O‘zbekiston | 10:50 / 14.01.2018
32782
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi «kichik haj» iborasiga munosabat bildirdi

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi 2018 yilgi Davlat dasturi loyihasi 102-bandiga tuzatish kiritish bo‘yicha o‘z taklifini bildirdi. Musulmonlar idorasi sharhida shunday deyiladi:

“2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasining 102-bandida: “Mamlakatimizdagi moddiy madaniy meros obektlarida va ular atrofidagi obektlarda tegishli infratuzilmani shakllantirish, amalga oshiriladigan diniy marosimlar uchun tegishli sharoitlarni yaratish orqali ziyorat turizmini sohaning istiqbolli yo‘nalishi sifatida, shu jumladan, musulmon davlatlari uchun “Kichik haj” ziyorat tizimini rivojlantirish”, kabi vazifalar belgilangan. 

Ushbu bandda keltirilgan “Kichik haj” atamasi ziyorat turizmiga nisbatan qo‘llanishi Islom dini nuqtai nazaridan xato hisoblanadi. Ma'lumki, muborak haj amali bu Islom dinimizning beshinchi arkoni bo‘lib, belgilangan muddatlarda Makkai mukarramadagi Ka'bai muazzamani ziyorat qilib, Arafot, Mino, Muzdalifa vodiylarida ma'lum amallarni bajarish bilan ado etiladigan ulug‘ ibodatdir. Haj kunlaridan boshqa vaqtda Baytullohning ziyorati uchun borishni Umra ibodati, deb nomlanadi. 

Haj – muayyan shartlari topilgan kishiga farz bo‘ladi. Umra esa bizning mazhabimizda sunnat amaldir. Shunga qiyosan Umra amali Hajga nisbatan “kichik haj” deb nomlanishi odat tusini olgan. Lekin bulardan boshqa mo‘'tabar maskanlar, ulug‘ avliyolarning qadamjolari, osori atiqalarni ziyorat qilishni “Kichik haj” deb nomlanishi shar'an nodurustdir. Qolaversa, bunday iboraning qo‘llanishi boshqa Islom diniga e'tiqod qiluvchi davlatlarda ham qator tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishi ehtimoldan xoli emas. Shuning uchun bunday ishlarni ziyorat turizmi deb nomlanishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. 

Shu nuqtai nazardan dastur loyihasidagi 102-bandni quyidagi qisqartirilgan tahrirda ifodalash taklifi taqdim etiladi:

“Mamlakatimizdagi moddiy madaniy meros obektlarida va ular atrofidagi obektlarda tegishli infratuzilmani shakllantirish, amalga oshiriladigan diniy marosimlar uchun tegishli sharoitlarni yaratish orqali ziyorat turizmini rivojlantirish”. Alloh taolo olib borayotgan xayrli ishlaringizda madadkor bo‘lsin. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi”, - deyiladi izohda.  

Davlat dasturi loyihasining 102-bandiga boshqa fuqarolar ham o‘z fikrlarini qoldirishgan. Xususan unda: 

"Kichik haj" nima degani? Bu iborani qo‘llash noto‘g‘ri ekanini diniy ulamolar nahotki, tushunishmayotgan yoki taklif bildirishmayotgan bo‘lsa? Kichik haj noto‘g‘ri ibora. Buning o‘rniga shunchaki ziyorat yoki Islom diniga urg‘u berish istalayotgan bo‘lsa, halol turizm, islomiy turizm kabi iboralarni qo‘llash kerak, menimcha”.

“Islom dinida haj amali faqat Makka shahriga, Ka'batullohga qilinadi. Boshqa hech bir joyga haj qilinmaydi. Agar O‘zbekistonga "Kichik haj" uchun kelinglar deyilsa, bu boshqa musulmon davlatlarida noto‘g‘ri tushunchani uyg‘otishi, salbiy qabul qilinishi mumkin. Shuning uchun ham bu nomni o‘zgartirish kerak. Uning o‘rniga "Islomiy ziyorat" yoki shunga o‘xshash boshqa nomni tanlash kerak. "O‘zbekistonga kichik haj qilish" iborasini qo‘llash esa "6 vaqt namoz o‘qish", "2 oy ro‘za tutish" degan iboralarni ishlatish bilan barobar. Bu musulmon olamida qabul qilinmaydigan narsa. Diniy idora rahbariyati bunga o‘z munosabatini bildirishi kerak. Buni vaqtida to‘g‘rilab, o‘zgartirish lozim. "Kichik haj" iborasini o‘zgartirish shart”.

“1) "Kichik haj" iborasini qo‘ullash mutlaqo xato! Uning o‘rniga "Islomiy ziyorat" iborasini qo‘llashni quvvatlayman! Chunki, "Kichik haj" deganda musulmonlar odatda Ka'batullohga boriladigan umra ziyoratini tushunishadi. 2) O‘zbekistonga qilinadigan islomiy ziyoratlar jumlasiga Xiva va Qoraqalpog‘istondagi ziyoratgohlarni ham kiritish kerak”, degan takliflar ham ilgari surilgan.

Mavzuga oid