Light | 21:10 / 01.02.2018
26631
7 daqiqa o‘qiladi

Kutilmagan muvaffaqiyatning kelishi Ernest Xeminguey misolida

Hech qanday harakat qilmasdan muvaffaqiyatga erishish mumkinligiga hanuz ishonasizmi? XX asrning eng mashhur yozuvchilaridan birining tarixi aslida muvaffaqiyatga erishish yo‘li qanday kechishini ko‘rsatib beradi.

1. Hatto hech kim sezmagan taqdirda ham, ishlang

Ernest Xemingueyning ilk "Quyosh ham botadi" romani 1926 yilda nashr etilgan va u amerikalik yozuvchiga e'tirof keltirgan. Ushbu avtobiografik ish hanuz uning ijodidagi eng muhim asarlardan biri hisoblanadi. Xemingueyning urush mavzusiga bag‘ishlangan, ikkinchi "Alvido, qurol" romani 1929 yilda chop etilgan. Shundan keyin 30 yoshli Xeminguey o‘z avlodining eng mashhur va nufuzli yozuvchisiga aylangan.

Qanday qilib Xeminguey atigi uch yilda e'tirofga sazovor bo‘lishning uddasidan chiqdi?

Kanadalik jurnalist Malkolm Gladuell "10 000 soat" qoidasini shakllantirgan va uni ommalashtirgan. Uning mohiyati quyidagicha: biror hunarni mukammal egallash uchun unga 10 000 soat sarflash kerak. U ongli tajriba va uning unumdorlik hamda natijaga ta'sirini o‘rganuvchi mutaxassis K.Anders Eriksson tadqiqoti asosida shu g‘oyani o‘ylab topgan.

Foto: Getty Images

Albatta, 10 000 soatda ko‘nikmalarni orttirish misli ko‘rilmagan xususiyatlarga ega bo‘lishga olib kelmaydi. Biroq bu qoidada bir sog‘lom fikr mujassam: buyuk mehnat mahsulini yaratish uchun siz ko‘p mehnat qilishingiz kerak.

Xeminguey o‘zining yozuvchilik ko‘nikmasini o‘nlab yillar mobaynida charxlab borgan. U ba'zilar o‘ylaganidek bir zumda muvaffaqiyat qozongani yo‘q. U o‘zining birinchi romanini nashrga chiqarishdan avval politsiya reportyori bo‘lib ishlagan, turli jurnallar va o‘zi uchun ocherklar, esse va hikoyalar yozgan. Biroq muvaffaqiyatga erishgan yozuvchini ko‘rganimizda biz uning qanchalik tirishqoqlik bilan ishlagani va mashhur bo‘lish uchun nimalardan voz kechishga to‘g‘ri kelgani haqida o‘ylamaymiz.

Mahorat sari eltuvchi yo‘l mashaqqatli va uzoq bo‘ladi. Doim.

2. Aniq va maqsadli ishlang

Endigina klaviaturada ishlashni o‘rganayotganimizda klavishlarni sekin va ongli ravishda bosamiz. Sekin-astalik bilan biz harflarning joylashuviga o‘rganib, barmoqlarni qayerga qo‘yish haqida o‘ylashni bas qilamiz. Shu tariqa odat shakllanadi, miyaga kognitiv yuk pasayadi.

K. Anders Eriksson onglilikning ishdagi ta'sirini shunchaki o‘rganmaydi. Mashinal tajriba mukammallikka olib kelmaydi. Klaviaturadan birinchi va yuzinchi marta foydalanish orasida katta farq bor, minginchi va o‘n minginchi orasida esa — deyarli hech qanday. Ko‘nikma diqqatni jamlash va maqsadli xatti-harakatlar sharti bilan rivojlanadi.

Foto: Getty Images

1935 yilda Esquire jurnalida Xeminguey yosh yozuvchilarga maslahat bergan: "Eng yaxshisi, ishlar yaxshi ketayotganida va siz bundan keyin nima bo‘lishini bilganingizda to‘xtagan ma'qul. Roman yozayotganingizda har kuni shunday qilsangiz, hech qachon bir syujyetda qotib qolmaysiz".

Yozuvchining o‘zi bu qoidaga qat'iy rioya qilgan. U tasavvuri ishlaguncha yozgan va charchoqni his qilishi bilan ishlashdan to‘xtagan. Xeminguey o‘ylamay ishlashni istamagan.

Muvaffaqiyatga erishish uchun ishga sodiqlik zarur, biroq hadeb bir narsani takrorlayverib, hech narsaga erisha olmaymiz.

Biz faqat odatiy chegaralarni o‘zgartiribgina takomillashamiz.

3. Aks ta'sirni izlang

1985 yilda Chikago universiteti professori Benjamin Blum "Yoshlarda iste'dod rivoji" nomli kitobni chop etgan, unda muallif 120 nafar yosh faoliyatini tahlil qilgan. Ularning bari turli sohalarda muvaffaqiyatga erishgan. Professor shaxmat, musiqa va sportda IQ darajasi va yuqori ko‘rsatkichlar o‘rtasida bog‘liqlikni ko‘rmagan. Biroq u sinov ostidagilar qolganlardan intensivroq tajriba orttirganiga e'tibor qaratgan. Bundan tashqari, ularning har birida o‘qituvchi va murabbiy bo‘lgan.

Aks ta'sir — ish o‘rganishga 10 000 soat sarflab, hech nimaga erisha olmagan va 5000 soatlik mehnatdan so‘ng o‘z sohasida eng yaxshisiga aylangan kishilarni aynan shu narsa ajratib turadi.

Xeminguey umrining oxirgi yillarida o‘z ijodiga Gertruda Staynning ta'sirini inkor qilgan bo‘lsa ham, u yozuvchining karerasiga sezilarli ta'sir ko‘rsatgan. Amerikalik mashhur yozuvchi Stayn Xemingueydan 25 yoshga katta bo‘lib, ular yozuvchi 22 yosh bo‘lgan paytda tanishishgan. Ayol unga o‘z uslubini ishlab chiqishga yordam bergan va keyinchalik uning ijodiga ta'sir ko‘rsatgan boshqa yozuvchilar bilan tanishtirgan.

Ishni kerakli yo‘nalishda olib borish uchun yo‘l ko‘rsatuvchi izlash shart emas. Ba'zi holatlarda biz o‘zimizga o‘zimiz yordam berishimiz mumkin. Eng oddiy usullardan biri — yozib borish va baholash.

Xeminguey asar ustida ishlashni davom ettirishidan oldin bunga qadar yozganlarini qayta o‘qib chiqqan. Matnni tahrirlash uchun hammasini boshidan o‘qigan yoki oxirgi ikki-uch bobni ko‘rib chiqqan.

Mahoratni boshqalarga nisbatan tezroq charxlashning yagona usuli — aks ta'sirni topish.

Foto: Getty Images

Ernest Xemingueyning XX asrdagi eng nufuzli yozuvchilardan biri sifatida mashhur bo‘lishi tasodif emas. U butun hayotini o‘z kasbiga bag‘ishlagan, yillar davomida evaziga hech nima kutmay, o‘z ko‘nikmalarini rivojlantirgan.

Ongli tajriba sehri shundaki, biz hatto buyuk iste'dod, kerakli genlar va rag‘batlantiruvchi shart-sharoitlar yo‘qligida ham o‘z mahoratimizni nazorat qilishimiz mumkin. Biz o‘zimiz o‘ylagandan-da ko‘p narsaga qodirmiz.

Eng qiyini — xatti-harakatlarga o‘tish va nimani qurbon qilish borasida bir qarorga kelish.

Mavzuga oid