Light | 10:49 / 17.08.2018
20920
3 daqiqa o‘qiladi

Nima uchun ko‘pincha budilnik qo‘ng‘irog‘idan avval uyg‘onamiz?

Oramizda kim erta tongda uyg‘onib, uyg‘otgichga balki uxlash uchun yana biroz vaqt bordir, degan umid bilan nazar solgan? Biroq aksiga olib, bir necha daqiqalardan keyin turish kerak bo‘ladi. Bundan chiqdi, organizmimiz uyg‘otgich kabi ishlar ekan-da!

Foto: Fotolia

Biz barcha jarayonlar miya yordamida boshqariladigan murakkab biologik tizim egasimiz. Uning bir sohasi – gipotalamusda supraxiazmotik yadro bo‘lib, bizning biologik soatlarimiz – sirkad sur'atini nazorat qiladi.

Tsirkad sur'ati sayyoramizdagi barcha tirik organizmlarda mavjud. Ular turli biologik jarayonlar, masalan gormonlar ishlab chiqarish faolligini nazorat qiladi. Ko‘pincha sirkad sur'ati kun va tunning almashinuviga bog‘liq. Biroq organizmimiz uyqudan uyg‘onadigan va uxlaydigan biologik vaqt onlarini eslab qolib, kundalik vazifalarga moslasha oladi.

“Uxlash-uyg‘onish” siklining almashinuvida PER1 oqsili katta rol o‘ynaydi. Organizmda uning darajasi pasaysa, yurak urishi sekinlashadi, qon bosimi va harorat tushadi. Uyqu vaqtida aynan shu hol yuz beradi. Uyg‘ongach, daraja ko‘tariladi, organizm biologik jarayonlariga “turtki beradi” va o‘zimizni tetik his etamiz.

Uyg‘otgich ovozidan kutilmaganda uyg‘onish – organizm uchun doim zo‘riqish hisoblanadi. Uni biroz kamaytirish maqsadida, organizm PER1 oqsilini ishlab chiqarish sirkad sur'atini uyg‘otgich jiringlash vaqtiga moslashtiradi. Shu yo‘l orqali tanamiz erta uyg‘onish bilan bog‘liq zo‘riqishni u qadar kuchli bo‘lmasligiga erishadi: uyqu vaqtidayoq yurak urishi, qon bosimi asta-sekin oshib boradi, gormonal fon ham ortadi. Vaqt o‘tishi bilan miya uyg‘onish vaqtiga shu qadar moslashadiki, uyg‘otgich qo‘ng‘irog‘idan bir necha daqiqa oldin ko‘zimizni ochamiz. O‘zingizga quloq solib ko‘ring: bu vaqtda biz o‘zimizni uyg‘otgich yordamida turgandan ancha tetik his qilamiz.

Mavzuga oid