Jamiyat | 09:24 / 01.02.2018
11393
2 daqiqa o‘qiladi

Hakamlik sudlari qanday nizolarni ko‘rib chiqmaydi?

Foto: Pixabay

O‘zbekistonda davlat sudlari bilan bir qatorda nodavlat organi bo‘lgan Hakamlik sudlari ham faoliyat yuritadi. 

Hakamlik sudlari fuqarolik huquqiy munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolarni, shu jumladan tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida vujudga keluvchi iqtisodiy nizolarni hal etadi. Hakamlik sudlari ma'muriy, oila va mehnat huquqiy munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolarni ko‘rib chiqmaydi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligining ijtimoiy tarmoqdagi kanali.

Nizo hakamlik sudiga berilishi uchun taraflar nizoni hakamlik sudiga berish haqida kelishuv imzolagan bo‘lishlari kerak. Bunday kelishuv hatto Fuqarolik yoki Iqtisodiy sudda ko‘rilayotgan nizoga nisbatan ham sudning hal qiluv qarori qabul qilguniga qadar tuzilishi va nizo davlat sudidan olinib, hal etish uchun Hakamlik sudiga berilishi mumkin. 

Hakamlik sudlarida davlat boji yo‘q. Nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bog‘liq xarajatlar hakamlik sudyalarining gonorarlari va boshqa xarajatlardan iborat bo‘lib, to‘lovlar miqdori odatda doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining qoidalarida, Muvaqqat (vaqtinchalik) hakamlik sudida esa taraflar kelishuvi bo‘yicha hakamlik sudi tomonidan belgilanadi.

Davlat sudlari Hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan aniqlangan holatlarni tekshirishga yoki hakamlik sudining hal qiluv qarorini mazmunan qayta ko‘rib chiqishga haqli emas. Ya'ni, Hakamlik sudining qarorini davlat sudi faqat protsessual asoslarga ko‘ra bekor qilishi mumkin.

Hakamlik sudining hal qiluv qarori ham xuddi davlat sudlarining hal qiluv qarori kabi ixtiyoriy yoki majburiy ijro etiladi. Bunda ijro varaqasini davlat sudi beradi.

Mavzuga oid