Light | 01:01 / 24.05.2018
100420
6 daqiqa o‘qiladi

Tinib tinchimas hokim hayotidan bir kun

Yunusobod tumani poytaxtning deyarli 300 ming aholisiga ega bo‘lgan sanoatlashgan qismi hisoblanadi. Tuman dastlab 1936 yil 26 avgustida Kirov nomi bilan tashkil etilgan. 1992 yil 8 mayida Yunusobod nomini olgan. Hududda 5300dan ortiq korxona va tashkilot faoliyat yuritadi.

2017 yilning aprel oyida Yunusobod tumaniga Baxtiyor Hasanovich Abdusamatov hokim etib tayinlandi. «Hokim bilan bir kun» loyihasi doirasida Yunusobod tumani hokimining bir kuniga hamrohlik qildik.

Kunni endigina qurib bitkazilgan «Xasanboy» mahalla fuqarolar yig‘ini markazi binosini mahalla oqsoqol va faollariga topshirish marosimi bilan boshladik. Aytish kerakki, mahalla markazi zamonaviy talablarga javob beradigan talabda qurilgan.

Bundan tashqari, qurilishi boshlangan «Katta Xasanboy», «Hamkorobod» va «Yangi bog‘» MFY markazlarini ko‘zdan kechirdik. Hokim mazkur markazlarning qurilishi bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi. Kamchiliklarni bartaraf etish uchun mas'ul shaxslarga muddat tayinlandi, bolalar o‘yingohi maydoni kengaytirilishi lozimligi aytildi, binolarni sifatli qilib qurib bitkazish masalasi muhimligi ta'kidlandi.

Shu bilan birga «Obod mahalla» loyihasiga tushgan «Bog‘i shamol» MFY ko‘zdan kechirildi. U yerda tegishli o‘rinbosar va tashkilot rahbarlariga vazifalar berildi. Kasallangan daraxtlarni kesish, mahalla ichidagi yo‘laklarni ta'mirlash, ariqlarni ochib, suv oqadigan darajaga keltirish, fuqarolar uchun avtoturargoh qurish, bolalar o‘yingohini zamonaviy jihozlar bilan bezash, hududda noqonuniy qurilgan binolarni buzish, o‘zboshimchalik bilan o‘tkazilgan kabellarni tartibga solish, hududda tozalik ishlarini doimiy tarzda olib borish, yaroqsiz binolarni ta'mirlash va boshqalar bu loyihaga kiritilgani aytilib, barcha fuqarolar ogohlantirilishi zarurligi ta'kidlandi.

Tuman hududida joylashgan 240- va 246-maktablarga tashrif buyurdik. Ta'mirlash ishlari boshlangan maktab direktorlari bilan uchrashdik. Ular o‘z takliflarini aytishdi. Takliflar tuman hokimi yordamchisi tomonidan yozib olindi. Ular tegishliligi bo‘yicha ko‘rib chiqilishi tushuntirildi.

Shu kuni Markaz-5 hududida bolalar maydonchasi qurishni rejalashtirayotgan tadbirkor bilan tuman hokimi sayyor uchrashuv o‘tkazdi. Hokim albatta tegishli imkoniyatlar hokimiyat tomonidan yaratilishini ma'lum qildi.

9 may - Xotira va qadrlash bayrami munosabati bilan ta'mirlangan «Toshkent botanika bog‘i»ga tashrif buyurdik. Bog‘ hududida 900 kishi uchun yozilgan bayram dasturxoni ko‘zdan kechirildi.

U yerdan chiqib «Otchopar-2» MFYda qurilayotgan 9ta ko‘p qavatli binolar hududiga bordik. Turar-joy binolari «Qorachoy bilding» MChJ tomonidan qurilmoqda. Zamonaviy talablarga javob beradigan binolar qurilishi ko‘zdan kechirildi. Tadbirkor vakiliga topshiriqlar berildi. Muammo paydo bo‘lsa, tuman hokimligi eshigi doimo hamma uchun ochiqligi ta'kidlandi. Tegishli muddatda qurib bitkazilishi lozimligi yana bir bor eslatildi.

Tuman hokimi tushlik ham qilmadi. Hokimiyat binosiga qaytib kelib, «Obod mahalla» Davlat dasturiga tushirilgan mahalla faollari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Loyiha asosida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar berildi. Kechki vaqtda yana shu mavzuda majlis o‘tkazildi.

Hokimiyat binosi hududida fuqarolar (nogiron va qariyalar) uchun qurilayotgan va ta'mirlanayotgan xonalarni ko‘zdan kechirdik. Yaqinda qurib bitkazilgan majlislar zali ham shu jumladan. Zal juda chiroyli va yorug‘ qilib bitkazilibdi.

Bu orada tuman hokimi bilan Iqtisodiyot vazirligida Respublikadagi barcha tuman hokimlari va ularning vakillari uchun o‘tkazilgan «Obod mahalla» doirasidagi majlisga ham borib keldik.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

Kechqurungi soat 21:00lar atrofida tuman hokimi tashkiliy ishlardan bo‘shab, hujjatlarni ko‘zdan kechirish va imzolash uchun xonasiga kirdi. Shu vaqtda u biz bilan o‘tkazilayotgan islohotlar haqidagi fikrlarini o‘rtoqlashdi.

«Muhtaram Prezidentimiz bizning oldimizga qo‘ygan masalalar juda muhim. Har bir daqiqadan unumli foydalanishimiz kerak. Yaratganning o‘zi kuch-quvvat berib, bugun ko‘p narsaga ulgurdik. Lekin hal qilingan masaladan ko‘ra, oldinda turgan muammolar hali juda ko‘p. Prezident nazarda tutayotgan ishlarning 10 foizini ham bajarganimiz yo‘q. Har bir vazifa davlat rahbari tomonidan yechimi bilan berilmoqda. Fuqarolarning ko‘zlarida ishonch uyg‘onmoqda.

Ba'zan qurilish tashkilotlari belgilangan me'yordan oshadi. Shunday vaziyatda fuqarolar noroziligi ham yuzaga chiqadi. Shu vaqtda ularni murosaga keltirish osonmas. Ikkala tarafni ham rozi qilish kerak. Qiyin bo‘lsa ham vazifamizni bajarishga harakat qilmoqdamiz. Fuqarolarning murojaatlari qolib ketmoqda deb, ko‘plab arizalar tushadi. Biz oldimizga qo‘yilgan vazifalarni bajarmagunimizcha shunday dam olishsiz ishlashga va'da beramiz»,- deb ta'kidlab o‘tdi tuman hokimi.

Ha, bugun davr shiddatli. Buni his qilmaslik, uning ruhiyatiga uyg‘unlashmaslik mumkin emas. Bugun O‘zbekistonning har bir nuqtasida ish qizg‘in. Zero bu islohotlarning zamirida xalq roziligi, millat ravnaqi yotibdi.

Solijonov Zafarbek
Kun.uz

Mavzuga oid