O‘zbekiston | 22:30 / 26.12.2017
102206
5 daqiqa o‘qiladi

Sayxunobod hokimi jazodan qutulib qoldimi?

KUN.UZ tahririyati o‘quvchilariga O‘zbekiston va jahondagi yangiliklarni xolis va tezkor yetkazish borasida imkoniyati darajasida faoliyat yuritib keladi. Shu bilan birga, tahririyat davlat rahbarining mamlakatda shaffoflikni ta’minlash borasidagi chaqiriqlariga birinchilardan bo‘lib “labbay” deb javob qaytardi hamda respublikada mavjud muammolarni ochiq-oydin keng jamoatchilik e’tiboriga havola qila boshladi. 

Xususan, Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiyevning o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilgan holda maktab direktorlarini urgani, ularni haqorat qilgani haqida bong urdi hamda ushbu voqea bilan bog‘liq bir necha maqolalarini e’lon qildi.

Quyida voqealar rivoji bilan yana bir tanishib olishingiz mumkin. 

Shundan so‘ng, respublika Bosh prokuraturasi Sirdaryo viloyati prokuraturasi mazkur ish yuzasidan tekshiruv o‘tkazayotgani, uni o‘z nazoratiga olganini ma’lum qildi. Ammo, mamlakat qonunchiligida tergov-surishtiruv ishlari 3 oy davom etishi belgilangan bo‘lsa-da, bu ish yuzasidan 3,5 oy o‘tganiga qaramay yakuniy bayonot berilgani yo‘q. Aslida, yaqqol ko‘rinib turgan narsaga huquqiy baho berish shunchalik cho‘zilib ketganining o‘zi ajablanarli va kishini o‘yga toldiradi. 

KUN.UZ muxbirlari 19 dekabr kuni Sirdaryo viloyatiga uyushtirgan xizmat safarida Sayxunobod hokimi Nosirjon Egamberdiyev ishi yuzasidan izoh so‘rash maqsadida viloyat prokuraturasida bo‘ldi va viloyat prokurorining katta yordamchisi Sherzod Ortiqboyev bilan uchrashdi. 

Sh.Ortiqboyevning KUN.UZ muxbiriga ma’lum qilishicha, bugungi kunga kelib, viloyat prokuraturasi Egamberdiyev harakatlarini o‘rganib, uning natijalarini respublika prokuraturasiga taqdim qilgan. Yakuniy xulosani esa, respublika Bosh prokuraturasi berishi kerak. Muxbirning o‘rganishlar natijasini taqdim qilish bo‘yicha so‘roviga, Bosh prokuratura ruxsatisiz hujjatlar berilmasligi, buning uchun yuqori turuvchi idoradan ruxsat olish kerakligi, biron soatda javob olishi haqida ma’lum qilindi. 

Bir yarim soatlardan so‘ng, Bosh prokuratura ruxsat bergani, ammo xulosa “chiroyli qilib” tayyorlanib, muxbirning “telegram” sahifasiga yuborilishi bo‘yicha va’da berildi. 

Afsuski, bu va’da berilganiga 1 hafta bo‘ldi. Muxbir hamon Sirdaryo viloyat prokuraturasining Bosh prokuraturadan olingan ruxsat asosida taqdim etiluvchi javobini kutmoqda. Kim bilsin, yana qancha kutiladi? 

Aytaylik, maktab direktorlari balki hayiqishdandir, balki “hurmat”dandir, har holda da’vo ham qilishmagandir. Ammo mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash bosh vazifasi bo‘lgan, davlat va xalq ishonch bildirgan prokuratura organlari o‘z so‘zini aytishlari kerakmi-yo‘qmi?

Nima, jilla qursa, ikki enlik qog‘ozga, jinoyat yoki huquqbuzarlik alomati topildi yoxud topilmadi, deb yozib yuborish shunchalik qiyinmi? Balki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalq barcha narsadan xabardor bo‘lsin, ijro hokimiyati xalqqa hisobot bersin, adolat va yana bir marta adolat, xalq roziligini oliy mezon qilish borasidagi kuyib-yonishlarini biz OAV vakili noto‘g‘ri tushungandirmiz?! Har holda javobni kutmoqdamiz. 

Axir Egamberdiyev bilan bog‘liq holatdan keyin ovoza bo‘lgan Andijon shahar hokimi D.Rahmatullayev ma’muriy jazoga tortilib, qonun doirasida jarima to‘laydigan bo‘ldi-ku. 

Kishini bir narsa tashvishga soladi, agar shu yerda oddiy fuqaro maktab direktorlarini shu tarzda haqoratlab, urganida, da’vogarlar bo‘lmaganida ham huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘z xulosalarini berishardi va o‘sha oddiy fuqaro osonlikcha qutilishi dargumon edi. 

Tolib Rahmatov

Mavzuga oid