Light | 13:51 / 03.04.2018
40007
6 daqiqa o‘qiladi

Yevropa shaharlaridagi 10 ta eng yirik masjid (fotojamlanma)

Yevropada bugungi kunda muqaddas Islom dini mavqei jihatidan ikkinchi yirik dinga aylandi. Albaniya, Kosova, Bosniya va Hersogovina, Turkiya singari mamlakatlar aholisining katta qismini musulmonlar tashkil etsa, G‘arbiy Yevropada bu miqdor biroz pastroq. 2010 yilda berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, Yevropa aholisining 44 millioni musulmonlardir. 

Bugungi kunda Yevropada minglab masjidlar va nomozxonalar faoliyat yuritadi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati ularning o‘ntasi haqida ma'lumot taqdim etdi.

Sharqiy London masjidi (East London Mosque)

Sharqiy London masjidi

Ushbu masjidga 1985 yilda asos solingan bo‘lib, qurilish ishlariga 22,3 million funt sterling sarflangan. Bu dargoh London shahrining musulmonlar jamoasi istiqomat qiluvchi yirik mavzesida qad rostlagan. Uning tarkibida London musulmonlari markazi va Maryam markazi faoliyat yuritadi.

Masjidda bir vaqtning o‘zida 7 ming kishi ibodat qilishi mumkin. 

Rim masjidi (Moschea di Roma)

Foto: Google photos

Rim masjidi 1994 yilda qurilgan bo‘lib, qurilish ishlariga 40 million yevro sarflangan va masjidda bir vaqtning o‘zida 12 ming musulmon ibodat qilishiga imkoniyat yaratilgan.

Masjid Rim shahrining Parioli tumanida joylashgan bo‘lib, Yevropadagi (Rossiyani qo‘shmaganda) eng yirik masjid hisoblanadi. 

Jyeneva masjidi (Geneva Mosque)

Foto: Wikipedia

1978 yilda asos solingan Jyeneva masjidi Petit-saksonez masjidi nomi bilan ham mashhurdir. Ushbu masjid Shveytsariyadagi eng yirik masjid hisoblanadi. Uning qurilishi Saudiya Arabistoni tomonidan moliyalashtirilgan.

Masjid ochilishida Saudiya Arabistoni podshohi hamda Shveytsariya Konfederatsiyasi prezidenti ishtirok etganligi ma'lum. Bu masjidda bir vaqtning o‘zida 1,5 ming musulmon ibodat qilishi mumkinligi aytilgan. 

Madrid markaziy masjidi (Madrid Central Mosque)

Foto: Wikipedia

1988 yilda asos solingan va 30 yildan buyon faoliyat olib borayotgan Madrid markaziy masjidi Ispaniya poytaxtining Tetuan tumanida joylashgan. Ushbu masjid Abu Bakr Siddiq masjidi deb ham atalib, uzoq vaqt davomida qurilgan. U Ispaniyaga Islom dini kirib kelganidan qariyb 800 yil o‘tib Madridda ochilgan ilk masjid ekani qayd etilgan. 

Glazgo markaziy masjidi (Glasgow Central Mosque)

Glazgo markaziy masjidi

1983 yilda foydalanishga topshirilgan Shotlandiya poytaxtidagi markaziy masjid o‘z bag‘riga 2,5 ming kishini sig‘dira oladi. U Klayd daryosi bo‘yidagi Gorbal tumanida joylashgan. 

Suonsi masjidi (Swansea Mosque)

Foto: Flickr

1990 yillardan buyon musulmonlar uchun xizmat qilib kelayotgan Suonsi masjidida bir vaqtning o‘zida 500 nafar kishi ibodat qila oladi. Ushbu masjidning Uelsdagi boshqa masjidlardan farqi shundaki, uning binosi 1862 yilda qurilgan Avliyo Andryu cherkovi binosida joylashgan. 

1980 yilga qadar uning o‘rnida cherkov faoliyat yuritgan va shahar ma'muriyati katta jamoaga ega bo‘lgan musulmonlar ehtiyojidan kelib chiqib foydalanilmayotgan cherkov binosini masjid uchun ajratgan. 

Cherkov binosi 1997 yilda musulmonlarga qarashli xayriya jamg‘armasi tomonidan sotib olingach qayta qurish ishlari boshlab yuborilgan. 

Gdansk masjidi (Mechet v Gdanske)

Foto: BeautifulMosque.com

1989 yilda barpo etilgan Gdansk masjidi Polshada faoliya yuritayotgan besh masjiddan biri hisoblanadi. Ushbu masjidga arab mamlakatlaridan o‘qish uchun kelgan talabalar mablag‘i hisobiga barpo etilgan. Masjidga shoir Jamoliddin al Afg‘oniyning nomi berilgan. 

Maryam al Batul masjidi (Mariam Al-Batool Mosque)

Foto: Wikimedia Commons

1982 yilda Malta Respublikasining Paola shahrida barpo etilgan Maryam al Batul masjidi Korradino masjidi nomi bilan ham mashhur. Ushbu masjidning dastlabki tamal toshi 1978 yilda Muammar Qazzofiy tomonidan qo‘yilgan bo‘lib, 1984 yildan ish boshlagan. U Maltada qurilishiga rasman ruxsat berilgan yagona masjiddir.

Ushbu masjid Maltaga ishlash uchun kelgan liviyalik muhojirlar uchun xizmat qilgan. 

Segrat masjidi (Moschea di Segrate)

Foto: Wikimedia Commons/TAMER ABURABAH

1988 yilda ochilgan al-Rahmon masjidi yoki Segrat masjidi nomlari bilan ataluvchi masjid Italiyaning Milan shahri yaqinidagi Segrat shahrida joylashgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, Segrat masjidi Italiyaning Lucherasida 688 yil oldin (1300 yilda) oxirgi masjid buzib tashlanganidan so‘ng ochilgan birinchi masjid sifatida tarixga kiritilgan.

Masjid qoshida Milan va Lombardiya uchun musulmon markazi hamda “Islom xabarchisi” jurnali faoliyat yuritadi. 

Dublin masjidi (Dublin Mosque)

Foto: Wikimedia Commons

Dublin masjidi Irlandiya poytaxti Dublin shahridagi Janubiy aylanma yo‘lda joylashgan bo‘lib, Irlandiya Islom jamg‘armasining shtab-kvartirasi hisoblanadi

Ushbu masjid binosi faoliyat yuritmayotgan cherkov asosiga tashkil etilgan. Masjidda bir vaqtning o‘zida 500 nafar musulmon ibodat qilishi uchun sharoit yaratilgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Irlandiyada musulmon jamoalari soni 1990 yillarda muhojirlar hisobiga ko‘paygan. Respublikada 2016 yilgi statistikaga ko‘ra, 63 ming musulmon yashaydi.

Mavzuga oid