Sport | 08:00 / 23.01.2018
12570
3 daqiqa o‘qiladi

Sanches bilan shartnomaning moliyaviy jihatlari ma'lum

Foto: Manchester Yunayted matbuot xizmati

«Manchester Yunayted»ning yangi futbolchisi Aleksis Sanchesning transferi bilan bog‘liq ma'lumotlar ma'lum bo‘ldi.

Sanches «Manchester Yunayted»ga Genrix Mxitaryan «Arsenal»ga yo‘l olishi evaziga keldi. Manchesterliklar Mxitaryanni 35 million funtga baholagan, «Arsenal» Sanches uchun aynan shuncha pul talab qilgandi.

Daily Mail ma'lumotiga ko‘ra, Sanches «MYu»da  haftasiga 450 ming funt oladi: 350 ming funt – oklad, yana 100 ming funt – imij huquqidan tijoriy maqsadlardan foydalanganlik uchun to‘lanadi [Sanchesning surati reklamalarda ketishi va boshqalar]. The Guardian nashri ham Sanchesning maoshi «haftasiga 500 ming funt atrofida bo‘lishi» haqida yozgan.

Shartnoma imzolashga rozi bo‘lgani uchun Sanchesga yana katta miqdordagi bonus to‘lanadi – 7,5 million funt. U 4 yillik shartnomaga taqsimlanadi, shu tufayli Aleksis yiliga qo‘shimcha 1,875 mln funt miqdoridagi bonusga ega bo‘ladi.
Shu tariqa, chililik futbolchi Premer Liganing eng ko‘p maosh oluvchi futbolchisiga aylangan.

Ayni vaqtda Angliya premer-ligasida eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilar to‘rtligiga yana quyidagi futbolchilar kiradi: Pol Pogba («MYu» - 290 ming funt), Romelu Lukaku («MYu» - 250 ming funt), Zlatan Ibrahimovich («MYu» - 220 ming funt).

 

Bundan tashqari, futbolchining agenti Fernando Felisevich bu kelishuvdan katta pul ishlab olgan. Daily Mail ma'lumotiga ko‘ra, u «Manchester Yunayted»dan 15 million funt komissiya xizmati oladi. Felisevich – argentinalik mutaxassis bo‘lib, u o‘z faoliyatini noldan boshlagan va reklama biznesiga kirib kelgan. Sanches uning ilk mijozlaridan biri hisoblanadi, ular 14 yildan buyon hamkorlik qilishmoqda.

Mavzuga oid