Jahon | 21:49 / 07.08.2018
14983
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy rasmiylari "Tolibon" vakillari bilan uchrashgani ma'lum bo‘ldi

Foto: getty images

Xitoylik amaldorlar Afg‘onistondagi "Tolibon" terrorchi harakati a'zolari bilan bir necha marta muzokaralar olib borishgan. Financial Times Pokiston hukumatidagi manbalariga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, bu Pekinning Afg‘onistonda 17 yildan buyon davom etib kelayotgan urushning tugashida sezilarli rol o‘ynash istagi bilan bog‘liq. Uchrashuvlarni tashkillashtirishda qatnashgan gazeta suhbatdoshlarining aytishicha, Xitoy toliblar bilan aloqa o‘rnatishga astoydil harakat qilmoqda. Uchrashuvning asosiy maqsadlaridan biri shuningdek Xitoydagi Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumanidagi musulmonlar bilan bog‘liq vaziyat muhokamasi bo‘lgan. 

"Xitoyliklar uchrashuvni tashkillashtirishga mas'uliyat bilan yondashishdi, - deya ma'lum qiladi ulardan biri. - Toliblar Pekinda masjidda bo‘lishgan va halol taom bilan oziqlanishgan". Manbada ta'kidlanishicha, tadbirning maqsadi nafaqat terrorchilarni muloqotga chorlash, balki xitoyliklar musulmonlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishini ko‘rsatish ham bo‘lgan. Shuningdek, uchrashuvda Shinjon-Uyg‘urdan chiqqan ekstremistlarning Afg‘oniston hududiga qochib, Pekinga qarshi harakatlarni tashkillashtirish muammosi ham muhokama qilingan. 

Xitoy TIVda toliblar bilan muhokamalar haqidagi ma'lumot rad etilmadi. Idora vakili bayonotiga ko‘ra, XXR Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini hamda ziddiyatga jalb qilingan barcha tomonlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. 

Financial Times Qatarda toliblar va AQSh isteblishmenti vakillari o‘rtasida o‘tgan kamida ikki uchrashuv haqida ham ma'lum qilgan. Biroq, manbaning so‘zlariga ko‘ra, xitoylik amaldorlar amerikalik hamkasblariga nisbatan ko‘proq muvaffaqiyatga erishishgan.

Mavzuga oid