Tramp noqonuniy muhojirlarni farzandlaridan ayirishni to‘xtatishga qaror qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp noqonuniy muhojirlar oilalarini bir-biridan ayiruvchi amaliyotni to‘xtatuvchi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, AQSh chegarasini noqonuniy kesib o‘tishda ushlangan ota-onalar va ularning farzandlarini imkoni boricha bir-biridan ayirmaslikka ko‘rsatma berilgan.
“Ushbu ma'muriyatning tamoyili oila birligini saqlab qolish hisoblanadi”, deb aytilgan farmonda.
Trampning aytishicha, bu farmon oilalarga birgalikda qolishga imkon beradi, biroq “nol toqatlik” siyosati saqlanib qoladi.
Farmonda huquq-tartibot idoralari agar ota-onaning ushlanishi kichik yoshdagi bolaga xavf solishi ehtimoli bo‘lsa, butun oilani ushlamasligi kerakligi aytilgan.
“Nol toqatlik” siyosatiga ko‘ra, mutasaddi idoralar chegarani noqonuniy kesib o‘tayotgan oilani farzandlari bilan ushlab, ota-onalarni izolyatorlarga, farzandlarni esa maxsus markazlarga jo‘natmoqda. May-iyun boshida shu yo‘l bilan 2 mingdan ko‘proq bola ushlangan.
Muxolif demokratlar va jamoat tashkilotlari Tramp ma'muriyatining oilalarni bir-biridan ajratuvchi siyosatini keskin tanqid qilmoqdalar. Tramp unga ham bunday usul yoqmasligini, biroq qonunga amal qilish lozimligini aytgan. Tramp muxolifat, ba'zi partiyadoshlari va jamoat fikri bosimi ostida bu masalada yon bosishiga to‘g‘ri keldi.
Avvalroq American Airlines aviakompaniyasi AQSh hukumatidan ota-onalaridan ayirilgan bolalarni tashish uchun kompaniya samolyotlaridan foydalanmaslikni so‘ragan.
“Biz federal hukumatdan bu maqsadda American Airlines samolyotlaridan foydalanishdan zudlik bilan bosh tortishni so‘radik. Biz oilalarning ayirilishi va bundan ham yomonrog‘i, bundan daromad olishga aloqador bo‘lishni istamaymiz”, deb aytilgan aviakompaniya bayonotida.
Mavzuga oid
19:00 / 25.12.2024
“Matritsa”ning buzilishi va tarixiy order
18:52 / 25.12.2024
Tramp o‘lim jazosini qo‘llashda qat’iyat bilan davom etishini aytdi
21:05 / 24.12.2024
Iroq AQSh qo‘shinlarini o‘z hududida qoldirishga tayyor - OAV
19:49 / 24.12.2024