O‘zbekiston | 16:52 / 06.07.2018
8408
3 daqiqa o‘qiladi

Ta'lim, ilm va ishlab chiqarish tizimdagi integratsiyani rivojlantirishga kirishildi

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Xitoy Xalq Respublikasining POWERCHINA kompaniyasi hamda “O‘zbekgidroenergo” AJ rahbarlari hamda boshqa qator tegishli soha vakillari ishtirokida 2018 yil 5 iyul Xitoy Xalq Respublikasi Eksim banki tomonidan moliyalashtirilayotgan  “Quyi Bo‘zsuv, Toshkent va Shahrixon GESlar kaskadini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida qurilish ishlari boshlanishiga bag‘ishlangan rasmiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbir doirasida Xitoy Xalq Respublikasining POWERCHINA kompaniyasi hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti o‘rtasida “Bir makon – bir yo‘l” chaqiruviga javob bergan holda millatlararo totuvlik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish maqsadlariga xizmat qiluvchi anglashuv memorandumi imzolandi. 

 Tadbirda so‘zga chiqqan institut rektori professor O‘ktam Umurzoqov va POWERCHINA kompaniyasining vitse-prezidenti janob Syun Lisin imzolangan anglashuv memorandumining asosiy mazmuni to‘g‘risida ma'lumot berishdi.


Ushbu memorandum asosida Xitoy Xalq Respublikasining POWERCHINA kompaniyasi o‘zi amalga oshirayotgan suv xo‘jaligi obektlarida TIQXMMI talabalarining o‘quv va malakaviy amaliyotlarini tashkil etish, loyihalarni mahalliylashtirish va institut bitiruvchilarini ish bilan ta'minlashga imkoniyatlar yaratish, TIQXMMIning iqtidorli talabalari o‘qishlarini Xitoyda davom ettirish va bitiruvchilari uchun Xitoy hukumatining yoki boshqa manbalarning stipendiyalarini ta'sis etish kabi majburiyatlarni olsa, TIQXMMI o‘z zimmasiga POWERCHINA kompaniyasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishga o‘zining o‘quv-uslubiy, ilmiy va ishlab chiqarish salohiyatlarini yo‘naltirish bilan birga oliy ta'lim muassalari va  korxonalar o‘rtasida hamkorlik uchun yuqori saviyali platformani ta'minlash kabi qator muhim vazifalar belgilangan. 

Tadbirda "O‘zbekgidroenergo" aksionerlik jamiyatini bevosita tashabbuslarining ijobiy ta'sirida imzolangan mazkur hamkorlikning dastlabki natijalari bugungi kundayoq ko‘zga ko‘rina boshlagani alohida ta'kidlandi. 

Hamkorlikdagi faoliyatlarning dastlabki  natijasi o‘laroq, TIQXMMIning 6 nafar bitiruvchisi Akbarbek Safayev, Jamshid Ergashev, Bekzod Burxonov, Feruzbek Karimboyev, Jaxongir Shaxtamov va Umidbek Masharipov Xitoy Xalq Respublikasidagi eng nufuzli oliy ta'lim muassasalaridan biri bo‘lgan Xoxay universitetida magistraturada o‘qish imkonini beruvchi grant sertifikatiga ega bo‘lishdi. Tadbir yakunida g‘olib talabalarga POWERCHINA kompaniyasining vitse-prezidenti janob Syun Lisin tomonidan sertifikatlar rasman topshirildi.

 

Tadbir qatnashchilari bunday o‘zaro manfaatli hamkorlikning nafaqat muayyan mamlakat, balki hamkor mamlakatlar miqyosida ham suv xo‘jaligi majmuasining “Ilm-ta'lim-ishlab chiqarish” tizimidagi integratsiyani rivojlanishiga ijobiy ta'sir etishiga ishonch bildirishdi. 

Mavzuga oid