Jamiyat | 00:45 / 29.05.2018
67054
5 daqiqa o‘qiladi

Alloh sabrlilar bilandir...

Foto: kun.uz

Munofiqlik juda xavfli illat hisoblanadi. Chunki munofiqni jamiyatda ajratib olish qiyin: u istalgan odam bo‘lib olaveradi. Uning barcha aytganlari til uchida bo‘lib, qalbidagini hech kim bilmaydi. Faqat Allohgina uning xayoli va qalbidan o‘tayotganlarni juda yaxshi bilib turadi. Haqiqiy mo‘minlar boshlariga musibat yetganida ham o‘zgarmaydilar, munofiqlar esa sinovlardan o‘ta olishmaydi. Alloh taolo Qur'oni karimning Ankabut surasi, 2- va 3-oyatlarida shunday marhamat qiladi: «Odamlar «iymon keltirdik» deyishlari ila imtihon qilinmay tark etilishlarini o‘yladilarmi? Va, batahqiq, Biz ulardan oldingilarni ham imtihondan o‘tkazganmiz. Bas, Alloh, albatta, sodiq bo‘lganlarni ham bilajak, yolg‘onchilarni ham bilajak».

Garchi Alloh har bir odamning haqiqiy mo‘min bo‘lib-bo‘lmaganini yaxshi bilsa-da, Alloh har bir odamning qiyomatda o‘ziga o‘zi guvoh bo‘lishi uchun uni har xil sinovlardan o‘tkazishini bildirib qo‘ygan. Ya'ni, odamlar tillari bilan biz Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirdik, deyishlari yetarli emas, ular hayotlarida har xil sinovlardan o‘tadilar va haqiqiy musulmon odam ana shu sinovlardan o‘tish davrida bilinadi. Alloh bizdan oldingi o‘tgan odamlarni sinaganidek, bizni ham sinashi muqarrardir. Va bu sinovlarni natijasi o‘laroq Alloh haqiqiy musulmonlarni va yolg‘onchilarni ochiq-oydin ko‘rsatib qo‘yadi.

Alloh taolo doimo sabrli bandalari bilan birga. Shu bois U musulmonlarga qiyinchilik kelganida qanday qilib yordam so‘rash kerakligini o‘z kalomida o‘rgatib qo‘yibdi. Jumladan, Baqara surasining 153-oyatida Alloh taolo shunday marhamat qiladi: «Ey, iymon keltirganlar! Sabr va namoz ila madad so‘ranglar. Albatta, Alloh sabrlilar bilandir».

Demak qiyinchilik bo‘lganida sabr va ibodat bilan yordam so‘ralar ekan. Alloh harom qilgan narsalardan musulmon odam o‘zini tiyishi kerak, garchi uning nafsi shu narsalarga buyursa ham. Va ibodat esa, qiyin bo‘lsa ham Allohning buyurganlariga itoat qilishi (namoz, ro‘za, zakot va boshqa ibodatlar), garchi uning nafsi bu narsalarni istamasa ham. Va Alloh va'da qilib aytadiki, u shunday qilgan odamlar bilan birgadir. Ya'ni, u shunday odamlarni hech qachon tashlab qo‘ymaydi va ular so‘ragan yordamlarini, albatta, beradi.

Jumladan, Baqara surasi, 155-156-oyatlarida shunday marhamat qilinadi: «Albata, Biz sizlarni bir oz qo‘rqinch va ochlik bilan, mol-mulkka, jonga, mevalarga nuqson yetkazish bilan sinaymiz. Va sabrlilarga bashorat ber. Ular musibat yetganda: «Albatta, biz Allohnikimiz va, albatta, biz Unga qaytuvchimiz», derlar».

Alloh odamning hayotlik paytida uni har xil yo‘llar bilan sinashini bildirib qo‘ygan. Bular qatoriga qo‘rqinchga duchor bo‘lishlik, och qolishlik, boylikdan (mol-davlatdan) mahrum bo‘lishlik va yaqin odamlaridan ayrilib qolishlik, ekilgan narsalari nobud bo‘lishi kabi hodisalar kiradi. Ammo Alloh shunday sinovlar kelganida sabr qilganlar uchun xushxabar borligini aytayapti. Bunday odamlar, shunday sinovlarga uchraganlarida «Albatta, biz Allohnikimiz va, albatta, biz Unga qaytuvchimiz», deyishadi. Ya'ni, qanday balolar kelishidan qat'i nazar, ular sinovdan o‘tayotganlarini yaxshi bilishadi va hayotiy muammolar bu odamlarni tushkunlikka tushirib qo‘ymaydi. Balki bu qiyinchiliklar ortidan go‘zal mukofotlar borligiga qattiq ishonishadi.

Maqola O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosida tayyorlandi.

Mavzuga oid