Jahon | 08:36 / 28.12.2017
9508
2 daqiqa o‘qiladi

Obama eng tahsinga sazovor kishilar ro‘yxatida Trampni ortda qoldirdi

Foto: Reuters

AQShning sobiq prezidenti Barak Obama amerikaliklar tomonidan 2017 yilning eng tahsinga sazovor erkagi deb topildi. Ayollar orasida bu nomga sobiq davlat kotibi  Hillari Klinton loyiq topildi. Bundan jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari darak bermoqda.

Obama bu nomga qatorasiga 10-marotaba loyiq deb topilmoqda. Biroq u 2016 yilga nisbatan 5 foiz qo‘llab-quvvatlovni yo‘qotgan, 2016 yilda unga 22 foiz odam ovoz bergandi, hozirda esa bu ko‘rsatkich 17 foizni tashkil qildi. 2-o‘rinni AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp 14 foiz ovoz bilan egallamoqda. 3-o‘rin Rim papasi Frantsiskga nasib qildi, unga 3 foiz ovoz berilgan.

Umuman olganda, bu borada erkaklar orasida rekordchi AQShning 34-prezidenti Duayt Eyzenxauer hisoblanadi, u 1946 yildan beri o‘tkazib kelinadigan bu ro‘yxatda 12 marta yetakchilik qilgan. 

Hillari Klinton bu ro‘yxatning ayollar qismida qatorasiga 16 yildan beri yetakchilik qilmoqda, unga 9 foiz ovoz berilgan. Umuman olganda Klinton bu borada ayollar orasida rekordchi hisoblanadi, u 22 marta ro‘yxatning eng yuqori pog‘onasini egallagan. Uning ortidan Mishel Obama 7 foiz ovoz bilan kelmoqda. Trampning rafiqasi Melanya Trampga 1 foiz ovoz berilgan.

Ushbu an'anaviy so‘rovnoma Gellap instituti tomondan 4-11 dekabr kunlari o‘tkazilgan, unda 1049 kishi ishtirok etgan.

Mavzuga oid