Jahon | 23:48 / 16.06.2018
28346
4 daqiqa o‘qiladi

Koinotni zabt etgan ilk ayol: uning yolg‘iz parvozi haqida

16 iyun kuni ilk ayol-fazogir Valentina Tereshkovaning koinotga parvoziga 55 yil to‘ldi. Tereshkova koinotga yakka o‘zi parvoz qilgan dunyodagi yagona ayoldir. Yulduzlar tomon parvoz fazogirning sog‘lig‘i uchun juda katta xavf tug‘dirishini juda kam odam bilardi. Biroq, jasur 26 yoshli parashyutchi sportchi qiz 1963 yilning 16 iyunida “Boyqo‘ng‘ir” kosmodromidan yulduzlar tomon yo‘l oldi.

Foto: RIA "Novosti"

Bugun KUN.UZ mazkur parvozga tayyorgarlik hamda ayol kishining koinotga ilk parvozi xususidagi qiziqarli faktlar va afsonalarni esga olishga qaror qildi:

1. Parvozga va bo‘lajak zo‘riqishlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun qizlar 70 daraja harorat, 30 foizlik namlik ostida termokamerada sinovdan o‘tishgan. 10 sutka mobaynida har bir nomzod qiz tovushdan to‘liq ixotalangan surdokam​yerada ham bo‘lgan.

2. Nomzodlardan qay biri koinotga uchishi so‘nggi pallagacha noma'lumligicha qolgan — Tereshkova ko‘rsatkichlar bo‘yicha yetakchi ham emasdi va boshqalardan keskin farqlanmasdi. Lekin taqdir uni sovet kosmonovatlari ichra oltinchi, ayol fazogirlar ichra birinchi qildi.

Foto: RIA "Novosti"

3. Afsonalarga ko‘ra, uning chaqiruv ismi “Chayka”ni Yuriy Gagarin o‘ylab topgan, parvozdan oldin “Ey osmon! Shlyapangni yech” iborasini bugungi kunda butun dunyo biladi. 

4. O‘zining Yer orbitasiga parvozini Tereshkova qarindoshlaridan yashirib yurgan. Uning ota-onasi qizi parashyutchilar musobaqasida qatnashayapti, deb o‘ylashgan. Valentina aslida qayerga yo‘l olganini ilk ayol fazogirning ota-onasi radiodan eshitishgan.

5. Dastlabki uch sutkani kosmonavt mutlaqo harakatlanmasdan o‘tkazgan — bu esa tasavvur qilish ham qiyin bo‘lgan qahramonlikdir. Hamma Tereshkova charchaganini tushunib turardi, lekin u aslo sir boy bermagan. “Vostok-6” Yer atrofida 48 marta aylangan.

Foto: RIA "Novosti"

6. O‘z parvozi mobaynida Valentina Tereshkova hech narsa yemagan. Faqatgina Yerga qo‘ngach, barcha yo‘riqnomalarga ters o‘laroq “Yer” taomini tatib ko‘rgan. Kosmik taomlarni esa uni kutib olgan insonlarga tarqatgan.

7. Qaytaruvchi apparatning qo‘nishi sahnalashtirilgan va 19 iyun kuni — uni yerga qaytganidan bir kun o‘tib suratga olingan. Qiz og‘ir holatda edi, deyarli hushidan ketgan va u kasalxonaga jo‘natilgan. Faqatgina 18 iyun kuni kechga borib, uning sog‘lig‘iga hech narsa tahdid solmayotgani aniqlangan. Ertasi kuni tarix uchun uning Yerga qaytishi kinotasmaga muhrlangan.

Foto: AFP

Ilk koinot parvozlarining ko‘plab detallari maxfiylashtirilgan. Valentina Tereshkovaning parvozi ham bundan mustasno bo‘lmadi. Uzoq vaqt parvoz katta tahdid ostida o‘tgani va fojia bilan tugashi mumkin bo‘lgani yashirilgan. Lekin u barchasiga chidadi. U — Valentina Tereshkova. Koinotga yolg‘iz o‘zi parvozni amalga oshirgan dunyodagi ilk fazogir ayol.

Mavzuga oid