Jamiyat | 16:50 / 04.09.2018
62435
8 daqiqa o‘qiladi

Oilaviy zo‘ravonlik: Nohaqlik va to‘liq nazorat

Foto: Flickr

Ayolga nisbatan ayniqsa turmush o‘rtog‘i tomonidan zo‘ravonlikning qayd etilishi sog‘liqni saqlash va inson huquqlari buzilishi yo‘lidagi jiddiy muammodir.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, dunyodagi har uchinchi ayolga hayoti davomida o‘z umr yo‘ldoshi tomonidan jismoniy tazyiq o‘tkaziladi. Turmush qurgan ayollarning 30 foizi hamrohi tomonidan zo‘ravonlik holatlariga duch kelganlari haqida ma'lum qiladi. Ayollar o‘limining 38 foizi ularning turmush o‘rtog‘i tomonidan amalga oshiriladi va zo‘ravonlikka duch kelgan ayollarning 42 foizigina muammo haqida ochiq so‘zlaydi.

Oilaviy zo‘ravonlik - o‘z ko‘lamiga ko‘ra global muammo. U turmush darajasi va demokratizatsiya formatidan qat'i nazar, dunyoning barcha mamlakatlarida kuzatiladi. Ayollardan nafratlanuvchi erkaklarni faqat qashshoq yoki badavlat, oliy ma'lumotli yoki ma'lumoti yo‘q, yevropalik yo osiyolik deb ajratib bo‘lmaydi. Bundaylarning alohida bir millati yo e'tiqodi bo‘lmaydi.

Afsuski, O‘zbekiston ham bundan mustasno emas. Bizning mamlakatimizda maishiy yoki "uy zo‘ravonligi"ga ko‘pincha bir oila muammosi sifatida qaralgan. Odamlar bunday muammolarni uydan tashqariga olib chiqmaslikka harakat qilishadi. Aksariyat holatlarda zo‘ravonlik qurboni sharmandlik va turli gap-so‘zlardan qo‘rqib, jim yurishga majbur bo‘ladi. Bunday vaziyatda qolgan ayollarning indamasligiga bir necha sabab bo‘ladi. Kimlardir moliyaviy yordamsiz qolishdan qo‘rqsa, boshqalari farzandlari va o‘z hayoti uchun xavfsiraydi. Zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayol har tomonlama qiyin holatda qoladi. Ayniqsa, hatto eng yaqin insonlari ham bu muammoni hal qilishdan o‘zini olib qochganda. Oxir-oqibat bu doimiy qo‘rquv, depressiya, o‘z joniga qasd qilish kabilar bilan tugaydi.

Muammo, uning sabablari  va hal qilish usullari

Maishiy zo‘ravonlik nima? Maishiy zo‘ravonlik - bir inson o‘z umr yo‘ldoshini total nazorat ostiga olib, o‘zaro munosabatlarda to‘liq hukmronlik qilishga urinishi. Bu jismoniy va axloqiy ustidan kulish holatlarida yoki moliyaviy holatini suiste'mol qilishda namoyon bo‘lishi mumkin. Jismoniy zo‘ravonlik jismoniy jarohatlarga olib keladi va ba'zi holatlarda hayot uchun xavf tug‘diradi.

  • Ayolga qo‘l ko‘tariladi, kaltaklanadi, jismoniy zo‘ravonlik ishlatiladi.

Axloqiy zo‘ravonlik - o‘z "o‘ljasi" ustidan hukmronlik o‘rnatishning samarali usuli. Bu ko‘pincha tashqaridagi odamlar uchun ko‘rinmaydi.

  • Ayol tahqirlanadi, tanqid qilinadi, unga, farzandlariga, qarindoshlariga ziyon yetkazish bilan tahdid solinadi, doim nazoratda bo‘ladi, barcha tadbirlarda kuzatiladi, ba'zan shaxsiy buyumlarigacha yo‘q qilinadi.

Moliyaviy holatini suiste'mol qilish - bu zo‘ravonga o‘z "o‘ljasi" ustidan nazorat o‘rnatish uchun moliyaviy vositalardan foydalanish imkonini beruvchi maishiy zo‘ravonlik turi.

  • Mustaqil daromad topishni taqiqlash (ishlashga ruxsat bermaslik), amalga oshirilgan xaridlar haqida to‘liq hisobot berish, bolalarni ta'minlash uchun aliment to‘lamaslik, oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechaklar uchun pul bermaslik.

Maishiy zo‘ravonlikka qarshi qanday kurashish mumkin? Bunga qarshi yolg‘iz kurashib bo‘lmaydi. Qo‘rqib yashovchi, ruhiy jihatdan ezilgan zo‘ravonlik qurboni aniq va "shafqatsiz" qarorlar qabul qilish holatida bo‘lmaydi. Bu yerda nafaqat yaqinlarning, balki davlat tomonidan ham qo‘llab-quvvatlash kerak bo‘ladi. Zero zo‘ravonlik, eng avvalo, shaxsga qarshi jinoyat, shaxsiy erkinlik huquqlarining buzilishidir.

Butun dunyoda bu kabi jinoyatlar profilaktikasi bo‘yicha katta tajriba, maxsus qonunchilik me'yorlari va bunday kishilarni reabilitatsiya qilishga doir standartlar  mavjud. O‘zbekistonda ham bu normalar rivojlanmoqda. Prezident qaroriga (№3827) muvofiq, Adliya vazirligi Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda Oilaviy zo‘ravonlik tajribasi to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqmoqda. Mamlakatimizda bunday  zo‘ravonlik tushunchasi birinchi marta qonun doirasida belgilanadi. Qonun himoya mexanizmlari, taqiqlovlar, chora-tadbirlar, protsessual kafolat kabilarni tatbiq qilishga yo‘naltiriladi.

Respublika reabilitatsiya va shaxslar adaptatsiyasi markazida zo‘ravonlikdan aziyat chekkan kishilarga yordam ko‘rsatiladi. Profilaktika ishlari bilan esa Bosh prokuratura, IIV, Ta'lim vazirligi va Xotin-qizlar qo‘mitasi shug‘ullanadi.

Indamay yurmang! Zo‘ravonlikka qarshi kurashda huquqiy mexanizmlar ta'siri bo‘lsa, yaxshi, albatta. Biroq zo‘ravonlik qurbonlari asosan "indamaslar" ekanini ham unutmaslik kerak. Shunday ekan, ularni zo‘ravonlik faktini tan olish, zo‘ravonlikdan normal hayotgacha bo‘lgan qadamlarga o‘rgatish kerak. Bunda eng asosiy zveno odamlar va atrof-muhit bo‘ladi. Xalq orasida ko‘p qo‘llanuvchi "uradimi, demak - sevadi" degan tushunchaga umuman o‘rin bo‘lmasligi kerak. Psixologlarning fikricha, bir marta qo‘l ko‘tardimi, bu holat yana takrorlanish ehtimoli yuqori. Zo‘ravonlikka imkon berish kerak emas. Kaltak va haqoratlardan aziyat chekayotgan ayol "Sabr qil!" emas, "Biz senga yordam beramiz!" degan gapni eshitgisi keladi. Hatto ba'zi sabablarga ko‘ra yordamdan voz kechayotgan ayol ham yordamga muhtoj bo‘ladi. Yaqinlaringiz, tanish ayollar, dugonalaringiz yoki bolalarda kaltaklanish izlarini ko‘rsangiz, indamay yurmang!

Bolalar xavf ostida. Bolalar - maishiy zo‘ravonlikda alohida mavzu. Ular zo‘ravonlikning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurboni bo‘lishi bilan birga, onaga nisbatan qo‘llanayotgan xatti-harakatlarning ma'lum qismini o‘zlashtirishi xavfi ham bor. Bunday oilada bolaning reallikni qabul qilishi buziladi, zero u uchun haqorat va kaltaklar asta-sekin normal holatga aylanib boradi. Katta bo‘lgach uning o‘zi ham ana shunday zo‘ravonlik xatti-harakatlarini qo‘llashi mumkin yoki shunchaki bunday "yuk"ni ko‘tara olmaydi va bu ko‘pincha o‘z joniga qasd qilish bilan tugaydi.

Shu o‘rinda KUN.UZ o‘quvchilarida savol paydo bo‘lishi mumkin: "Erkak qanday qilib zo‘ravonga aylanadi?" Bu haqida esa keyingi "Oilaviy zo‘ravonlik. Zo‘ravonni qanday aniqlash mumkin?" maqolasida ma'lumot beramiz.

Natalya Kucheryavaya

Mavzuga oid