O‘zbekiston | 16:00 / 18.01.2018
47828
3 daqiqa o‘qiladi

Xorazm va Angren shakar zavodlari noma'lum muddatgacha ish faoliyatini to‘xtatdi

Xorazm viloyati Hazorasp tumanida joylashgan «Xorazm shakar» AJ QK hamda Toshkent viloyatidagi «Angren shakar» QK ish faoliyatini noma'lum muddatgacha to‘xtatdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri axborot manbalari bildirgan ma'lumotga tayanib xabar berdi.

«So‘nggi paytda, shakarqamish xom-ashyosining yetishmasligi, valyuta liberallashuvi oqibatida shakar mahsulotini ishlab chiqarishda narxning keskin oshib ketishi kuzatilmoqda. Shu tufayli, hukumat shakar importini oshirishga majbur bo‘lgan», deb xabar beradi axborot manbasi.

2017 yil sentabr oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Rossiya Qishloq xo‘jaligi vaziri Aleksandr Tkachyov tegishli hujjatlarni imzolab, Rossiya shakarini O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha kelishuv yuzaga kelgani xabar berilgandi. Mutaxassislarning fikricha, yil so‘nggiga qadar O‘zbekiston yana 120-150 ming tonna shakar import qilishi zarur edi.

«Angren shakar». Foto: Yuriy Korsuntsev

Kun.uz axborot manbasining aytishicha, Rossiya tomoni shu kunlarda Toshkent viloyatidagi erkin iqtisodiy zonalardan birida yangi shakar ishlab chiqarish zavodini qurish istagini bildirmoqda. Ayni paytgacha mamlakat hududida 2ta shakar ishlab chiqarish zavodlari faoliyat yuritib kelayotgandi.

1998 yil ishga tushgan «Xorazm shakar» zavodi, dastlabki yillarda, kuniga 3000 tonnagacha shakar ko‘kasi (lavlagi) ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan. Ammo, respublikada shakar lavlagisi tanqisligi tufayli, zavod qisqa muddatga ish faoliyatini to‘xtatgan. 2001 yili esa AQSh-O‘zbekiston «Shakar investment» QK ko‘rinishida zavodga 2 million dollar miqdorida sarmoya kiritildi. Shuning bilan, «Xorazm shakar» AJ QK paydo bo‘lib, asosan shakarqamish xom-ashyosini qayta ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishni boshladi. Qayta jihozlashning birinchi bosqichida shakar zavodining quvvati olti oy davomida sutkasiga 700 tonnagacha yetkazildi. Bu ko‘rsatkich 2014 yilga kelib, 390 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Shuningdek, 2014 yilda Angren EIZda «Angren shakar» QK tashkil etilgan bo‘lib, zavodning umumiy qiymati 108,5 million AQSh dollariga teng, deb e'tirof etilgan. Angrendagi shakar zavod quvvati kuniga 1000 tonna shakar ishlab chiqarishga yetarli, bu raqam bo‘yicha «Xorazm shakar» AJ QKdan qolishmaydi.

Har ikkala kompaniyada ham Singapur, Avstriya ishbilarmonlarining sarmoyalari mavjud. Shuningdek, Panamaning Motril Investments ​kompaniyasi «Xorazm shakar» AJ QKda katta hissaga ega.

Mavzuga oid