Jamiyat | 09:51 / 27.03.2018
51062
3 daqiqa o‘qiladi

"Uka, mana bu pulni olgin-da, borib ishlagin. Boshqa tilanma"

Foto: Getty Images

Bugun shom namozidan chiqib kelayotganimda: "Dadamning yuraklari yomon, davolanishlari kerak. Yaxshilar yordam qiling!", deb mungli ovozda sadaqa so‘rayotgan o‘smirga ko‘zim tushdi. O‘zimning xayollarim bilan chiqib, mashinamga o‘tirdim. Biroz vaqtim borligi uchun mashinada o‘tirib tarjima qilayotgandim, mendan bir metr naridan kelayotgan shovqin e'tiborimni tortdi. “Lasetti”ning egasi sadaqa so‘rayotgan o‘sha yigit va yana ikkita ayolni oldiga chaqirib gapirayotgandi:

"Uka, mana bu pulni olgin-da, borib ishlagin. Boshqa tilanma" deb, chamamda bir o‘ram besh ming so‘mlik berdi. Qo‘lida bolasi bor ayolga ham ming so‘mlik bog‘lamni berib, jo‘natib yubordi. Ikkinchisi yetmishlardan o‘tgan tatar ayol bo‘lib (ismini ham eshitdim), o‘zining aytishicha, masjid yonidagi uyning sakkizinchi qavatida yolg‘iz yasharkan. Yigit ungayam bir bog‘lam pul berib: "Onaxon, man ham shu mahallada turaman. Holingizni bilmagan ekanman. Endi hecham bu yerga chiqmang, o‘zim har hafta oldingizga kirib turaman. Bugun chorshanba bo‘lsa, endi juma kuni kiraman" – deb, gap orasida boyagi tilanchi yigitning otasi haqiqatda ham yurak shikoyati bilan shifoxonada ekanini, telefon qilib hammasini aniqlaganini aytib o‘tdi.

O‘zim xohlamasam-da, guvoh bo‘lgan mazkur voqeadan ichim to‘lib ketib rosa yig‘ladim. Lekin nega yig‘laganimni o‘zim ham bilmayman...

Haliyam shunday yaxshilar borligidan to‘lqinlanibmi...

Muazzam dinimiz shunday buyuk insonlarni tarbiyalay oladigan din bo‘lgani uchunmi...

Insonlar o‘rtasida ezgulik g‘oyalarini targ‘ib etadigan Islom – terrorchilar yetishtiradigan din, deya zolimona talqin qilinaverishidan o‘kinchmi...

Bilmadim, yig‘im sababini bilmadim...

Mubashshir Ahmad, Azon.uz

Mavzuga oid