Light | 00:19 / 03.08.2018
133838
3 daqiqa o‘qiladi

Xalq artisti ham ishtirok etgan Kiki challenge nima o‘zi?

Kiki challenge raqsi kanadalik repper Dreykning In My Feelings qo‘shig‘i sadolari ostida ijro etiladi. Aslida biror harakat challenge (kimnidir musobaqalashishda ishtirok etishga chaqiriq, chorlov) darajasiga ko‘tarilishi uchun ko‘rinishidan quvnoq, noodatiy va uddalab olish qiyin bo‘lmagan sinov tanlab olinadi. 

Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yili Ice bucket challenge (muz va suv to‘la chelakni ustidan quyish), Mannequin challenge (bir joyda qotib turish), Water bottle (suv bilan to‘ldirilmagan baklajkani charx aylantirib tik qo‘yish) kabi ko‘ngilochar «o‘yinlar» ancha ommalashgandi. 

Endilikda ijtimoiy tarmoqlarda Dreykning qo‘shig‘iga hamohang raqs tushuvchilar ko‘paygan. Buning nimasi antiqa yoki musobaqaga tortadi? Gap shundaki, «raqqoslar» mashinadan tashqarida, yo‘l-yo‘lakay raqsga tushib borishi kerak. 

Unda mashhurlardan tortib bog‘cha tarbiyalanuvchilari ham ishtirok etmoqda. Ushbu challenge ishtirokchilari orasida o‘zbekistonlik mashhur xonanda Yulduz Usmonova ham bor, uning KIKI raqsi bir zumda ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarni keltirib chiqardi. 

Kimdir «hoji onaga yarashmabdi» desa, boshqasi «Oliy Majlis sobiq deputati, O‘zbekiston xalq artistining harakati boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerak edi» deydi. 

Ko‘p o‘tmasdan xonandaning o‘zi bunday munosabatga javob berdi. 

Unga ko‘ra, «hojilik maqomi Alloh uchun, har qanday da'vo bo‘lsa, u yuqoriga». Yulduz Usmonova esa «35 yildan beri sahnada Kiki qilib yuribdi». Mantiqan to‘g‘ri aytadi u: 35 yil sahnada «Kiki qilib» yurgan xonandadan yana nimani kutamiz? 

Shunga qaramay, challenge'ning ahamiyatga molik salbiy tomoni bor: bunaqa raqsga tushish uchun yo‘l-harakati qoidasini qasddan buzish kerak. Yulduz Usmonova aks etgan raqs O‘zbekiston hududida tasvirga olinmaganini inobatga olsak, bunday raqsni ommalashtirishga urinish, noto‘g‘ri tashviqot hisoblanadi. Bu Yulduz Usmonova ta'kidlaganidek, «tirnoq ichidan kir qidirish» emas, balki huquqiy fuqarolik jamiyatida barcha qonun oldida tengligi, uni hurmat qilishini eslatishdir.

Mavzuga oid