O‘zbekiston | 21:53 / 19.06.2018
37343
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «Otalar kuni» nishonlanishiga rozimisiz?

AQShda yuz bergan Fuqarolar urushi ko‘p oilalarga yetkazgan qiyinchiliklar qatorida Doddlar oilasini ham Arkanzasdan Vashingtonga ko‘chib o‘tishga majbur qiladi. Bu urushning oxiri ko‘rinmas, Sonora Dodd esa harbiy xizmatda bo‘lgan otasidan xavotirda yashardi. Kulfat qo‘sha keladi, deganidek, Sonoraning onasi oltinchi farzandini dunyoga keltirib, jon taslim qildi.

Besh nafar o‘g‘ilni voyaga yetkazish, hali voyaga yetmagan 16 yoshli Sonoraning zimmasida qolgandi. Markaziy Metodist Yepiskopligida «Onalar kuni» nishonlanganidan xabar topgan bolalar bir xo‘rsindi-da, taqdirga tan berib, cherkov joylashgan ko‘chadan ma'yus o‘tib ketishdi. Shunday qilib, Sonora ukalari va barcha onasiz ulg‘ayayotgan, lekin otasining mehridan bahramand bolalar haqi hurmati «Otalar kuni»ni nishonlashni talab qila boshlaydi. Va shunday bo‘ldi ham!

1910 yil 19 iyun kuni birinchi «Otalar kuni» rasman bayram sifatida e'tirof etildi. Jahonning ko‘plab davlatlarida har yili iyun oyining uchinchi yakshanba kuni «Otalar kuni» sifatida nishonlanadi. Bugungi kunga kelib, otalarni qadrlab o‘tkazilayotgan bayram tarixiy ahamiyatidan biroz chekinib, farzandlar va ota munosabatini yaqinlashtirishni ko‘zlaydi. Odatda, shu kuni otalar farzandlari bilan kun davomida birga bo‘ladi. Taom tayyorlaydi, sayrga chiqadi, suhbatlashadi va do‘st sifatida maslahatlarini ayamaydi. Farzandlar ham otasini o‘zi uchun qayta kashf etadi.

Texnologiyalar bilan boyib ketgan zamonamizda bu naqadar muhim? Bu haqda Prinston universiteti tadqiqotchilari quyidagicha xulosaga kelishgan.

1. Ota bilan ko‘p vaqt o‘tkazgan bolalar dadasi bilan kam muloqotda bo‘lgan tengdoshiga nisbatan sog‘lom bo‘ladi. Otasiz ulg‘ayayotgan 5000 nafar bola bilan o‘tkazilgan tajribadan ayon bo‘ldiki, voyaga yetmagan o‘sib kelayotgan yosh organizmda DNK tarkibida ahamiyatli bo‘lgan telomer yetishmasligi ko‘p uchraydi. Bu bolaning ko‘pincha stressda yurgani bilan izohlandi.

2. Ularning aqliy salohiyati yuqori. Doktor Nattlning ta'kidlashicha, otasi bilan ko‘p vaqt o‘tkazgan bolalarning kelgusi 30 yilda har qanday vaziyatga moslashuvchanligi yuqori bo‘lgani aniqlangan. Bunday bolalar atrof-muhit haqida batafsil gapirib bergan otalaridan ko‘p narsa o‘rganishadi.

3. O‘z jinsiga nisbatan mas'uliyat va vazifalarini anglaydi.

Shu o‘rinda bir mulohazani o‘rtaga tashlasak. Balki O‘zbekistonda ham oilaviy muhitning ijobiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Otalar kuni»ni tashkil etish zaruriyati paydo bo‘lgandir? Negaki, 2017 yilning o‘zida O‘zbekiston bo‘ylab, 31,9 mingta ajrashishlar ro‘yxatga olingan. Nikohdan ajraluvchilarning 18 yoshga to‘lmagan farzandlari 26,8 ming nafarni tashkil etadi. Hech kimga sir emaski, shularning orasida yolg‘iz otalar ham, ota mehridan uzoqda qolayotgan bolalar ham mavjud. Jamiyatda ularni qo‘llab-quvvatlash va o‘sib-ulg‘ayishi uchun barcha sharoitni yaratib berish maqsadida birgina «Otalar kuni»ni ta'sis etish ham katta ijtimoiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin.

​PS: Video lavha so‘nggida tarjimasiz qoldirilgan so‘zlar shunday ma'no anglatadi: «Bolaning kelajagi har qanday qurbonlikdan afzal. Hayotda ko‘p yaxshiliklar ortidan quv!»​

Mavzuga oid