Sport | 16:49 / 12.06.2018
23138
10 daqiqa o‘qiladi

Mundial arafasi: Kim nega chempion bo‘la olmaydi?

Mundialda g‘olib chiqish imkoniyati bo‘lgan favoritlar bor va ularning har birida chempionlik salohiyati yetarli. Aynan nimaning hisobiga yutuqqa ega chiqishlari mumkinligini bilamiz. Odatda, har qanday turnir oldidan favoritlarning ustunliklari ko‘proq sanaladi. Mabodo omadsizlik qayd etilsa, kamchiliklar ko‘rina boshlaydi, mag‘lubiyat sabablari shunchalik tahlil qilinadiki, xuddi, bu jamoa oldindan yutqazishga mahkum bo‘lgandek.

Keling shu ishni biz oldindan qilamiz. Ya'ni, agar bu favoritlar qayerdadir yutqazib qo‘yishsa, sabab sifatida nimani ko‘rsatish mumkin?

GeRMANIYa

Foto: Twitter / @FIFAWorldCup

JCh-2014 g‘olibi o‘sha murabbiy va kuchli tarkib bilan beshinchi chempionlik uchun kelmoqda va aytish kerakki, turnirning eng asosiy favoritidir. Xo‘sh, nemislarga bu safar nima xalaqit berishi mumkin?

Agar Italiya terma jamoasi final bosqichiga yo‘l olganida, javobi oson bo‘lardi. Lekin endi, yanada chuqurroq qarashga majburmiz va balki to‘rt yil oldin jamoada mavjud bo‘lgan ba'zi jihatlar endi topilmas? Masalan, o‘shanda terma jamoa asosini «Bavariya» a'zolari – Myuller, Shvaynshtayger, Lam, Boateng, Noyyer, Kroos kabi futbolchilar terma jamoa asosini tashkil qilar edi. Mana shu poydevor ustida boshqalar ham jipslashib, juda kuchli o‘yin ko‘rsatilgandi.

Bugungi Germaniyada aslida iste'dodli futbolchilar yanayam ko‘paygan, Lyov teng kuchli bir necha terma jamoa tuzish imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, asosiy tarkib haqida borganda, pasayishni kutgan bo‘lardim. Yuqoridagi nomlardan ikki futbolchi futbolni tark etdi, Kroos «Real»ga o‘tib ketdi. Bu ham mayli, bugungi Germaniya terma jamoasi yulduzlariga qarasak, ularning birortasi ham o‘z klubida asosiy o‘rinlarda emasligini ko‘ramiz. Bundesliga yetakchisi «Bavariya»ni olsak, himoyani qo‘shmaganda faqat Rude va Myuller nemis futbolchilari, qolganlar legioner.

Aytmoqchimanki, to‘rt yil oldingi Germaniya nima qilishni oldindan biladigan, salobatli va tajribali jamoa bo‘lgandi, bu safar esa, Lyov bir qator iste'dodli futbolchilardan yaxlit terma jamoa tuzishga muhtojdir. O‘z-o‘zidan, endi avvalgidek oson bo‘lmaydi.   

ARGeNTINA

Foto: Twitter / @FIFAWorldCup

Aslida Argentinaning chempion bo‘lishi uchun sabab bitta – Lionel Messi. Boshqa barcha faktorlar argentinaliklarning raqobatchilaridan ojiz ekanini ko‘rsatadi. U qadar ishonchli bo‘lmagan himoya chizig‘i va kamtargina yarim himoya Lionel Messining darajasiga, uning ambitsiyalariga mos kelishi oson emas. Buni biz saralash bahslarida ham ko‘rdik. Argentina faqat so‘nggi turdagi g‘alaba yordamida mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Top terma jamoalar uchun, aytaylik, hal qiluvchi o‘yinlarda Argentinaga qarshi tayyorlanish juda qiyin, bu yerda Argentinaning imkoniyati oshib ketadi. Chunki Messi omili bosh planga chiqib qoladi, bunga qarshi biror reja ishlamasligi mumkin. Kuchli jamoa o‘z rejasini Messining o‘yiniga qarab qurganida, albatta, o‘yinni tashkil qilish bobida kuchsizlanadi. Ammo himoyalanuvchi jamoalar uchun Argentina juda qulay raqib. Son jihatidan himoyada ustunlik qilish va payt poylash rejasi bilan tushgan jamoalar Argentinaga ko‘proq noqulaylik tug‘dirsa kerak. Masalan, Portugaliya...

Bundan tashqari, Ikardining shaxsiy sabablarga ko‘ra terma jamoaga olinmagani boshqa hujumchilarda, xususan Iguainda bosim paydo qiladi. 

BRAZILIYa

Foto: Twitter / @FIFAWorldCup

Braziliya tarkibida kuchli o‘yinchilar juda ko‘p. Ular birgalikda juda kuchli jamoa bo‘la oladi. Hatto Neymarsiz ham. Muammo shunda, tarkibda Neymar bor va u e'tibor, maqom jihatidan boshqa yulduzlardan ham bir bosh balandda turadi. Aslini olganda, buning yomon tomoni bo‘lmasligi kerak, to‘g‘rimi? Ammo Neymarning fevralda jarohat olgani va o‘shandan buyon futboldan chetda qolganichi?

Ya'ni, bu holatda shundog‘am kuchli bo‘lgan terma jamoaning o‘yini Neymarning sport formasiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Braziliya Neymarga o‘ynashi kerak, Neymar tarkibda asosiy skripka bo‘lishi kerak, lekin uning sport formasi o‘sha talabga javob bermay qolsachi?

Bu holda Koutino, Firmino yoki boshqa yulduzlarga tayanib, boshqa usulni qo‘llashning ham iloji yo‘q, chunki Neymar tarkibda bor. Diskvalifikatsiya yoki jarohat emas, u maydonda bo‘ladi. Neymarni e'tibordan qoldirish mumkin emas.

Shunga o‘xshash vaziyatga ko‘pincha, Ronaldu yomon formada bo‘lganida «Real» yoki Portugaliya terma jamoasi tushib qolardi. Braziliya bu vaziyatda yomon o‘ynaydi yoki nimadir qovushmaydi, demoqchi emasman, e'tibor bering, biz hozir eng oliy o‘rinni qo‘lga kiritish uchun xalaqit beradigan omillar haqida gaplashyapmiz. Chempion bo‘lish uchun esa, jamoa salkam mukammal bo‘lishi kerak.

ANGLIYa

Foto: Twitter / @England

Ingliz klublarida juda kuchli mutaxassislar ishlamoqda, APLning top jamoalari asta-sekin Yevropa maydonlaridagi ustunlikni qaytarmoqchidek ko‘rinib turishibdi. Bu klublarda bir qator ingliz futbolchilari ham to‘p surishadi va bir qator iste'dodli futbolchilar Sautgeyt qo‘l ostiga yig‘ilishgan. Ularni kuzatish qiziq bo‘ladi.

Ammo aslida Germaniyaning muammosi Angliya termasida yanada yaqqolroq ko‘rinadi. «Manchester Siti»dan Sterling, Stounz, Uolker, Delf olingan, ammo bu klubda asosiy ishni legionerlar – Silva, de Bryuyne yoki Aguero qilishadi. «Liverpul»dan ham to‘rt futbolchi, lekin bu jamoaning nomi tilga olinganda ko‘proq Saloh yoki Firmino keladi. «Manchester Yunayted»dan jalb qilingan Lingard, Jons yoki Yang kabi futbolchilar ham klubda u qadar asosiy futbolchi emas.

Angliya terma jamoasi tarixida eng yosh sardor Harri Keyn bo‘layotganining sababi ham aslida shudir. 24 yoshli hujumchi «Tottenhem»ning yetakchi futbolchisi sanaladi. Sautgeyt aynan shuning uchun Keyn terma jamoada ham sheriklarini oldinga boshlashidan umid qilayotgan bo‘lishi tabiiy.   

FRANTsIYa

Foto: Twitter / @FrenchTeam

Mundialning eng iste'dodli va yosh terma jamoasi. Grizmann, Mbappe, Pogba, Kante... Bu futbolchilarning har biri klubda o‘z pozitsiyasida benazir. Fransiya tarkibiga kira olmagan futbolchilardan ham yaxshigina kuchli terma jamoa tuzsa bo‘ladi.

Boshqa tomondan, terma jamoa yuki yelkasiga tushadigan bu nomlar hali juda yosh va tajribasiz ekanini ham e'tiborga olish kerak. O‘zi mezbonlik qilgan so‘nggi Yevropa chempionatida ham aynan shu jihat futbolchilarga xalaqit bergandek ko‘ringandi, bu muammo hali ham butunlay bartaraf bo‘lgani yo‘q. Chunki Grizmann hali ham biroz kamtarroq «Atletiko»da, Pogba «MYu»ga kelganidan buyon joyida depsinib turibdi, ya'ni yangi darajaga chiqib, o‘sha Messi yoki Ronalduga chaqiriq qilishi kutilgan bu futbolchilar hali o‘zlaridan kutilgan cho‘qqiga chiqa olganlari yo‘q.

Terma jamoa juda chiroyli o‘yin ko‘rsatishi, har qanday raqibni yengishi mumkin, imkoniyat ham, salohiyat ham bor, lekin qiyin palla kelib, juda qiyin vazifani uddalashga to‘g‘ri kelib qolsa, hammani o‘z ortidan boshlaydigan yoki vaziyatni bir o‘zi hal qiladigan yulduz Fransiyada ko‘rinmayapti.

ISPANIYa

Foto: Twitter / @SeFutbol

O‘tgan mundialda Ispaniya guruh bosqichidayoq muvaffaqiyatsizlikka uchragach, terma jamoada avlodlar almashinuvi allaqachon qilinishi kerakligi haqida ko‘p gapirilgandi. Ammo tarkibdagi futbolchilarni almashtirish imkoni bo‘lmasa, kelishi kerak bo‘lgan yoshlar tarkibdagilardan pastroq saviyada bo‘lsa, nima qilish kerak?

Ispaniya «Barselona»ning «tiki-taka»si yordamida hamma narsani yutdi. Lekin bu uslubning asosiy ijrochilari asta-sekin safdan chiqa boshlagach, o‘yin darajasi ham tushib borishi tayin edi. Shunday bo‘lmoqda ham.

Natijada, ispan futboli yana o‘z qobig‘iga o‘rala boshlagandek. Bu qobiq ilgari butun Yevropani zir titratib, hammani o‘z ortidan ergashtirib kelgan bo‘lsa, endi, natija ko‘ngildagidek bo‘lmaganda, Ispaniya o‘z qopqoniga tushib qolaveradi. Ispaniya klublari ichida uslub jihatidan ispan futboliga eng uzoq bo‘lgan «Real»ning Yevropada muvaffaqiyatliroq ekani ham shu narsani isbotlamayaptimi? «Barselona» ichki maydonda «Real»ni osonlik bilan yutmoqda, lekin xalqaro maydonda, ya'ni boshqacha raqiblarga qarshi «Real» samaraliroq. Lopetegi legioner futbolchilarga kamroq e'tibor berib, ko‘proq La Ligadagilarga e'tibor qaratganidan bilish mumkinki, jahon chempionatida ham shunday bo‘ladi, Ispaniya u yerda o‘zini qulay sezishi oson bo‘lmaydi.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid