qiling

"O‘quv mashg‘ulotlari — shunchaki taqlid yoki bilimlarni to‘plash va ularga moslashish xususiyati emas. Bu — hech qachon tugamaydigan tinimsiz kashfiyotlar jarayoni".

Bryus Li

Dastlab inson o‘zini tushunishi kerak, shunda sizga nima to‘g‘ri kelishi-yu nima to‘g‘ri kelmasligini tasavvur qila olasiz. Shundan keyingina faqat siz uchun muhim bo‘lgan yo‘nalishda rivojlanasiz.

Har qanday rivojlanish bazaviy darajadan — sizning kimligingiz va siz nimani to‘g‘ri deb hisoblashingizdan boshlanadi. Bu o‘zgarishi mumkin, albatta. Zero inson doim yanada yaxshi bo‘lishga intilishi kerak. Odamlar ko‘pincha o‘z ilhomlari manbai yoki ibrat olayotgan kishilariga haddan tashqari bog‘lanib qolishadi. Bu ba'zan foydali bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da, ko‘pincha bu yo‘lda o‘zligimizni yo‘qotib qo‘yamiz.

Mavzuga oid