O‘zbekiston | 09:00 / 28.02.2018
258205
3 daqiqa o‘qiladi

«Janob Fayziyev» qo‘lga olindi

Toshkent viloyatining sobiq prokurori, adliya katta maslahatchisi Jamshid Fayziyev 24 fevral kuni o‘z uyidan qo‘liga kishan taqilgan holda olib ketilgan. Bu haqda «Kun.uz» manbasi xabar bermoqda.

Ayni vaqtda unga nisbatan jinoyat ishi ochilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, Jamshid Botirovich Fayziyev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 205-moddasi («Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish») va 210-moddasi («Pora olish») bo‘yicha ayblanishi mumkin.

Jamshid Fayziyev o‘z vaqtida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning huquq-tartibot organlari va kuch ishlatar tizimlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi bo‘lgan. Muqaddam bosh prokuror o‘rinbosari bo‘lgan Fayziyev 2013 yil 19 martida shu lavozimga tayinlanib, 9 oy ishlagach, yil oxirida, 25 dekabrda Toshkent viloyati prokurorligiga o‘tkazilgandi.

O‘zbekistonning yangi prezidenti 2017 yilning 8 yanvarida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Jamshid Fayziyevni tanqid qilib, uni kinoya bilan «Janob Fayziyev» deya atagandi.

2017 yilning 2 avgustida o‘tkazilgan videoselektorda prezident prokurorlarni «eng katta o‘g‘rilar» deb atagan, Toshkent viloyati prokurori Jamshid Fayziyevga tanbeh berib, unga vaziyatni o‘nglash uchun 10 kun muhlat bergandi.

«Dunyoqarashingni o‘zgartirmasang, kech bo‘ladi. Senga o‘n kun muhlat, qadamlaring baribir yoqmayapti. Bitta o‘zing qolding, hammani ishdan oldim. Biz yangi bosh prokuror qo‘yganmiz. 80 foiz odamni o‘zgartirdik. Avvalgi bosh prokurordan qolgan o‘g‘ri tizimdan qolganlarning asosiy qismini ishdan oldik. 15-20 foizi yuribdi. Fayziyev ham shulardan. Baribir oxirigacha o‘zgartiramiz», degandi o‘shanda prezident.

Shavkat Mirziyoyev prokurorlarni keskin tanqid qildi

2017 yilning oktabr oyi oxirida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirokida o‘tkazilgan videoselektorda Toshkent va Jizzax viloyatlari hokimlari, shuningdek, ushbu viloyatlar prokurorlari, jumladan, Jamshid Fayziyev ishdan olingani, ularning ishdan olinishiga ushbu viloyatlarda hosil qo‘shib yozishga yo‘l qo‘yilgani sabab bo‘lgani ma'lum qilindi.

Jamshid Fayziyev o‘rniga 2014-2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari bo‘lgan Ulug‘bek Sunnatov tayinlangandi. Ammo u ham 2018 yilning 5 yanvar kuni ishdan olindi.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, shu kunlarda, sobiq bosh prokuror Rashidjon Qodirov hibsga olinishi ortidan uning sobiq o‘rinbosari bo‘lmish Ulug‘bek Sunnatov ham qo‘lga olingan va tergov qilinmoqda. Ammo O‘zbekiston Respublikasi bosh prokuraturasi matbuot xizmati bu xabarlarni tasdiqlamayapti.

Mavzuga oid