Jahon | 11:06 / 29.03.2018
25945
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonlik besh erkak Kemerovodagi yong‘inda 50dan ortiq odamni qutqarib qoldi

Kemerovo shahridagi “Zimnyaya vishnya” savdo-ko‘ngilochar markazidagi kiyim-kechak va poyabzal sotish bo‘yicha do‘konda ishlagan besh nafar tojikistonlik erkak 50dan ortiq insonni qutqarib qoldi.

Ko‘plab OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Kemerovo shahridagi “Zimnyaya vishnya” savdo markazida yuz bergan yong‘in vaqtida Tojikiston fuqarolari odamlarni qutqargani haqida xabar berildi. Ular o‘z do‘konidagi zaxira eshigi orqali odamlarni ko‘chaga olib chiqishgan.

Asli Dushanbedan bo‘lgan, ushbu voqeada ishtirok etgan Farzon Salimovning aytishicha, u va hamyurtlari odamlarni qutqarib, o‘z burchini bajargan.

"Odamlar vahimada edi, tiqilinch yuz berdi – hamma binoni tezroq tark etishga harakat qilardi. Eskalator yonida keksa yoshlilar, ayollar va bolalar yig‘ilib qoldi, ular tutun tufayli ko‘chaga qanday chiqib ketishni bila olishmayotgandi. Ba'zilar bo‘g‘ila boshladi. Biz hammani zaxira chiqish eshigi orqali olib chiqib ketdik”, - deydi Farzon.

Keyinchalik u o‘z hamyurti Mahmud Xo‘jayev bilan savdo markazining boshqa bir qismida to‘silib qolgan odamlarga binoni tark etishda ko‘mak ko‘rsatgan. “Biz lift yonida turgan odamlarga ko‘chaga chiqib olishda yordam ko‘rsatdik. U yerda ikki kishi hattoki nogironlik aravachasida edi... Men shuni ta'kidlab o‘tmoqchimanki, biz bu odamlarni qutqarib, o‘zimizning insoniy burchimizni bajardik”.

Qayd etilishicha, Farzon Salimov Rossiyada 2003 yildan beri yashaydi. U bu yerda OTMni tamomlab, Rossiya fuqaroligini oldi. Ayni damda o‘z oilasi bilan Kemerovo shahrida istiqomat qiladi. “Zimnyaya vishnya” savdo markazidagi kiyim-kechak va poyabzal sotish bo‘yicha do‘konda Farzon bilan birga Tojikistonning yana to‘rt fuqarosi ishlagan.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida 64 kishi halok bo‘ldi.

Mavzuga oid