Light | 22:08 / 21.08.2018
115602
11 daqiqa o‘qiladi

Yuqorida va pastda o‘tirganlarning farqi (hayotiy masallar)

Bir kuni qurbaqachalar musobaqa uyushtirishdi. Ularning maqsadi minora tepasiga chiqish edi. Bu musobaqani tomosha qilish va ularning ustidan kulish uchun juda ko‘p tomoshabin yig‘ildi. Musobaqa boshlandi...

Hech kim qurbaqachalarning minora tepasiga chiqishiga ishonmasdi. Yig‘ilganlar shunday deb xitob qilishdi: «Bu judayam qiyin!», «Ular yuqoriga hech qachon chiqa olishmaydi», «Buning imkoni yo‘q! Minora o‘ta baland!».

Qurbaqachalar birin-ketin yiqila boshladi.

Maqsadi sari intilmayotgan ayrim qurbaqachalardan tashqari, boshqalari yanada yuqorilay boshlashdi. Yig‘ilganlar baribir «Juda qiyin!!! Hech biri yuqoriga yeta olmaydi!», deya xitob qilishda davom etdi.

Qolgan qurbaqachalar ham charchab, yiqila boshladi... Faqat bitta qurbaqacha yuqoriga intilishda davom etardi. U aslo taslim bo‘lmasdi!

Nihoyat hamma taslim bo‘ldi. Faqatgina tinmasdan yuqorilayotgan o‘sha qurbaqachadan tashqari! U minora tepasiga yetib bordi. Barcha yig‘ilganlar uning qanday qilib bunga erishganini bilishni istardi. To‘planganlardan biri undan yuqoriga chiqish uchun qanday kuch topganini so‘radi. 

Ma'lum bo‘lishicha, g‘olibning qulog‘i og‘ir bo‘lib, atrofdagilarning baqir-chaqirlarini eshitmagan ekan!

Xulosa: Hech qachon atrofingdagilarning salbiy fikrlariga quloq solma. Ular sening eng buyuk orzu va istaklaringni bo‘g‘ishadi. O‘zingga va o‘z kuchingga ishon! Maqsad sari olg‘a yur! Sen bunga qodirsan!

Foto: Pixabay

“Menga aloqasi yo‘q” dema

Bir kuni sichqon ferma egasi qopqon qo‘yganini ko‘rib qoldi. U bu haqda tovuq, qo‘y va sigirga aytdi hamda qopqonni sindirib tashlashni so‘radi. Ularning barchasi bir ovozdan “Qopqon – sening muammoing, uning bizga hech qanday aloqasi yo‘q!” deyishdi.

Bir necha kundan keyin ilon qopqonga tushib qoldi va alamidan fermerning xotinini chaqib oldi. Xotinini davolashga uringan fermer tovuqni so‘yib xotiniga sho‘rva pishirib berdi. So‘ngra bemorni ko‘rgani kelganlarga taom tayyorlash uchun qo‘yni so‘yishdi. Nihoyat azaga kelgan barcha mehmonlarga taom tayyorlash uchun sigirni ham so‘yishga to‘g‘ri keldi. Sichqon bularning barini inida kuzatib o‘tirarkan, hech kimga hech qanday aloqasi yo‘q narsalar haqida o‘ylardi.

Xulosa: Agar biror narsaning sizga bevosita aloqasi yo‘q bo‘lsa, bu siz hech qachon o‘sha narsaga duch kelmasligingizni bildirmaydi.

O‘zganing ishiga aralashma

Fermada ot kasal bo‘lib qoldi.

Uni ko‘rgan fermer o‘ziga-o‘zi dedi:

— Agar ertalab o‘rnidan turmasa so‘yib yuboraman.

Ertalab ot o‘rnidan turmadi. Uning yonida yotgan qo‘chqor otni turishga undayverdi:

— Bo‘l, tur o‘rningdan, bo‘lmasa o‘lasan!

Ot o‘rnidan turdi.

Otning tuzalganini ko‘rgan fermer xursand bo‘lib ketdi:

— Bu mo‘'jiza! Buni nishonlash kerak! Qo‘yni so‘yib ziyofat uyushtiraman!

Xulosa: O‘zgalarning ishiga aralashma, ammo qopqon haqidagi masalni ham unutma.

Foto: Pixabay

Yuqorida va pastda o‘tirganlarning farqi

Burgut baland daraxt shoxida viqor bilan o‘tirgandi.

Uni ko‘rib qolgan kichkina quyoncha burgutdan so‘radi:

— Men ham sizga o‘xshab hech narsa qilmasdan dam olib o‘tirsam bo‘ladimi?

— Albatta bo‘ladi, — dedi burgut.

Quyoncha daraxt tagiga yonboshladi. Birdan uning yonidan tulki o‘tib qoldi va quyonchani tutib yeb qo‘ydi.

Xulosa: Hech narsa qilmasdan o‘tirish uchun judayam balandda bo‘lish kerak.

O‘zingni o‘zgartir

Bir kaptar tinmay uyini almashtirardi. U har bir yashagan uyidan kelayotgan badbo‘yga chiday olmasdi. Bir kuni u donishmand kaptarga mana shu muammoni aytib maslahat so‘radi. Keksa kaptar uning so‘zlarini sabr bilan tingladi va dedi:

— Gapimga quloq sol. Sen uyingni ming marta almashtirganing bilan hech narsa o‘zgarmaydi. Sen chiday olmayotgan o‘sha hid uylardan emas, sening o‘zingdan kelyapti.

Foto: Pixabay

Bir chelak olma

Bir kishi yangi hovli sotib oldi. Hovli katta, chiroyli va olma bog‘i ham bor edi. Uning yonida esa hasadgo‘y qo‘shni yashardi: u har kuni hovliga axlat tashlab ketardi.

Bir kuni yangi qo‘shni ertalab turib tashqariga chiqdi. Darvozasi tagida bir chelak axlat turardi. U chelakni olib, axlatni to‘kib tashladi, chelakni yaltiratib-tozalab yuvdi, uning ichini katta-katta, shirin olmalar bilan to‘ldirdi va qo‘shnisining darvozasini taqillatdi. Janjal chiqishini kutib o‘tirgan qo‘shni eshikni ochdi, kishi esa qo‘lidagi olma to‘la chelakni uzatdi va dedi:

– Har kim o‘zida borini ulashadi!

Sayyoh

Bir sayyoh donishmand huzuriga keldi. Sayyoh donishmandning uyi kitoblar to‘la bittagina xonadan iboratligini ko‘rib hayron qoldi. Xonada hech qanday mebel yo‘q edi.

— Ustoz, mebellaringiz qani? — deb so‘radi sayyoh.

— O‘zingning mebellaring qani?— dedi donishmand.

— Menikimi? Men vaqtinchalikka kelgan sayyohman-ku.

— Men ham.

Foto: Pixabay

Idish emas, uning ichidagi muhim

Universitetni bitirib, ishda muvaffaqiyatlarga erishgan bir guruh bitiruvchilar qari professorlarining uyiga mehmonga kelishdi. Bir ozdan so‘ng suhbat mavzusi og‘ir mehnat va hayotdagi muammolarga burildi. Professor oshxonaga kirib qahva tayyorladi va mehmonlar oldiga olib chiqdi. Qahva turli finjonlarga quyilgandi – finjonlar chinni, shisha, plastik, metall, billurdan tayyorlangan, bejirimi ham, oddiysi ham, arzoni ham, qimmati ham bor edi.

Mehmonlar finjonlarni qo‘llariga olishganidan so‘ng professor dedi: E'tibor bergan bo‘lsangiz, hammangiz qimmatbaho va chiroyli finjonlarni tanladingiz. Oddiy va arzon finjonlardagi qahvani hech kim olmadi. Sizlarning muammolaringiz sababi faqat eng yaxshi narsaga ega bo‘lish istagidir. Shuni bilingki, finjon qahvani shirin qilmaydi. U ba'zan qimmat bo‘lishi, lekin ichidagi esa hech narsaga arzimaydigan narsa bo‘lishi mumkin. Aslida sizlarning maqsadingiz finjon emas, qahva edi. Ammo sizlar eng yaxshi finjonlarni tanladingiz. So‘ngra kimga qanaqa finjon tekkanligiga e'tibor qaratdingiz. Endi esa gapimga quloq soling: hayot bu qahva, ish, pul, mansab, jamiyat esa finjonlar. Ular hayotimizni davom ettirish uchun shunchaki vositalar xolos. Biz qanday finjonga ega bo‘lishimiz hayotimizni belgilab bermaydi va uning sifatini o‘zgartirmaydi. Ba'zida finjonga tikilib qahvaning ta'midan lazzat olishni unutamiz. „Qahva“ngizdan zavq oling!

Hayot zavqi nimada

Xodim devonxonadan chiqar ekan, qirol saroyiga o‘kinch bilan qaradi va o‘yladi: «Afsus, qirol oilasida tug‘ilmaganman-da. Judayam jo‘n kun kechiryapman».

U turli asbob-uskunalar va odamlar shovqini eshitilayotgan shahar markaziga yaqinlashdi. Bu yerda quruvchilar yangi bino qurishayotgandi. Quruvchilardan biri qo‘lida qog‘oz to‘la jild ko‘tarib ketayotgan xodimni ko‘rib qoldi va o‘yladi: «Afsus, otam o‘qi deganida o‘qimagan ekanman, hozir men ham anavi kishiga o‘xshab qog‘oz-qalam bilan saroyda o‘tirib ishlayotgan bo‘lardim. Kunlarim judayam oddiy o‘tyapti».

Bu paytda qirol saroy derazasidan maydonni kuzatib o‘tirardi. U shahar markazida u yoqdan-bu yoqqa o‘tayotgan ishchilar, xizmatchilar, quruvchilar, sotuvchilar, bolalarga tikilgancha ko‘chada sayr qilish, jismoniy mehnat bilan shug‘ullanish, kimningdir qo‘lida ishlash qanchalar yoqimli va umuman siyosat, mamlakatni boshqarish haqida bosh qotirmaslik qanchalar orombaxsh ekanligi to‘g‘risida xayol surardi.

— Eh, mana shu oddiy odamlarning hayoti qanchalar oddiy. Shulardek kun kechirsam qaniydi, — dedi u xo‘rsingancha.

Foto: Pixabay

Qurigan daraxt

Bir qush cho‘l o‘rtasidagi qurigan daraxt shoxiga in qurgandi. Bir kuni qattiq bo‘ron turib daraxtni ildizi bilan qo‘porib tashladi. Bechora qush in qurgani daraxt izlab yuzlab chaqirim yo‘l bosdi va nihoyat ostida suv shildirab oqadigan, sarxil mevalar pishib yotgan bog‘ga yetib keldi.

Agar o‘sha qurigan daraxt ag‘darilmaganida, hech qanday kuch qushni cho‘lni tark etishga majbur qila olmasdi.

Qadriyatga aylangan odat

Har safar ustoz va uning shogirdlari endigina ibodat qilmoqchi bo‘lib turganida ibodatxonaga mushuk kirib kelar va ularga xalaqit berardi. Shunda ustoz shogirdlariga ibodat vaqtida mushukni bog‘lab qo‘yishni buyurdi. Ustoz o‘lganidan keyin ham shogirdlar odatga ko‘ra mushukni bog‘lab qo‘yib ibodat qilishda davom etishdi. Mushuk o‘lganidan so‘ng shogirdlar ustozning buyrug‘iga amal qilish uchun boshqa mushuk boqib olishdi va ibodat qilayotganlarida uni bog‘lab qo‘yadigan bo‘lishdi. Oradan asrlar o‘tdi. Ustozning davomchilari katta olimlarga aylanib kitoblar yozishdi. Ular kitoblarida ibodat vaqtida mushukni bog‘lab qo‘yish juda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta'kidlashgandi.

Mavzuga oid