Jahon | 20:20 / 01.01.2018
23180
2 daqiqa o‘qiladi

Eron prezidenti namoyishlarning kelib chiqish sabablari haqida gapirdi

Foto: © RIA Novosti

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy ma'lum qildiki, boshlanib ketgan namoyishlar to‘lqini  mamlakatdagi ichki muammolar ifodasidir. U shuningdek, bu namoyishlar ortida bir qancha boshqa davlatlar turganini ham tusmol qilgan. Bu haqda Mehr va Fars agentliklari xabarlarida aytiladi.

Ommaviy tartibsizliklar 28 dekabr kuni Eronning eng yirik shaharlaridan biri Mashhadda boshlangandi. O‘sha kuni 200 kishi tuxum narxi keskin ko‘tarilishidan norozilik bildirgandi. Politsiya namoyishga chiqqanlarning 52 nafarini hibs qildi. Bu esa mamlakatda norozilik to‘lqinini paydo qildi va keyingi kunlarda Risht, Sheroz, Isfahon, Kirmonshoh va Hamadon shaharlarida yirik namoyishlar boshlandi.

Oxirgi xabarlarga ko‘ra, namoyishlar vaqtida halok bo‘lganlar soni 12 nafarni tashkil qilmoqda.

«Ko‘chaga chiqqanlarning barchasi ham xorijiy davlatlar tomonidan boshqarilmayapti. Namoyishchilar orasida shaxsiy tuyg‘ulari va muammolari sababidan ko‘chaga chiqqanlar ham bor», deya Ruhoniyning so‘zlarini keltirgan Mehr agentligi.

U bu vaziyatdan «muammo sabablarini aniq o‘rganish»da foydalanish kerakligini qo‘shimcha qilgan.

Fars agentligi Ruhoniy shuningdek, ayrim davlatlar, xususan, Saudiya Arabistoni Eronda «tartibsizliklar keltirib chiqarishga uringani» haqida gapirgani haqida yozgan.

«Saudiyaliklar Tehronda muammolar bo‘lishini istashlari haqida ochiq gapirishgandi», degan prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Eronning dushmanlari uning muvaffaqiyatlari va taraqqiyotidan g‘azabga tushishgan».

Mavzuga oid