2017 yilning eng ajoyib kashfiyotlari
Yaqindagina bularning bari fantastika yozuvchilarning uydirmasidek tuyulardi.
2017 yil kashfiyotlar yili bo‘ldi: NASA ko‘p martali raketalarni qo‘llashni boshladi, inson qon tanachalari yordamida saratonni davolash usuli ixtiro qilindi, olimlar Yerning yo‘qolgan sakkizinchi qit'asini aniqlashdi. BusinessInsider yilning eng ajoyib va istiqbolli kashfiyotlariga doir ma'lumotlar bilan bo‘lishdi.
32 olimdan iborat xalqaro guruh Tinch okeanining janubiy qismida yangi qit'ani aniqladi
Zelandiya suv osti qit'asi Yangi Zelandiya va Yangi Kaledoniya o‘rtasida joylashgan.
U har doim ham suv ostida bo‘lmagan — tadqiqotchilar qachonlardir u yerda mavjud bo‘lgan o‘simlik va hayvonlar qoldiqlarini aniqlashgan. Ba'zilar uni umumqabul qilingan yetti qit'a bilan teng alohida qit'a deb hisoblash mumkin, deb hisoblashadi.
Olimlar hayotning sun'iy shaklini yaratishga yaqinlashishdi
Tirik mavjudotlarning DNKsi ikki aminokislotali juftlardan tashkil topgan: A-T (adenin-timin) va G-C (guanin-tsitozin). Bu to‘rt aminokislota dunyodagi butun genetik ma'lumot asosini tashkil qiladi.
Olimlar ikki yangi komponent, aminokislotalarning notabiiy jufti X-Y'ni sintezlashdi. Ular noyabr oyida qanday qilib sun'iy komponentlar DNK bakteriyalariga tabiiylari bilan birga joylashtirilishini namoyish qilishdi.
Kaliforniyadagi Skripps tadqiqot instituti olimlar guruhini boshqaruvchi Floyd Romesburg yangi kashfiyot kasalliklarni davolash usullarini yaxshilash imkonini berishini ta'kidlamoqda. Hozirda uning jamoasi mazkur kashfiyot saraton va autoimmun kasalliklarini davolashda qanday foyda keltirishi mumkinligini aniqlamoqda.
Olimlar kosmosda oltin va platina hosil bo‘lishining guvohi bo‘lishdi
Ikki neytron yulduzlarning Yerdan 130 million yorug‘lik yili masofasida to‘qnashuvi natijasida kosmosga 100 oktillion (29 ta nollik birlik) dollarlik oltin sochilgan. Shuningdek platina va kumush ham misli ko‘rilmagan hajmda sintezlashgan.
Bu astronomlar ikki neytron yulduz to‘qnashuvini "jonli" kuzatgan birinchi holat bo‘ldi. Ular Yerdagi maxsus detektorlar tomonidan qayd qilindi. Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, bunday hodisalar kamdan-kam holatlarda ro‘y beradi - taxminan 100 ming yilda bir marta.
Olimlar Xeops piramidasi ichida maxfiy xona borligini aniqlashdi
Myuon skanerlashning inqilobiy usuli yordamida tadqiqotchilar Xeops piramidasi ichida 30 metrli bo‘shliq borligini aniqlashdi. Myuonlar eng yangi, birlashuvchi neytron yulduzlar, qora tuynuklar va boshqa kosmik obektlarning yuqori energiya nurlari Yerga yetib, havo molekulalari bilan o‘zaro ta'sirga kirishadi.
Olimlar millionlab tonna toshlar orasidan piramida tubini kuzatish uchun maxsus detektorlardan foydalanishdi. Ular piramidada ichkari xona borligiga 99,99 foiz ishonch bildirishmoqda, biroq uning qanday xona ekani va nima uchun xizmat qilgani borasida aniq tasavvurga ega emaslar.
Bemorlar o‘z qon hujayralari yordamida saraton bilan kurashishni o‘rganishdi
Avgust oyida AQSh Sanitariya nazorat boshqarmasi Novartis tomonidan ishlab chiqarilgan Kymriah preparatini tasdiqladi. U organizmning immun tizimini bolalardagi o‘tkir limfoblast leykozga qarshi kurashishda qo‘llaydi. Biroq davolash juda qimmatga tushadi — bir bemor uchun 475 ming dollar.
Oktyabrda yana bir CAR-T preparat Yescarta kattalardagi tajovuzkor limfomani davolash uchun tasdiqladi.
Olimlar sayyoramizning muz qoplami holatining ayanchli ahvolda ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilishdi
Iyulda Antarktikada 1 trillion tonnadan ortiq og‘irlik va 100 kilometrdan ziyod o‘lchamlarga ega muz bo‘lagi Larsen C muzligidan ajralib, shimol tomon siljiy boshladi. Bu kuzatuvlar tarixidagi kattaligi bo‘yicha uchinchi aysberg.
Olimlar shuningdek shimoldagi muz tundrasining holatidan tashvishdalar: dekabrda AQSh Milliy okean va atmosfera tadqiqotlari boshqarmasi (NOAA) "Arktika endi bir necha o‘n yillar avvalgidek muzlamayotgani"ni ma'lum qildi.
NASA yashash uchun yaroqli yetti salohiyatli sayyorani aniqladi
Kashf qilingan sayyoralar TRAPPIST-1 yulduzi atrofida aylanadi. Ulardan oltitasi xuddi yerdagidek toshli yuzaga ega. Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, ekzosayyoralar tadqiq qilish mumkin bo‘lgan zonalarda joylashgan. Ularda haddan tashqari sovuq ham, issiq ham emas - harorat insonlar yashashi uchun to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, ular Yerga yaqin joylashgan - atigi 40 yorug‘lik yili. NASA mutxassislari o‘z topilmalaridan xursand bo‘lib ketishdi, zero ekzosayyoralar ancha yaqin bo‘lib, kelgusida ularni o‘rganish katta qiyinchilik tug‘dirmaydi.
13 yil davomida Saturn va uning yo‘ldoshlarini tadqiq qilgan kosmik apparat o‘z missiyasini yakunlab, sayyora atmosferasida yonib ketdi
15 sentabrda gaz giganti atmosferasiga halokatli sho‘ng‘ishni amalga oshirishdan avval kosmik zond Saturnning yangi rakurslardan noyob suratlarini yetkazib berdi.
Kosmosdagi 13 yillik muvaffaqiyatli faoliyatidan keyin Kassinining so‘nggi missiyasi Saturn oylaridan biri - Titanni suratga olishdan boshlandi. Shundan so‘ng Kassini tarixda birinchi marta sayyora atmosferasi va uning xalqalari orasidan uchib o‘tdi.
Intensiv terapiya bo‘limidagi chaqaloqlar skanerlovchi mashinaga ega bo‘ldi
Embrace neonatal MRT-tizimi yuqori darajali xavfsizligi tufayli birinchi marta palatalarga joylanish huquqiga ega bo‘ldi.
Skanerlashdan avval chaqaloqqa maxsus kiyim, boshiga esa shovqinga qarshi "dubulg‘a" kiydiriladi. Shundan so‘ng bular apparat ichiga joylanadi va shifokorlar ularning holati haqida ma'lumot to‘plashga muvaffaq bo‘lishadi.
Yangi skaner tashqi ko‘rinishidan harakatlantirish mumkin bo‘lgan MRT-tizimlarni yodga soladi. U to‘liq izolyatsiya qilingan, shunday ekan, kuchli magnitlar va nurlanishlarning kichik bemorlarga ta'siridan xavotirlanmasa ham bo‘ladi.
SpaceX ko‘p martalik raketa tezlatkichini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi
Odatda tezlatkichlar ko‘p bosqichli raketaning eng qimmat qismi hisoblanadi. Ular bir martalik foydalanishdan keyin an'anaga ko‘ra, okeanda bo‘ladi (yoki Yerga qulaydi).
Biroq SpaceX bosh direktori Ilon Mask ko‘p martalik Falcon 9 va Falcon Heavy tizimlarini ishlab chiqishni maqsad qildi. Ular har bir parvozda 18 million dollargacha mablag‘ni tejash imkonini beradi.
Muvaffaqiyatli sinov birinchi marta shu yilning 30 martida amalga oshirildi. Falcon 9 raketasi sun'iy yo‘ldoshni orbitaga olib chiqdi, keyin esa uning tezlatkichi atmosferaga qaytdi va Atlantik okeani platformasiga qo‘ndi.
2017 yilda SpaceX kamida 20 marta muvaffaqiyatli parvoz va qo‘nishni amalga oshirdi.
Xitoylik olimlar dunyodagi ilk kvant teleportatsiyani o‘tkazishdi
Star Trek muxlislari xursand: olimlar birinchi transportatorni (muayyan ma'noda) o‘ylab topishdi.
Xitoylik olimlar joriy yilda birinchi marta ko‘zgular va lazerlar yordamida fotonlarning ba'zi xususiyatlarini yerdan tashqi kosmosga teleportatsiya qilishning uddasidan chiqishdi. Mazkur tajriba kvant fizikasi uchun ulkan muvaffaqiyat bo‘ldi — olimlarning aytishicha, yangi texnologiya butun dunyo bo‘ylab energiya va ma'lumot ko‘chirish usullarini to‘liq o‘zgartirishi mumkin.
U tufayli EHM sohasida ulkan istiqbollar ochilmoqda — u mutlaqo yangi turdagi, aqlni shoshirib qo‘yuvchi kvant kompyuterlarining paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. O‘ta tezkor kvant internet yanada tezkor, xavfsiz va tashqi tahdidlardan butkul himoyalangan bo‘lardi.
Mavzuga oid
21:47 / 13.12.2024
Yapon olimlari insonlarda yangi tishlarni o‘stiruvchi dori vositasini sinovdan o‘tkazishni boshladi
14:42 / 05.12.2024
Ruhiy kasalliklar bosh miya hajmini kichraytiradi
22:32 / 02.12.2024
Olimlar dori vositalarini hayvonlarda sinashni to‘xtatishga xizmat qiladigan yangi usulni topdi
00:34 / 27.11.2024