Jahon | 20:45 / 28.07.2018
6781
2 daqiqa o‘qiladi

Ekologlar insoniyatning dunyo okeaniga ta'siri ko‘lamini hisoblab chiqishdi

Foto:AP/ Scripps Institution of Oceanography, Mario Aguilera

Avstraliya va AQSh olimlari guruhi dunyo okeanining holatini tahlil qilib, insoniyat tomonidan undagi tegilmagan suv hududlari hajmini hisoblab chiqishdi. Ularning tadqiqoti Current Biology jurnalida chop etildi.

Tadqiqotga ko‘ra, insoniyat tomonidan tegilmagan suv hududlari maydoni 55 mln kvadrat kilometr, ya'ni dunyo okeani maydonining 13 foizga yaqinini tashkil qilar ekan. Ta'kidlanishicha, bu hududdan 5 foizdan kamrog‘i qonunchilik tomonidan himoya qilinadi.

Olimlar o‘z tadqiqotlarida okeanga insoniyat faoliyatining 12 turi, jumladan yuk tashish, transport, baliqchilik, sanoat oqova suvlari va qishloq xo‘jaligi o‘g‘itlari tashlanishi ta'sirini o‘rganishgan. Ushbu ro‘yxatdan kamida 15 omil deyarli ta'sir qilmagan hududlar inson tomonidan tegilmagan hudud deb hisoblangan. 

Natijada olimlar inson tomonidan tegilmagan eng katta “yovvoyi” hududlar Hind-Tinch okeani mintaqasida, Arktika va Antarktikada ekanini aniqlashgan. Bu maydon 16 mln kvadrat kmni tashkil qilar ekan. Shuningdek, inson tomonidan eng kam tegilmagan suv hududlari Afrika janubini o‘rovchi suv hududlari ekani aniqlangan.

Olimlarning aytishicha, bunday “yovvoyi” hududlar sayyoramiz ekologiyasi uchun juda muhim ahamiyatga ega, chunki ularda biologik turlar turfa xilligi boshqa hududlardan ancha ko‘proq. Bunday hududlarning himoyalanishi sayyoramiz bioturfaligini saqlab qolishda yordam ko‘rsatadi.

Mavzuga oid