Jamiyat | 16:00 / 17.12.2017
67493
18 daqiqa o‘qiladi

O‘z joniga qasd qilish: sabablar va yechimlar

Illyustrativ foto

So‘nggi vaqtlarda nafaqat xorij o‘lkalarida, balki O‘zbekistonda ham o‘zini osib qo‘ygani, yoqib yuborgani xususida xabarlar elas-elas qulog‘imizga chalinmoqda. Xususan, Xorazm viloyatida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Farg‘ona vodiysida shunday holatlar qayd etildi. O‘zjoniga qasd qilganlarning ayrimlari tirik qolgan bo‘lsa, boshqalari Alloh bergan ulug‘ ne'matlardan biri tiriklikdan o‘z qo‘llari bilan mahrum bo‘lishdi. 

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi xodimi Ishoqjon Begmatov tomonidan yozilgan quyidagi maqolada jamiyatdagi o‘z joniga qasd qilishdek muammoning bir qancha sabablari va ularning yechimiga doir fikrlar keltirilgan. 

Sabablar:
- dinsizlik;
- ma'rifatsizlik;
- to‘qchilik;
- yo‘qchilik;
- shahvoniy, nafsoniy sevgi;
- o‘z joniga qasd qilishni muammoning yechimi sifatida ko‘rish;
- o‘limning haqiqati, qabr azobi, oxirat, qayta tirilish, qiyomat va do‘zaxdagi azob-uqubatlardan bexabarlik;
- ruhiy  xastalik.

1.    Dinsizlik. Inson mutlaqo dinsiz bo‘lishi ham mumkin yoki o‘zini dindor hisoblasa-da, aslida dinning mohiyatini tushunmasligi ham mumkin. Chunki dindorlik nafaqat o‘z joniga qasd qilish, balki boshqaning joniga qasd qilish, hattoki oddiy hayvonlarning joniga ham noo‘rin qasd qilishni man etadi. Ya'ni ularni besabab o‘ldirishni qattiq qoralaydi va bunday jinoyatlarni qilganlarga alohida jazolar belgilaydi. Qolaversa, din insonni yumshoq ko‘ngilli, mehribon, rahmdil, shafqatli, kamtar, hokisor va beozor qilib qo‘yadi. Shuning uchun ham haqiqiy dindor jinoyat sodir etmaydi. Aksincha, ayrim dinsizlar o‘z joniga qasd qilishni oddiy ermak yoki jasorat deb o‘ylaydi. Keyingi paytlarda internet sahifalarida paydo bo‘lgan “Ko‘k kit” degan o‘yin aynan shuning dalilidir. Birgina shu o‘yin sababli dunyoda qanchadan-qancha yoshlar o‘z joniga qasd qildi. Afsuski, bizning yurtimizda ham mazkur o‘yin domiga tushib o‘z joniga qasd qilganlar yo‘q emas.

2.    Ma'rifatsizlik. Inson zotining eng katta muammosi johillikdir. Chunki dindor ma'rifatsiz bo‘lsa uning dindorligi foyda bermaydi. Zotan, o‘zining dini to‘g‘risida savodsiz bo‘lishi, uning nodon ekaniga kifoya qiladi. Nodon esa har qanday jinoyatni qilishdan xijolat bo‘lmaydi. Negaki, u jinoyat qilishiga uning nodonligi kifoyadir. Shuning uchun ham farzandni bolaligidanoq nafaqat dunyoviy, balki diniy ilmlarning ham bilimdoni qilib tarbiyalash kerak. Chunki Robbisini tanigan banda osiylik qilmaydi. Buning uchun esa bandalarning qalbiga Allohning muhabbati jo bo‘lishining harakatini qilish kerak. Mazkur tuyg‘uni, muhabbatni esa ruhiy tarbiyani yaxshi yo‘lga qo‘yish bilangina hosil qilish mumkin. 

Shuning uchun ham odob-axloqqa oid ma'lumotlarni ko‘proq tarqatish, yoshlar ongiga singdirish kerak. Eng asosiysi, mazkur vazifani o‘z ishining ustasi bo‘lmish haqiqiy mutaxassislarga topshirish kerak. Toki gapi bilan qiladigan ishi bir xil bo‘lsin, tirik namuna bo‘la olsin. Aks holda kutilgan natijaga erishish emas, balki mutlaqo teskari natija berishi mumkin. Hozirgi yoshlar anoyi emas, ular tezda haqiqiy murabbiy, muallim va ustozni soxtasidan ajrata biladilar. Shuning uchun ham eski uslublar, siyqasi chiqib ketgan qo‘llanma-yu, kechagina “Xudo yo‘q, din – afyundir” deb, bugun esa o‘zini odobli va ilmli qilib ko‘rsatishga urinayotgan soxtakorlardan qutulish kerak. Shu choqqacha yoshlar aldab kelindi, natijada ular hech kimga ishonmay qo‘ydi. Hali ham kech emas, vaqt borida yangicha o‘ylash va yangicha ishlashga o‘tish kerak.

3.    To‘qchilik. Shohona hayot, to‘kin-sochinlik – Alloh taoloning buyuk ne'matlari. Lekin mazkur narsalarning ne'mat ekanini his qilish va uning qadrini bilish alohida bir ilmdir. Mazkur ilmni balandparvoz gaplar, ertagu dostonlar aytish bilan hosil qilinmaydi. Balki har bir ilmning boshi va asl manbai Qur'oni karim va sunnati Nabaviy ekanini unutmasligimiz kerak.

Alloh taolo: “Sizlarning mol-mulklaringiz va farzandlaringiz faqat bir sinovdir. Ulug‘ mukofot esa Allohning huzuridadir”, deydi.
Ushbu oyati karimada mol-mulk va farzandlarga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishimiz aniq ko‘rsatib berilgan. Demak, ularning barchasi bizga sinov uchun berilgan ekan. Asl va ulug‘ mukofot esa Allohning huzuridadir. Mazkur haqiqatni bilgan inson molu dunyo uchun jonidan voz kechmaydi. Aksincha, molu dunyo va boshqa narsalar insonning hayotini saqlash uchun beminnat xizmat qiluvchi vositalar ekanini biladi. Qolaversa, dunyoning barcha matohlari inson qo‘lidagi bir omonat. Shunday ekan, omonat qachondir o‘z egasiga qaytadi. Ana shunday paytda ayriliqqa chiday olmasdan o‘z joniga qasd qilayotganlar Alloh taolo bergan omonatga xiyonat qilgan bo‘ladi.

Jundub ibn Sufyon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollalohu alayhi vasallam aytadilar: “Sizlardan oldingi ummatdan bo‘lgan bir kishining badaniga toshma toshgan edi. Toshma unga ozor beravergach kamon o‘qini qinidan olib, yarani tirnay boshladi. Undan chiqqan qon to‘xtamay oqibatda u kishi o‘ldi. Shunda Alloh taolo: “Bandam shoshib o‘zini o‘ldirdi. Shuning uchun jannatni unga harom qildim”, dedi (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, mol achchig‘i jon achchig‘i deb, arzimas mol-dunyo uchun o‘z joniga qasd qilganlar bilib qo‘ysinlarki buning oqibati o‘ta ayanchli ekan. Zotan, bunday insonga jannatning harom qilinishi uning mutloq badbaxt ekaniga kifoya qiladi.

4.    Yo‘qchilik. Anas ibni Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Faqirlik, kufrga yaqindir”, dedilar”.
Ayniy “Umdatul qori” da “Buning sababi – kambag‘allik o‘z sohibini dindorlarga va muruvvatli insonlarga loyiq bo‘lmagan ishlarga olib boradi, natijada harom ishlarni qiladi, goho kufr so‘zlarni ham gapirib yuborishi mumkin”, degan.

Imom G‘azzoliy: “Kufrga tushishga yaqin inson faqirdir. Chunki faqirlik o‘z egasini boylarga nisbatan hasad qilishga olib boradi, hasad esa barcha yaxshiliklarni yeb bitiradi”, degan. Demak, faqir inson o‘ta taqvoli, ilmli bo‘lmasa yo‘qchilikka chiday olmasdan taqdirga ham qarshi chiqishi va Allohning taqsimotiga ham e'tiroz bildirishi mumkin ekan. Bu esa kufrdir. Shuning uchun ham Nabiy salallohu alayhi vasallam “Allohim Seni noming ila kufrdan va faqirlikdan panoh tilayman” (Abu Dovud va Ahmad rivoyati), deb duo qilgan bo‘lsalar ajab emas. 

Lekin faqirlik har doim ham yomonlikka olib boravermaydi. Zotan, ko‘pgina payg‘ambarlar va ulug‘ zotlar faqirona hayotni tanlagan va bundan hech afsuslanmagan. Balki faqirlikni ijobiy tomonlari bor ekanini bayon etganlar. Yo‘qchilik dinsiz, ilmsiz, ma'rifatsiz va taqvosi yo‘q inson uchun haqiqiy musibat va eng katta kulfat bo‘ladi. Shuning uchun ham ana shunday nodonlar mazkur qiyinchiliklardan qutulish yo‘lini axtaradi va o‘zlaricha joniga qasd qilishni eng oson chora deb biladi. Haqiqiy mo‘min esa har qanday holatda ham yolg‘izgina Allohga suyanadi, unga tavakkul qiladi va albatta qiyinchilikdan chiqishni biror yo‘lini topadi. Chunki dinimizda bunday ko‘rsatmalar juda ham ko‘p.

5.    Shahvoniy, nafsoniy sevgi. Bunday muhabbatga giriftor bo‘lganlar hech narsadan qaytmaydi. Nima qilib qilib bo‘lsa ham o‘z sevgilisi visoliga yetsa bo‘ldi. Hattoki, oq sut berib boqqan volidasi, yelkasiga mindirib ot bo‘lib kishnagan otasi, bir qorindan talashib tushgan aka-ukayu opa-singillari ham ko‘ziga ko‘rinmaydi. Har qancha pandu nasihat qilinsa ham qulog‘iga kirmaydi, chunki Payg‘ambarimiz salallohu alayhi vasallam: “Bir narsani yaxshi ko‘rmog‘ing, ko‘zingni ko‘r, qulog‘ingni kar qiladi”, deganlar.

Hofiz Zayniddin al-Iroqiy: “Mahbubini ayblarini ko‘rmaydi yoki mahbubidan boshqa hech narsani ko‘rmaydi”, deganlar. Ba'zi ulamolar mazkur hadisni havo va nafsga ergashishning yomonligi bobida keltiradilar. Demak, kim havo va nafsga ergashsa hech kimning nasihatini olmaydi va mahbubining ayblarini ham ko‘rmaydi. Agar maqsadiga erisha olmasa, alaloqibat o‘z joniga qasd qiladi.

6.    O‘limni muammolar yechimi sifatida ko‘rish. Inson borki tashvish bor. Tashvishning katta-kichikligi aslida kishining imon va e'tiqodiga qarab bo‘ladi. Bu haqiqatni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hazrati Ali roziyallohu anhuga aytgan gaplarida ko‘rishimiz mumkin: «Kimki, Alloh va Uning Rasuliga muhabbat qo‘yadigan bo‘lsa, endi tayyorgarligini ko‘raversin. Unga shunday muhtojliklar yetadiki, xuddi sel yoqqanida yuzi qanday ho‘l bo‘lib ketsa, shunday kambag‘alliklar yetadi. Kimki, Alloh va Uning Rasuliga muhabbat qo‘yadigan bo‘lsa, tayyorgarligini ko‘raversin. Unga shunday balolar keladiki, o‘sha balolarga u qalqon bo‘lib turib berishiga to‘g‘ri keladi». 

Lekin imoni zaiflar uchun biror sinov kelsa ham osmonu falakni boshiga ko‘tarib ayyuhannos soladi, dod-faryod qiladi. O‘sha muammodan qutulishni har qanday yo‘lini qiladi. Mabodo o‘zi ko‘zlaganidek natijaga erisha olmasa o‘z joniga qasd qiladi. Eng achinarlisi, o‘z joniga qasd qilishni barcha tashvishlardan qutilishning yagona yo‘li deb bilishidadir. Vaholanki, bu uslub yechim emas, balki eng buyuk azob-uqubatning boshlanishidir. Aslida esa barcha muammolarning yechimi quyidagi oyati karimada o‘z ifodasini topgan: Kimki Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur.

7.    O‘limning haqiqati, qabr azobi, oxirat, qayta tirilish, qiyomat va do‘zaxdagi azob-uqubatlardan bexabarlik. O‘lim – o‘z nomi ila o‘lim. Uning haqiqatini bilamizmi? Unga tayyormizmi? Undan keyingi hayot va uning qanday ekani to‘g‘risida biror ma'lumotga egamizmi? Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Lazzatlarni parchalovchi o‘limni ko‘p yodga olinglar”, deganlar. Boshqa bir hadisi sharifda esa: “Qabrlarni ziyorat qilinglar! Chunki u sizlarga oxiratni eslatadi”, deganlar.

Hazrati Usmon roziyallohu anhuning huzurida qabr azobi to‘g‘risida gapirilsa duv-duv yig‘lar ekanlar. U kishidan nima uchun qiyomat yoki jahannam azobi haqida gapirilganda yig‘lamaysiz-u, aynan qabr azobi to‘g‘risida gapirilganda yig‘laysiz? deb so‘ralganda shunday javob bergan ekanlar: “Chunki qiyomatda va jahannamda ham yon atrofda odamlar bo‘ladi. Lekin qabrda esa bir o‘zi qoladi. Ana shunday yolg‘izlikdan qo‘rqaman”,

Hazrati Umar roziyallohu anhu: “O‘lim paytidagi azob go‘yoki bir serbutoq bo‘lgan shox shabbani insonning og‘zidan tiqib orqasidan sug‘urib olgandagidek bo‘ladi”, deganlar. Yana ba'zilar “go‘yoki tirik hayvonni terisini shilib olishdagidek azob bo‘ladi”, degan ekanlar. 

O‘lim to‘g‘risidagi ma'lumotlarni yaxshilab o‘rgangan kishi hech qachon uni yengil sanamaydi. Shuning uchun ham nafaqat o‘zini o‘ldirish, birovni ham o‘ldirishga jur'at qilmaydi. Chunki mazkur gunohni sodir etganlarga nisbatan bundan-da ayanchliroq, alamliroq azoblar borligi quyidagi oyati karimada keltirilgan: “Kimda-kim qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh g‘azab qilgay, la'natlagay va unga ulkan azobni tayyorlab qo‘ygay”.

Aqoidga ko‘ra, gunohi kabira qilgan mo‘min kofir bo‘lmaydi. Lekin taqiqlangan gunoh ishni halol deb e'tiqod qilsa yoki farzlardan birini inkor etsa kofir bo‘lib qoladi. Oyatda nohaq qatl qilishni halol degan e'tiqodda qotillik qilgan kishi to‘g‘risidagi hukm bayon etilmoqda. Ba'zilar o‘zicha “demak mo‘minni o‘ldirish shunchalik katta gunoh ekan boshqalarni emas”, deb o‘ylashlari mumkin. Bu fikr qanchalik noto‘g‘ri ekanligini esa quyida o‘rganib chiqamiz.

Hadisi sharifda: “Qiyomat kuni birinchi savol nohaq to‘kilgan qon to‘g‘risida bo‘lur”. Bu yerdagi qon to‘kish umumiydir. Quyida esa aynan g‘ayridinning qonini to‘kish to‘g‘risidagi ma'lumot keltirilgan.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim ahdnomasi bor (g‘ayridin) bir kishini o‘ldirsa, jannatning hidini ham hidlamaydi. Albatta uning hidi, qirq yillik masofadan sezilib turadi”, dedilar” (Buxoriy, Termiziy rivoyati).

Yuqoridagi ma'lumotlar boshqaning qonini to‘kish haqida kelgan ma'lumotlar edi. Quyida esa kishi o‘z joniga qasd qilishi qanchalik katta gunoh ekanligi to‘g‘risidagi ma'lumot bilan tanishamiz.

Alloh taolo Qur'oni karimda: “Shuningdek, o‘zlaringizni (bir-biringizni nohaq) o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir”, deydi.

Ushbu oyati karimadagi “O‘z joningizga o‘zingiz qasd qilmangiz”, deyishdan murod, hayot qiyinchiliklariga bardosh berolmay yoki biror narsaning alamiga chidayolmay kishi o‘zini-o‘zi o‘ldirmasligi taqiqlanmoqda.

Payg‘ambarimiz alayhissalomdan vorid bo‘lgan hadislarda o‘z joniga qasd qilishning ayanchli oqibatlari aniq bayon etiladi. Sobit ibn Zahhokdan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kim bu dunyoda o‘zini biror narsa bilan o‘ldirsa, qiyomatda ham unga o‘sha narsa bilan azob beriladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

O‘z joniga qasd qilishning og‘ir gunoh ekani, unga tayinlangan jazodan ham ma'lumdir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar:“Kim zahar ichib o‘zini o‘ldirsa qiyomat kunida o‘sha zahari qo‘lida, uni ichgan holda jahannam olovida abadiy qoladi. Kim o‘zini temir parchasi bilan o‘ldirsa, o‘sha temir parchasini qorniga suqqan holida jahannam o‘tida abadiy qoladi. Kim tog‘ tepasidan tashlab, o‘zini-o‘zi o‘ldirsa, jahannamda ham shu xil azobga giriftor bo‘ladi. O‘zini biror narsaga urib o‘ldirgan kimsa, do‘zaxga o‘zini urib azoblaydi. O‘zini o‘zi bo‘g‘ib o‘ldirgan kimsa, jahannamda ham o‘zini bo‘g‘ib azoblaydi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

8.    Ruhiy xastalik. Ruhiy xastalik sababli o‘z joniga qasd qilganlar yuqorida o‘tgan azob-uqubatlardan mustasno. Zero, aql-hushi joyida bo‘lganlargina mukallaf hisoblanadilar. Afsuski, hali jamiyatimizda ayollar, yoshlar ichida arzimagan sabablar bilan o‘z joniga qasd qilish holatlari uchrab turibdi. Asosiy muammolarimizdan biri ruhiy tushkunlikka berilayotgan insonlarga yaqinlari o‘z vaqtida e'tibor bermasligi, beparvolik, uni qiynayotgan, javobini topa olmayotgan masala yechimini hal qilinmasligidir. Shuning uchun, barchamiz bir-birimizga nisbatan mas'ul ekanimizni unutmaylik. O‘zaro e'tiborli, mehr-oqibatli bo‘laylik. Xususan, ruhiy tushkunlikka tushgan, ruhiy xastalikka duchor bo‘lganlarni hech qachon yolg‘iz qoldirmaslikka harakat qilishimiz kerak. Aks holda, vaqtdan unumli foydalanishga harakat qiladigan shayton o‘z maqsadiga erishadi, Alloh saqlasin.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi
Masjidlar bo‘limi xodimi 

Ishoqjon Begmatov

Mavzuga oid