O‘zbekiston | 17:30 / 11.05.2018
19399
4 daqiqa o‘qiladi

Majburiy jamoat ishlari tariqasidagi jazoni o‘tash tartibi belgilandi

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 8 maydagi qarori bilan Majburiy jamoat ishlari tariqasidagi jazoning ijrosini tashkil etish tartibi haqidagi nizom hamda Majburiy jamoat ishlari turlarining ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” telegram-kanali xabar bergan.
 
Nizomga ko‘ra, majburiy jamoat ishlari deganda mahkumni haq to‘lanmaydigan foydali jamoat ishlarini bajarishga majburiy tarzda jalb qilish tushuniladi.

Mahkum sudning hukmi, ajrimi yoki qarori tegishli inspeksiyaga kelib tushgan kundan e'tiboran o‘n kundan kechiktirmay jazoni o‘tashga jalb qilinadi.

Mahkumni majburiy jamoat ishlariga jalb qilishda sodir etilgan jinoyat turi, mahkumning kasbiy ko‘nikmalari, asosiy ish va (yoki) o‘qish jadvali (agar mavjud bo‘lsa), mahkumning yoshi, sog‘lig‘ining holati, ish joyining transport uchun yaqinligi inobatga olinadi.

Nizomda mahkumning majburiy jamoat ishlaridan bo‘yin tovlashi deb hisoblanadigan holatlar, mahkumga nisbatan qidiruv e'lon qilish tartibi, ushbu turdagi jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlangan taqdirda uni boshqa jazo turi bilan almashtirish tartibi, shuningdek jazoni o‘tashdan ozod etiladigan holatlar batafsil belgilab berildi.

Majburiy jamoat ishlari bir yuz yigirma soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha bo‘lgan muddatga tayinlanadi. Nizomga ko‘ra, ushbu jazo turi kuniga to‘rt soatdan oshmagan, biroq haftasiga o‘n ikki soatdan kam bo‘lmagan holda, voyaga yetmaganlar tomonidan esa, uch soatdan, biroq haftasiga uch kundan oshmagan holda o‘taladi. Istisno holatlarda muddatlar o‘zgartirilishi mumkin.

Majburiy jamoat ishlarining o‘talishi mehnat qonunchiligi bo‘yicha tartibga solinmaydi, mahkum bilan mehnat shartnomasi tuzilmaydi va u jazoni o‘taydigan tashkilotning ishchisi hisoblanmaydi. Jazoni o‘tash vaqti mehnat stajiga qo‘shilmaydi.

Nizomda ichki ishlar organlari jazolarni ijro etish inspeksiyasining, jazoni o‘tash joyidagi tashkilot (organ)ning va mahkumning, shuningdek mahalliy hokimiyat organlarining huquq va majburiyatlari belgilab berildi.

Unga ko‘ra, inspeksiya mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan kelishilgan holda mahkumga majburiy jamoat ishlarining kamroq miqdorini ishlab berishga, davolanishi va yaqin qarindoshi vafot etganligi munosabati bilan O‘zbekiston hududidan chetga chiqishga ruxsat berishi mumkin. 

Inspektsiya mahkumlarning hisobini yuritishi, ularga jazoni o‘tash tartibi va shartlarini tushuntirishi, jazoning ijro etilishini nazorat qilishi, mahkumlar ishlagan vaqt hisobini yuritishi, mahkum jazodan ozod qilingani yoki jazoni o‘tab bo‘lgani haqida ma'lumotnoma taqdim etishi va boshqa vazifalarni bajarishi lozim.

Mahkumlar jazoni o‘tayotgan tashkilotning (organning) ma'muriyati mahkum bajaradigan ishni tashkil etishi, ishlarni bajarish uchun tegishli sharoitlarni ta'minlashi, mahkum mehnat intizomini buzgan taqdirda bu haqda inspeksiyani xabardor qilishi va boshqa vazifalarni bajarishi shart.

Mahkum sudning hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan e'tiboran o‘n kun ichida yashash joyidagi inspeksiyada hisobga turishi, jazoni ijro etish va o‘tash shartlariga rioya etishi, jazoni o‘tash uchun biriktirilgan tashkilot (organ)dagi ichki mehnat tartibi qoidalariga rioya etishi, yashash joyi o‘zgarganligi haqida inspeksiyani xabardor qilishi shart.

Mahkumlarning avariyalar, tabiiy ofatlar va shunga o‘xshash boshqa hodisalar oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq faoliyat turlariga jalb qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Mavzuga oid