Erondagi «qora quti». Islom Respublikasi boshi berk ko‘chaga kirib qoldimi?
Eron bugungi kunda norozilik namoyishlari girdobida qoldi, ushbu aksiyalar so‘nggi o‘n yillikdagi eng keng ko‘lamlisiga aylandi, deb yozmoqda Der Spiegel. Biroq ular boshlanganidan hattoki bir hafta o‘tib ham ko‘p narsa tushunarsizligicha qolmoqda: namoyishchilar aslida nimani xohlashmoqda va norozilik aksiyalari yakunda rejimning o‘ziga qo‘l kelmaydimi?
"2017 yil Erondagi rejim uchun g‘alabali yakunlandi: Tehron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan jangarilar Livan, Suriya, Yaman va Iroqning bir qismini nazorat qilmoqda. Eron Islom Respublikasi azaliy raqibi Saudiya Arabistoni bilan mintaqaviy kurashdagi o‘z pozitsiyalarini ancha mustahkamladi", - deya yozadi maqola muallifi Kristof Sidov.
“2018 yil rejim uchun yanada mushkul kelishi kutilmoqda. Bu ko‘proq ichki siyosiy vaziyat bilan bog‘liqdir”, - deya ta'kidlaydi jurnalist. U mamlakat deyarli bir hafta davomida norozilik namoyishlari girdobida qolganiga ishora qilmoqda. “Ular prezident Hasan Ruhoniyga xuddi kutilmagan qor kabi bo‘ldi”, - deydi Sidov.
“O‘z kuchiga haddan tashqari ishonayotgan rejim uchun bu namoyishlar 2009 yildan keyingi eng katta aksiyalarga aylanib, zarba bo‘lib tushdi. O‘shanda, - deya eslatadi jurnalist, - millionlab eronliklar prezidentlik saylovlari davomida Mahmud Ahmadinajod foydasiga soxtalashtirishlar yuz berganiga qarshi norozilik bildirgandi”.
Hatto bir haftadan keyin ham namoyishlarda qancha eronliklar ishtirok etayotgani noma'lum bo‘lib qolmoqda. 2009 yilgi voqealardan farqli o‘laroq, bu aksiyalar Tehron bilan cheklanmadi. “2009 yilda, - deya davom etadi jurnalist, - asosan o‘rta va yuqori ijtimoiy qatlamlar vakillari o‘z noroziligini bildirgandi, bugungi kunda esa asosan mamlakatdagi kambag‘al fuqarolar ko‘chalarga chiqdi. Bundan hodisalarga guvoh bo‘lganlar dalolat bermoqda. Rejim norozilik namoyishlarni yoritishni ancha cheklab qo‘ydi, internetga kirishni blokladi va aksiyalarni suratga olishni taqiqladi”.
Ro‘y berayotgan hodisalarni aniq tasavvur qilish qiyin, deya ta'kidlaydi muallif. Internetdagi videoroliklarga qarab baho beriladigan bo‘lsa, eronliklar mamlakatda o‘sib borayotgan ijtimoiy tengsizlikka qarshi kurashishmoqda.
Bundan tashqari, namoyishchilar “rejim Suriyadagi urushga va Livanning “Hizbulloh” tashkilotini moliyalashtirishga millionlab mablag‘larni berayotganidan norozi”, deyiladi maqolada.
Norozilik aksiyalaridan olingan foto va videoda ularda ayollar ham ishtirok etayotganini ko‘rish mumkin. Ular, xususan, bosh qismini yopib yurish zarurligiga qarshi norozilik bildirishmoqda.
Maqola muallifiga ko‘ra, aksiyalarda tilga olinayotgan “Diktatorga o‘lim” va “Biz Islom Respublikasini istamaymiz” kabi shiorlar qanchalik keng tarqalganini tushunish biroz mushkuldir. “Bir narsa aniq: Islom inqilobidan 40 yil o‘tgach, siyosiy tizim aholining keng qatlamiga foyda berishi mumkin bo‘lgan siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga qodir ekanini isbotlay olmadi”.
Rejim asabiylashayotgani aniq, deya xulosa qiladi nashr. “Huquq-tartibot idoralari namoyishchilarga qarshi kuch ishlatmoqda. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, bir haftada aksiyalarning taxminan 21 nafar ishtirokchisi halok bo‘ldi”, - deya xabar beradi muallif.
Agar 2009 yilda norozilik namoyishlari Tehronda boshlanib, ushbu shaharda xorijiy jurnalistlar borligida, ya'ni jahon jamoatchiligi nigohi ostida o‘tkazilgan bo‘lsa, bugungi aksiyalar asosan viloyatlar markazlarini qamrab oldi hamda rejimga ancha qattiqroq harakat qilishga yo‘l bermoqda.
Bundan tashqari, muallifning ko‘rsatishicha,”norozilik aksiyalari ishtirokchilari o‘zlarini 2009 yildagidan farqli ravishda ancha tajovuzkor tutmoqda. Ko‘plab shaharlarda ular politsiya uchastkalari, o‘t o‘chirish stansiyalari va banklarga hujum qilishdi. Bu esa aksiyalarda bu safar yo‘qotadigan hech narsasi yo‘q bo‘lganlar qatnashayotganidan darak beradi”.
Tehrondagi rejim norozilik namoyishlarni uyushtirishda tashqi kuchlarni ayblamoqda. Bunga isbotlar yo‘q, ammo “AQSh prezidenti Donald Tramp Erondagi rejimni o‘zgartirish istagi borligini hech qachon yashirmagan. Masalan, 2017 yilda Oq uy ma'muriyati Eron bo‘yicha tezkor bo‘limga Maykl D'Andrea ismli shaxsni rahbar sifatida tayinladi, uning laqabi esa Oyatulloh Maykdir”. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, u Eronda Amerika maxsus xizmatlari ta'sirining kengayishi bilan shug‘ullanishi kerak edi. “Bundan oldin u Markaziy razvedka boshqarmasining terrorizmga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan va bin Lodinga uyushtirilgan ovni hamda “Al-Qoida”ga qarshi dronlar urushini muvofiqlashtirgan”, - deya xabar beradi Der Spiegel.
Biroq, muallifning ta'kidlashicha, “Tehronda rejimning tezlik bilan o‘zgarishi ehtimoli ancha shubhali. Namoyishchilarning manfaatlari turlicha, mamlakatdagi elita hamon katta ta'sirga ega bo‘lib qolmoqda, Iroq va Suriyadagi jangovar harakatlarda ishtirok etish tajribasiga ega bo‘lgan huquqni muhofaza qilish organlari juda yaxshi qurollangan".
Kelgusida namoyishlar hatto prezident Ruhoniyga ham foyda berishi mumkin, deya hisoblaydi Eron bo‘yicha ekspert Soren Faika. “Namoyishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Eronga islohotlar va liberallashuv zarur. Ruhoniy aynan shuning tarafdoridir. Prezident tartibsizliklar yordamida siyosiy kapitalni qo‘lga kiritishi mumkin: ular shu paytga qadar Ruhoniy tomonidan taklif etilgan liberallashuv kursiga qarshi bo‘lgan konservativ kuchlarning pozitsiyasiga ziyon yetkazmoqda”, - deya ekspertlarning so‘zlarini keltiradi Sidov xulosa o‘rnida.
Mavzuga oid
16:58 / 25.12.2024
Eronda WhatsApp va Google Play blokdan chiqariladi
20:58 / 24.12.2024
Bloomberg: Rossiyaga Eron qurollarining chorak qismini biznesmen Husayn Shamhaniy yetkazib bermoqda
19:06 / 22.12.2024
Asadning qulashi - Eron tashqi siyosatidagi muvaffaqiyatsizlik
14:52 / 20.12.2024