Jahon | 14:25 / 12.04.2018
6047
4 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro Mehnat tashkiloti trening markazida O‘zbekiston taqdimoti o‘tkazildi

Xalqaro Mehnat tashkiloti Italiyaning Turin shahridagi Xalqaro trening markazida “Odam savdosi va majburiy mehnatga doir holatlarni aniqlash hamda surishtirish” mavzusida o‘quv-trening tashkil etdi. Ayni vaqtda unda O‘zbekiston, Tojikiston, Shveytsariya, Malayziya, Nepal, Shri-Lanka, Keniya, Uganda, Tayland, Vetnam va Peru kabi davlatlardan kelgan turli soha vakillari ishtirok etmoqda. Qayd etish joizki, mazkur treningda O‘zbekistondan eng yirik delegatsiya bilan qatnashmoqda. 

Xususan, Xalqaro Mehnat tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh texnik maslahatchisi Jonas Astrup va idora mulozimi Oxana Lipkanu, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Bandlikka ko‘maklashish va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining yetakchi mutaxassislari NNT vakili hamda KUN.UZ muxbiri ham bor.

 

Treningning birinchi kunida Xalqaro Mehnat tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh texnik maslahatchisi Jonas Astrup O‘zbekistonda majburiy mehnat bilan bog‘liq holatlar qay darajada ekani haqida taqdimot o‘tkazdi. Jonas Astrup O‘zbekiston, uning paxta yetishtirish bilan bog‘liq tarixiga to‘xtalar ekan, bu sobiq Ittifoqning o‘tkazgan noto‘g‘ri siyosati natijasi ekanini bildirdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda avvallari uqtirilganidek, odam savdosi va majburiy mehnat bilan bog‘liq holatlar ko‘p emas. Biroq hamon joylardagi tashkilotlar, xalq ta'limi va tibbiy muassasalarda majburiy mehnat bilan bog‘liq holatlar uchrab turgani, ammo ularni tizimli, deb bo‘lmasligi ta'kidlandi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda odam savdosi va majburiy mehnat tushunchasi qonunchilikda ham mustahkamlab qo‘yilganini qayd etar ekan, prezident Shavkat Mirziyoyev yetakchiligidagi yangi hukumat ayni qonunchilik talablarini bajarishni o‘zining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilab olganini bildirdi. 

“Bundan tashqari, Prezident Mirziyoyev 2017 yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasida qilgan nutqida Xalqaro Mehnat tashkiloti nomini tilga oldi. Mazkur tashkilot bilan hamkorlik yangi bosqichga chiqarilishini bildirdi. Shu vaqtgacha bunday yuqori minbardan davlat rahbari tomonidan XMTning nomi yodga olinmagan yoki kam kuzatilgan. Bu o‘z navbatida, davlat rahbariyatining odam savdosi va majburiy mehnat bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yish borasidagi qat'iyatini anglatadi”, - dedi Jonas Astrup. 

Treningning uchinchi kunida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi O‘zbekistonda “feedback mechanism” – ya'ni, murojaatlar yo‘llash tizimi qanday ishlashi, qanday yo‘lga qo‘yilgani haqida Federatsiya misolida taqdimot o‘tkazdi. Shu o‘rinda ta'kidlash kerak, mazkur taqdimot boshqa davlat vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ular Federatsiya vakillarini savollarga ko‘mib tashlashdi. 

Shuningdek, taqdimot chog‘ida O‘zbekiston davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning Virtual qabulxonasidan tashqari, hukumat tarkibidagi har bir idoraning o‘z virtual qabulxonalari, ishonch telefonlari mavjud ekani, ularning barchasi prezident Virtual qabulxonasi bilan uzviy bog‘liq tarzda ishlashi ta'kidlandi. 

Tolib Rahmatov

KUN.UZ muxbiri

Mavzuga oid