Jahon | 17:35 / 25.05.2018
16960
2 daqiqa o‘qiladi

Bollivud yulduzi Priyanka Chopra rohingya musulmonlari bo‘yicha chaqiriq bilan chiqdi

Foto: INSTAGRAM/PRIYANKA CHOPRA

Hind kinosi yulduzi va Sasseks gersoginyasi Megan Marklning dugonasi Priyanka Chopra xalqaro hamjamiyatni o‘tgan yil Myanmadan Bangladeshga qochib o‘tgan rohingya musulmonlari farzandlarini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. 

YUNISEF elchisi bo‘lgan Chopra Bangladesh poytaxti Dakkadagi uchrashuvda rohingya musulmonlariga ko‘mak ko‘rsatish haqida chaqiriq bilan chiqqan. «Har bir bola kelajakka, insoniyat tarixiga hissa qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘lishga haqli. Dunyo qochqin bolalar uchun mas'uldir, sababi ular qayerga borishni bilmaydi. Ularda hech narsa yo‘q», - deya aktrisaning so‘zlarini keltiradi Reuters. Chopra bunga qadar to‘rt kun davomida Koks-Bozor shahridagi qochqinlar lagerlarida bo‘ldi.

«Hali qiladigan ishlar juda ko‘p. Ularga sizlarning pullaringiz, vaqtingiz, rahm-shafqatingiz kerak», - degan hind aktrisasi. Uning eslatishicha, qochqinlar lageridagi bolalar ovqat, toza suv, boshpana, sanitar sharoitlar va ta'limga cheklangan bazaviy huquqlar bilan yashamoqda.

Myanma davlati va rohingya musulmonlari o‘rtasidagi mojaro 700 ming musulmonni 2017 yil avgust-noyabr oylarida mamlakatdan qochib chiqib ketishga majburladi. BMT mojaroga «etnik tozalash» deb baho berdi hamda mart oyida qochqinlar uchun mablag‘ to‘play boshladi. Rasmiy Myanma bu pozitsiyaga qo‘shilmadi va mojaroga musulmonlar tomonidan terror hamda rohingyalarning jamiyatga tinch integratsiya qilish istagida emasligi bilan izoh berdi.

Mavzuga oid