Fan-texnika | 00:00 / 03.02.2018
9284
2 daqiqa o‘qiladi

Samsung chiplar ishlab chiqaruvchi dunyodagi eng yirik kompaniyaga aylandi 

Foto: Xaytek

Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi AQShning Intel’ini ortda qoldirib, chiplar ishlab chiqaruvchi dunyodagi eng yirik kompaniyaga aylandi. Moliyaviy hisobotlarga ko‘ra, 2017 yilda kompaniyaning yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqaruvchi bo‘linmasi 69,1 mlrd dollar, Intel esa 62,8 mlrd dollar ishlab topgan. Biroq ikkala kompaniyani bevosita taqqoslab bo‘lmaydi, chunki Intel protsessorlar, Samsung esa flesh xotiralar ishlab chiqaradi. Ammo pul hisobida Janubiy Koreya kompaniyasi Intel’ni ortda qoldirgan.

Bundan tashqari, xotira vositalari ishlab chiqarish texnologiyalar kelajagi nuqtai nazaridan standart protsessorlar ishlab chiqarishdan istiqbollidir. Ayni vaqtda Samsung’ning tezkor xotirasi bo‘lmagan smartfonni topish qiyin masaladir. Bundan tashqari, kompaniya qattiq disklar bozorining uchdan birini egallaydi.  

Samsung yillik hisobotida bulutli servislar uchun yuqori sig‘imli xotiralarga va sun'iy ong kabi avtomatlashtirilgan elektronika uchun mini-protsessorlarga talab kattaligini ta'kidlab o‘tgan. 

Samsung’ning chiplar ishlab chiqaruvchi bo‘linmasi daromadi oshishi DRAM va NAND xotiralariga talab oshgani bilan bog‘langan. Kompaniya yaqinda bir vazifaga ixtisoslashgan ASIC protsessorlari bozoriga kirib bordi. Bunday chiplarning asosiy iste'molchilari kriptovalyutalar maynerlari hisoblanadi.

Mavzuga oid