O‘zbekiston | 00:52 / 24.05.2018
4910
2 daqiqa o‘qiladi

JICA va Innovatsiya vazirligi hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda 

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion Rivojlanish vazirligida JICA (Japan International Cooperation Agency – Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Innovatsiya vaziri Ibrohim Abdurahmonov va  JICA’ning O‘zbekistondagi vakili janob Muneo Takasaka kelgusi hamkorlik bo‘yicha qator masalalar borasida muzokaralar olib borishdi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati

Innovatsiya vaziri Ibrohim Abdurahmonov vazirlikning faoliyati, uning maqsadlari va xalqaro hamkorlik borasidagi erishgan yutuqlari haqida atroflicha gapirib berdi. Janob Takasaka muhandislik, kimyo, geologiya, energetika sohasida tadqiqot olib borayotgan olimlar va magistrantlarni  tajriba orttirish uchun Yaponiyaga o‘qishga borishlarini ta'minlashga qaratilgan JICA loyihasini amalga oshirish niyatida ekanliklari haqida xabar berdi. Bundan tashqari, yaponiyalik olimlarning O‘zbekistonga tajriba almashish uchun kelishlari hamda hamkorlikda seminar va konferensiyalar o‘tkazish loyiha doirasiga kirishini ta'kidladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan Innovatsion rivojlanish vazirligi endilikda universitet va institutlarning ilmiy-tadqiqot hamda innovatsion faoliyatini boshqarish vazifasi yuklatilgani munosabati bilan Innovatsiya vazirligi JICA’ning mazkur loyihasi ijrosiga hamkor tashkilotlardan biri sifatida ishtirok etishi mumkinligi kelishib olindi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati

Uchrashuv do‘stona ruhda o‘tdi, Innovatsiya vaziri va JICA’ning O‘zbekistondagi vakili boshqa yo‘nalishlarda ham hamkorlik olib borishga kelishishdi.

Mavzuga oid