Jamiyat | 21:50 / 09.02.2018
113334
2 daqiqa o‘qiladi

Shayx nomi qo‘yilayotgan masjid tarixi

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan So‘galli ota yodgorligi yonida 1990-yillar boshida masjid qurilishi boshlangan edi. Ammo, ayrim sabablarga ko‘ra, mazkur masjidda qurilish ishlari to‘xtab qolgandi.

Masjidni barpo etish ishlari 1997 yilda to‘xtatilgan. 2013 yili dekabr oyida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ushbu masjidga tashrif buyuradi. Masjid qurilishi nega to‘xtab qolgani hamda boshqa qurilish ishlari bilan qiziqqan, xayrli duolar qiladi. So‘ng masjid qurilishida biroz siljish bo‘lib, masjid gumbazi qurib bitkaziladi.

O‘shandan so‘ng masjidni barpo etish ishlari yana to‘xtab qolgan. Qurilish to‘xtab qolganini eshitgan hazrat rosa xafa bo‘lgan ekan.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida poytaxtning bir necha tumanlarida bo‘ldi. Prezident jumladan, mazkur masjid maydoniga tashrif buyurdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Chilonzor tumanida barpo etiladigan mazkur masjidga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi beriladigan bo‘ldi.

«Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nafaqat yurtimizda, balki butun islom olamida tan olingan olim edi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Hayotini muqaddas dinimiz arkonlarini o‘rganishga va targ‘ib etishga, xalqimiz, yoshlarimizni diniy ma'rifat ruhida tarbiyalashga bag‘ishladi».

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu masjid loyihasi bilan tanishar ekan, uni yanada takomillashtirish, bunda xalqimiz va ulamolarning takliflarini ham o‘rganish zarurligini ta'kidladi.

Mavzuga oid