Fan-texnika | 19:53 / 14.02.2018
29653
2 daqiqa o‘qiladi

Samsung eski telefonlarni qayta ishlaydigan bo‘ldi

Foto: Hitech.news

Samsung Electronics korporatsiyasining displey va akkumulyatorlar ishlab chiqaruvchi bo‘linmasi Samsung SDI eski smartfonlardan kobalt moddasini olish uchun ularni qayta ishlashni boshlaydi. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, kobalt smartfon va elektromobillarning litiy-ionli akkumulyatorlarini ishlab chiqarishda qo‘llanadi. Ayni vaqtda kobaltning asosiy yetkazib beruvchisi Kongo Demokratik Respublikasi hisoblanadi. 

Ushbu metall narxi oxirgi yilda 235 foizga qimmatlab ketgan (tonnasiga 34,6 ming dollardan 81,4 ming dollargacha). Bundan tashqari, yanvarda Kongo hukumatining kobalt eksportiga soliqni 2 foizdan 5 foizgacha ko‘tarmoqchiligi ma'lum bo‘lgan. CRU Group kompaniyasi prognozlariga ko‘ra, 2030 yilga kelib kobaltga talab uning hozirgi qazib olinishi hajmidan 3 marta ko‘proq bo‘ladi. Ayni vaqtda bu hajm yiliga 100 ming tonnani tashkil qiladi.

Bloomberg ma'lumotlariga ko‘ra, Samsung SDI chiqindilarni qayta ishlovchi kompaniyaning ulushini sotib olmoqchi. Bundan tashqari, SDI kobalt yetkazib berishga uzoq muddatli shartnoma imzolamoqchi va kobaltning elektromobillar akkumulyatorlaridagi miqdorini kamaytirmoqchi yoki umuman undan foydalanishdan voz kechmoqchi.

Ta'kidlanishicha, kobaltning smartfonlardan olinishi bo‘yicha tajriba muvaffaqiyatli chiqsa, Samsung SDI Toyota Motor va Panasonic kabi gibrid elektromobillarning ishlatilgan akkumulyatorlaridan ushbu metallni olishni boshlashi mumkin.

Mavzuga oid