Sport | 02:50 / 23.01.2018
9676
2 daqiqa o‘qiladi

O‘tgan turda «Siti»ni ilojsiz qoldirgan «Liverpul» bu turda autsayderga yutqazdi

Foto: Premer liga

«Liverpul» Angliya chempionatining 24-turida «Suonsi»ga qarshi o‘ynadi. Suonsidagi «Liberti» stadionida kechgan uchrashuv maydon egalarining 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

Birinchi bo‘lim oxirida mezbonlar burchak to‘pi zarbasini amalga oshirganda Virjil van Deyk Federiko Fernandes bilan to‘p uchun kurashda yutqazdi va bo‘sh qolgan to‘p Alfi Mouson tomonidan darvozaga kiritildi. Bu gol o‘yinda yagonaligini saqlab qoldi va o‘tgan turda turnir jadvali peshqadami «Manchester Siti»ni yenggan Yurgen Klopp shogirdlari autsayderga yutqazdi.

Bu «Liverpul»ning oxirgi 3 oydagi ilk mag‘lubiyatiga aylandi. Mersisaydliklar oxirgi marta o‘tgan yilning 22 oktabrida «Tottenhem Hotspur»ga qarshi safar o‘yinida mag‘lub bo‘lgandi - 1:4.

«Liverpul» endilikda 47 ochko to‘plagan holda APL turnir jadvalida to‘rtinchi o‘rinda, «Suonsi» 20 ochkosi bilan — oxirgi pog‘onada joylashgan.

Angliya chempionati
24-tur

Suonsi – Liverpul 1:0 (1:0, 0:0)
Gol: 1:0 – 40 Mouson.
Suonsi – Fabianski, van der Xorn, Mouson, Olsson, Fernandes, Dayyer (Kerroll, 64), Fer, Ki Son Yen, Klukas, Noton, Ayyu (Boni, 79).
Liverpul – Karius, Matip, Robertson, Gomes, van Deyk, Salax, Djan, Firmino, Oksleyd-Chemberlen (Lallana, 68), Mane, Veynaldum (Ingz, 73).
Ogohlantirishlar: Robertson (44), Matip (45).

Mavzuga oid