Sport | 09:50 / 26.03.2018
13622
14 daqiqa o‘qiladi

Mundialni kutib. Tanishtiruv: Kolumbiya

«Tribuna.Uz» sayti bugundan yangi ruknni ishga tushirmoqda. Ikki oydan sal ko‘proq vaqtdan keyin boshlanadigan navbatdagi mundial ishtirokchilari bilan yaqindan tanishib boramiz. Dastlabki nazar Kolumbiya terma jamoasiga tushdi.

KOLUMBIYa:

Mustaqilligi: 20 iyul 1810 yil
Rasmiy tili: Ispan
Poytaxti: Bogota
Boshqaruv tizimi: Prezident boshqaruvidagi respublika
Aholisi: 48.5 million (dunyoda 28-o‘rin)
Valyuta: Kolumbiya pesosi

TeRMA JAMOA:
Laqabi: Los Cafeteros (Kofechilar)
Konfederatsiya: KONMeBOL
Bosh murabbiy: Xese Pekerman
Jamoa sardori: Xese Rodriges
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan: Karlos Valderama (111)
Eng ko‘p gol urgan: Radamel Falkao (26)
Libos rangi: Sariq-ko‘k-qizil
FIFA reytingidagi o‘rni: 13 (fevral holatiga)
Eng yirik g‘alabasi: Bahrayn - 6:0 (2015)
Eng yirik mag‘lubiyati: Braziliya - 0:9 (1957)
Amerika kubogi: Chempion (2001)
Jahon chempionati: Chorak final (2014)

Kolumbiyaliklar Lotin Amerikasidagi qo‘shnilari singari, futbol o‘ynashni ancha erta boshlagan bo‘lishsa-da, uzoq vaqt dunyodan uzilib yashashdi. 1936 yilga kelibgina, mamlakat futbol federatsiyasi KONMeBOL a'zoligiga qabul qilindi, oradan ikki yil o‘tib esa, terma jamoa o‘zining ilk rasmiy xalqaro o‘yinini o‘tkazdi. Meksika terma jamoasi kolumbiyaliklar ustidan 3:1 hisobida ustun kelgandi.

1945 yilda Kolumbiya ilk bor xalqaro turnirda qatnashdi. Boliviya, Ekvador, Paragvay, Peru kabi jamoalarni ortda qoldirib, 9 jamoa ichida 5-o‘rinni olishgani bir tarafdan yaxshi, ammo boshqa tarafdan, yaqqol yetakchilar Braziliya, Argentina, Chili va Urugvay terma jamoalari bilan o‘rtadagi farq sezilarli darajada katta edi.

ELDORADODAN VALDeRAMAGAChA

Foto: calciogazzetta

Bundan keyingi davr Eldorado (1948-55 yillardagi Kolumbiya Ligasi davri) davri deb ataladi: Dimayor Ligasi, ya'ni Kolumbiya milliy chempionati 1948 yilda professional ligaga aylanadi, ammo ba'zi sabablarga ko‘ra, FIFA bu tashkilotga bir qator e'tirozlarga ega bo‘ladi. FIFAning talablarini istamagan Dimayor Ligasi sanksiyaga uchraydi va klublar ham, terma jamoa ham xalqaro o‘yinlardan chetlatiladi. Bir tarafdan bu Liganing foydasiga ishlaydi, FIFAdan chetda bo‘lgan va tabiiyki, bu tashkilot qoidalariga amal qilish majburiyatida bo‘lmagan klublar transfer siyosatida ancha erkin bo‘ladi. Buning natijasda, Kolumbiya chempionati o‘sha davrlarda dunyoning eng kuchli ligalaridan biriga aylanadi. Argentinada ro‘y bergan futbolchilar ish tashlashi ham kolumbiyaliklarga qo‘l keldi va juda ko‘p futbol yulduzlari Dimayordan qo‘nim topdi.

Misol uchun, «Milonarios» klubi 40-yillardagi argentinalik mashhur yulduz Adolfo Padernerani sotib oladi. Uni kutib olish tadbiri esa, klubga besh barobar ko‘proq miqdorda daromad keltiradi. Buning mazasini bilib qolgan boshqa klublar ham mashhur yulduzlarni jalb qilishni boshladi. «Deportivo Kali» deyarli butun Argentina terma jamoasini sotib olgan bo‘lsa, «Deportivo Pereyra» Paragvayning barcha zo‘r futbolchilarini qo‘lga kiritdi. «Independente Medelin» peruliklarga e'tibor qaratdi, «Kukuta Deportivo» ichida 1950 yilgi JCh g‘oliblari bo‘lgan 12 nafar urugvaylik futbolchini olib keldi. «Milonarios» tarkibida kimsan Alfredo De Stefano ham o‘ynaganini aytib o‘tsak, barchasi naqadar jiddiy ekanini tasavvur qilish mumkin.

Besh yil davom etgan Eldorado «Milonarios»ning to‘rt chempionligi bilan yakunlandi. Yetakchi klublarning FIFA bilan munozaralarda ishtirok etishlari va yakunda kelishishlari natijasi mamlakat futboli nihoyat xalqaro maydonga qayta boshladi.   

Kolumbiya terma jamoasi ilk bor mundialda 1962 yilda qatnashdi. Sobiq Ittifoq bilan 4:4 hisobida durang o‘ynagan debyutantlar ikki o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi va musobaqani guruh bosqichidan tark etdi.

Shundan so‘ng, uzoq tanaffus ro‘y berdi va to Italiyada o‘tgan 1990 yilgi mundialgacha dunyo ularni ko‘rmadi. Aslida bu voqea to‘rt yil oldin ham ro‘y berishi mumkin bo‘lgan, sababi, Kolumbiya 13-jahon chempionatini o‘z maydonida o‘tkazishga ariza berib, yutib olgandi. Ammo so‘nggi pallada Kolumbiya rahbarlari mamlakatning musobaqani qabul qilishga tayyor emasligini ma'lum qilishdi va so‘nggi pallada mundial mezbonligi Meksikaga olib berildi.

1990 yilgi jahon chempionatiga Kolumbiya terma jamoasi Pelening bashoratlari bilan kirib keldi. Keyinchalik, bu ishda ancha no‘noqligi oydinlashgan Pele o‘shanda Kolumbiya terma jamoasini jahon chempionati favoritlaridan biri deb yuborgandi. O‘tgan asrda dunyo yulduzi darajasiga ko‘tarilgan yagona kolumbiyalik Karlos Valderama boshchiligidagi terma jamoa haqiqatan ham juda kuchli ko‘rinardi. Valderamadan tashqari, Alvares, Rinkon, Iguaran, Perea kabi futbolchilar, ayniqsa, yorqin harakatlari bilan esda qolgan Rene Igita ko‘pchilikni o‘ziga jalb qila olgandi.

Bo‘lajak chempion Germaniya va Yugoslaviya bilan bir guruhda to‘p surgan kolumbiyaliklar tarixda ilk bor 1/8 finalga chiqishdi. Ammo o‘sha turnir kashfiyoti bo‘lishga yanada loyiqroq bo‘lgan kamerunliklarning qo‘li baland kelgandi. Ayniqsa, Rojye Milla - Igita duelini ko‘pchilik yaxshi eslasa kerak. Bugungi zamon darvozabonlari xos tarzda o‘z jarima maydonini tark etishni yaxshi ko‘radigan Igitani afrikalik hujumchi munosib tarzda jazolagandi.

ESKOBAR

Foto: iSport

Futbol muxlislari uchun bu familiya mashhur kolumbiyalik narkobaronni emas, AQShdagi jahon chempionatida mudhish jinoyat qurboni bo‘lgan himoyachi Andres Eskobarni yodga soladi.

«Atletiko Natsional» va «Yang Boyz» kabi klublarda o‘ynagan, o‘z vaqtida «Uembli»da inglizlar darvozasini ishg‘ol qilgan, El Caballero del Fútbol, ya'ni «Futbol ritsari» laqabini orttirgan himoyachi Andres Eskobar JCh-94 da terma jamoa sharafini himoya qilgandi. U maydon egalariga qarshi o‘yinda amerikalik Jon Harksning uzatmasini qaytaraman deb, o‘z darvozasiga kiritib qo‘yadi va 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchragan kolumbiyaliklar turnirni erta tark etadi. 

Hali jahon chempionati tugab ulgurmasdan, Medelindagi barlardan biri oldida o‘z avtomashinasida o‘tirgan Eskobarni Umberto Munos ismli shaxs otib ketadi. U futbolchining tanasiga hammasi bo‘lib 6 o‘q joylaydi va har otganida «gol» deb qichqiradi. Ya'ni Eskobar AQShdagi avtogoli uchun o‘limga «hukm qilingandi». Eskobarni kasalxonaga olib kelishadi va oradan bir soat o‘tmay, uning joni uziladi.

Jinoyatchi 43 yilga ozodlikdan mahrum qilingan, 2001 yilda ish qayta ko‘rilib, 26 yilgacha qisqartirilgan. 2005 yilda esa, ya'ni jinoyatdan 11 yil o‘tib Munos yaxshi xulqi uchun muddatidan oldin ozod etilgandi.

Qizig‘i, yuqorida tilga olingan narkobaron Pablo Eskobar ham familiyadoshi snngari aynan Medelin shahridan bo‘lib, u ham o‘sha jinoyatdan olti oy ilgari otib ketilgandi.

XOSe PeKeRMAN

Foto: Reuters

Kolumbiya terma jamoasining keyingi yorqin davri argentinalik murabbiy Xose Pekerman bilan bog‘liq. Pekerman aynan terma jamoalar bilan ishlash, yangi avlodga poydevor qo‘yish va futbolchilarni kashf qilish borasida juda usta murabbiy hisoblanadi. Masalan u 1994-2001 yillar davomida Argentina yoshlar terma jamoasini boshqargan va ushbu davrda argentinalik yoshlar uch marotaba jahon chempioni bo‘lgandi.

Mana shu poydevor asosida tashkil qilingan Argentina terma jamoasida u avvaliga koordinator bo‘lib ishladi, 2006 yilgi mundialga esa bosh murabbiy sifatida olib kelgan. Ancha yorqin o‘yin ko‘rsatgan argentinaliklar faqat maydon egalariga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berishgandi.

Mana shunday uzoq umrli va merosxo‘r terma jamoa shakllantirishni Pekerman Kolumbiyada ham davom ettirmoqda. 2012 yilda terma jamoa boshqaruviga kelgan mutaxassis o‘tgan safargi jahon chempionatida Kolumbiyani tarixida ilk bor chorak finalgacha yetaklab keldi. Bu safar ham Kolumbiyaning yo‘liga mezbon terma jamoa g‘ov bo‘lgandi. Ammo Kolumbiya juda yaxshi taassurot qoldirdi - Guarin, Falkao, Martines kabi ko‘pchilik tanib ulgurgan yulduzlar qatorida Xames Rodriges turnirning to‘purari va eng yaxshi futbolchilaridan biriga aylandi.   

BUGUNGI KOLUMBIYa

Foto: FIFA

Ikki yil oldin Amerika kubogida bronza medalini qo‘lga kiritgan Kolumbiya terma jamoasi saralash o‘yinlarini juda og‘ir o‘tkazgan va faqat so‘nggi pallada natijaga erishgan bo‘lsa-da, har qanday jamoaga munosib qarshilik ko‘rsata oladi. Umuman Kanmeboldagi o‘yinlarning juda qiyin o‘tishini, u yerdagi jamoalar saviyasi bir-biriga yaqin ekanini bilamiz. Argentina vazifani so‘nggi turda hal qildi, Chili qolib ketdi, mana shu faktlarning o‘zi ham o‘sha mintaqadagi har bir terma jamoa munosib kuch ekanini isbotlaydi.

Jamoa hujum chizig‘ida hali ham tajribali Falkao va Bakka kabi futbolchilar to‘p suradi. Shuningdek, «Sevilya»da juda yaxshi mavsum o‘tkazayotgan Luis Murielga ham alohida e'tibor berish lozim. Yarim himoyada esa, o‘sha Xames Rodriges, u so‘nggi to‘rt yilda ikki marta jamoa almashtirgan va oldingidek yorqin chaqnamayotgan bo‘lsa-da, uning iqtidori va ko‘p narsaga qodirligi terma jamoada hamon asosiy kuch bo‘lib qolmoqda.

Kuni kecha kolumbiyaliklar kuchli Fransiya terma jamoasiga qarshi o‘yinda safarda to‘p surishlari va 0:2 hisobida ortda borishganiga qaramay, irodali g‘alaba qozonganliklarining o‘ziyoq Pekerman shogirdlarida kuchli xarakter shakllanganini isbotlaydi. O‘yinda gollarni Muriel, Falkao va Kintero urdi.

E'TIBOR BeRISh LOZIM: MARKAZIY HIMOYa JUFTLIGI

Foto: Getty Images

Falkao yoki Rodriges kabi yulduzlarni ko‘p yillardan beri bilamiz va ulardan har qanday darajadagi qahramonlikni kutish mumkin. Bu safar kolumbiyaliklarning himoya chizig‘i e'tiborga molik deb aytish mumkin. Tarkibda Sapata kabi tajribali futbolchi bo‘lsa-da, Pekerman so‘nggi o‘yinlarda himoya markazida Yyerri Mina - Davinson Sanches juftligini sinab ko‘rmoqda va katta ehtimol bilan, aynan ushbu juftlik mundialda ham asosiy tanlov bo‘ladi.

Yyerri Mina (23 yoshda) bir necha yildan beri «Barselona» ko‘z ostida ulg‘aydi va nihoyat kataloniyaliklar bilan shartnoma imzoladi. Uning o‘yin uslubi va sermahsulligi mamlakat uchun yangilik emas va muxlislar undan nihoyat katta turnirda ham o‘zini ko‘rsatishni kutishmoqda.

Davinson Sanches (21 yoshda) esa, «Ayaks» maktabidan yetishib chiqdi, o‘tgan mavsumda Yevropa Ligasi kashfiyotlaridan biriga aylandi va «Tottenhem» tarkibidan joy oldi. Boshqa bir argentinalik murabbiy Pochettino qo‘l ostida yosh Sanches top-klub safida ham asosiy tarkibda muntazam harakat qilmoqda. Jismoniy jihatdan Minadan qolishmaydi, aksincha, agar sherigi ko‘proq yakkakurashlar va standart vaziyatlar qiroli bo‘lsa, Sanches to‘pni nazorat qilish va hujumlarni boshlashda benazir harakat qiladi.

Jahon chempionati paytida bu juftlikni kuzatish juda qiziq bo‘lishi shubhasiz.

JCh-2018

Kolumbiya JCh-2018 da N guruhida to‘p suradi va aytish mumkinki, ularga omadli qur'a nasib etdi. Senegal, Polsha va Yaponiya har holda o‘ynasa bo‘ladigan, yutsa bo‘ladigan raqiblar va bu kvartetda tarkib jihatidan ham, so‘nggi natijalar e'tibori bilan ham Kolumbiya favorit sifatida baholanmoqda. Jamoa ilk o‘yinini 19 iyun kuni Saranskda Yaponiyaga qarshi o‘tkazadi. 24 iyun kuni Qozonda Polshaga qarshi o‘yin, 28 iyun kuni esa, Senegal - Kolumbiya o‘yini Samarada bo‘lib o‘tadi.

Ammo taqvimga qarasak, nimchorak finaldanoq (agar guruh masalasi hal etilsa), jiddiy raqiblar ro‘baru bo‘lishini ko‘rish mumkin. N guruhi g‘oliblari nimchorak finalda G guruhidagi omadli jamoalarga raqib bo‘ladi. U yerda Angliya va Belgiya kabi kuchli terma jamoalar bor.

Qahramon Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid