O‘zbekiston | 15:15 / 29.01.2018
57676
5 daqiqa o‘qiladi

«Islom Karimov gul sovg‘a qilishni xush ko‘rar edilar»

Foto: Facebook/IslamKarimovFoundation

Islom Karimov fondining Facebook’dagi sahifasida O‘zbekiston Respublikasi birinchi prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova bilan suhbat e'lon qilindi. Unda Tatyana Karimova prezident hayotiga oid ba'zi jihatlarni keltirdi.

“Faqat yaqinlari ko‘ra olgan jihatlar xususida ham so‘zlab bersam. Islom Abdug‘aniyevich gul sovg‘a qilishni xush ko‘rar edilar. Oila qurganimizning dastlabki kezlarida ham, keyinchalik Prezident bo‘lganlaridan so‘ng ham bundan bir olam zavq olardilar. Bog‘-hovlida sayr qilib yurganimizda Islom Abdug‘aniyevich hamisha biror gullagan novda yoki chechak topib, menga tuhfa etar edilar. Bu xotiralarni qalbim to‘rida saqlayman... 

Dam olish kunlari tennis kortidagi mashg‘ulotlardan keyin sheriklar bilan bog‘-hovlida sayr qilib yurgan paytlarimiz ham bo‘lardi. Gohida Islom Abdug‘aniyevich sheriklari uyga borganda o‘z rafiqalariga sovg‘a qilishlari uchun xushbo‘y shumurtdan yoki o‘zlari sevgan rayhondan guldasta qilib berardilar. 

Hamisha odamlar ko‘ngliga yorug‘lik ulashishni istardilar. 

Islom Abdug‘aniyevich qo‘li ochiq inson edilar. Umuman, sovg‘a ulashishni yoqtirardilar. Uyimizda hamisha ko‘plab suvenirlar bo‘lar edi. Biznikiga mehmon kelib, kuzatayotganimizda qo‘llariga tushgan buyumni hadya qilib yuborardilar. Men olib qolishni istagan buyumni sovg‘a qilib yuborsalar, ranjigan paytlarim ham bo‘lgan. Islom Abdug‘aniyevich istaganlarini tuhfa etib yuborishlari mumkin edi. Muhimi – sovg‘a mehmonga yoqsa bas. Bundan esa bir olam mamnuniyat tuyardilar. 

Talabchan, ammo adolatli inson edilar. O‘zlariga ham, atrofdagilarga ham talabchan edilar. U kishining hayot tarzini, ta'bir joiz bo‘lsa, zohidona deb sifatlash mumkin. Taom tanovul qilishda qanoatli bo‘lib, aslo me'yordan oshmas edilar. Butun umr sportga oshno yashadilar. Hamisha yaxshi sport formasida bo‘lishga intilganlar. Yoshliklarida kurash bilan shug‘ullanganlar. Hayotlarining so‘nggi kunlariga qadar mashq zaliga borishni kanda qilmaganlar. Qolaversa, suzish va tennis bilan shug‘ullanganlar.

Odatda, yillik mehnat ta'tillari bir haftadan oshmasdi, shunda ham bu yil bo‘yi olinadigan ikki-uch kunlik qisqa tanaffuslar edi. 

Biz o‘sha kezlar toqqa, Toshkent yaqinidagi Qaynarsoy maskaniga chiqardik. U kishi mahalliy manzaralarni yaxshi ko‘rar, yurtimiz tabiati go‘zalligini benazir deb hisoblar edilar.

Shifokorlarga murojaat qilishni xush ko‘rmas edilar va u kishini biror tibbiy ko‘rikka borish uchun ko‘ndirishim oson bo‘lmas edi. Butun fikru xayollari ish bilan band bo‘lardi.

Islom Abdug‘aniyevich tabiatni yaxshi ko‘rar, borliqni tinglay olar, his qila bilar edilar. Bu zavqni o‘zlari his etib qolmay, yon-atrofidagilar ham undan bahra olishini istardilar. Hatto bunday his-tuyg‘ulardan yiroq odamlar ham vaqt o‘tishi bilan, qayerda bo‘lmasin, bog‘-hovlidami, tog‘dami – tabiatdagi o‘zgarishlarni kuzatish, undan hayrat tuyishni o‘rgandi. Ayniqsa, gullagan daraxtni ko‘rganida Islom Abdug‘aniyevichning kayfiyatlari ko‘tarilardi. U kishi uchun oppoq paxta kabi qiyg‘os gullaydigan gilos va olchadan chiroylisi yo‘q edi. Daraxtlar ko‘klamda ilk barg chiqarganini ko‘rganda xursand bo‘lib ketar, kuzda arg‘uvon tusga kirganida esa hayratga cho‘mar edilar. 

Bir gal biznikiga ikkita laylak qishlagani keldi, keyinroq ular soni yetmish-saksonga yetdi. Laylaklar nozikta'b emasmi, Islom Abdug‘aniyevich avvalo o‘zlari qushlarga ehtiyotkor munosabatda bo‘lar va boshqalardan ham shuni talab qilar edilar. Deylik, birov laylaklar yoniga borib ularni qo‘rqitsa, qattiq ranjir edilar. Axir, ular o‘ta sezgir va nafis mavjudotlar-da. Kechki qorong‘i osmonda oppoq laylaklarning parvozi hayratomuz manzara edi, albatta. 

Islom Abdug‘aniyevich uchun oppoq qushlar tinchlik, ezgulik, baxtu saodat va osoyishtalik timsoli edi. Nafaqat o‘zlari, balki butun mamlakat uchun laylaklar o‘ziga xos ramzga aylangani bejiz emas. Bu keyingi yillarda bunyod etilgan me'moriy obidalarda ham aks etgan. Mamlakatning bosh maydoni kiraverishidagi “Ezgulik” arkasini ko‘rib, bunga amin bo‘lish mumkin”.

Mavzuga oid