Iqtisodiyot | 11:11 / 10.09.2018
4550
3 daqiqa o‘qiladi

Yangi jamg‘arma blokcheyn texnologiyalari joriy etilishini qo‘llab-quvvatlaydi

Foto: topwar.ru

«Raqamli ishonch» jamg‘armasi tashkil etildi. Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqilmoqda. Prezidentning 2.09.2018 yilda e'lon qilingan PQ–3927-son qarorida shular nazarda tutilgan.

Norma’ning yozishicha, «Raqamli ishonch» raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi investitsiyaviy, moliyaviy va boshqa resurslarni raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlarida konsolidatsiyalash maqsadida faoliyat yuritadi. Jamg‘arma tasarruf etadigan mablag‘lar haqidagi axborot jadvalda keltirilgan:

Jamg‘arma Kengashi tashkil etildi. Yaqin orada u quyidagilarni amalga oshirish chog‘ida «blokcheyn» texnologiyalari bosqichma-bosqich joriy etilishini ham nazarda tutuvchi raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi:

• markazlashtirilgan manbalar hisobiga moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari, davlat va mintaqaviy dasturlar amalga oshirilishini monitoring qilish;

• Davlat byudjyeti mablag‘lari kelib tushishi va sarflanishi, davlat organlarida to‘lov intizomiga rioya etilishi ustidan nazorat qilish;

• sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta'minot, ta'lim va madaniyat sohalarida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek ajratiladigan byudjyet mablag‘lari taqsimlanishini monitoring qilish;

• shu jumladan idoralararo hamkorlik qilish, davlat xaridlarini amalga oshirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish, shaxs to‘g‘risidagi ma'lumotlarni verifikatsiyalash chog‘ida davlat organlari faoliyatini tashkil etish;

• davlat kadastrlari, reyestrlar, klassifikatorlar va boshqa ma'lumotlar bazalarini yuritish, shu jumladan ularga kiritilgan axborotni aktuallashtirish va ulardan foydalanish;

• shu jumladan biznes-jarayonlarni takomillashtirish, ishlab chiqarish, ma'muriy va operatsion jarayonlarni maqbullashtirish, shuningdek zamonaviy menejment va resurslar boshqaruvini joriy etish uchun ustav kapitalida (ustav fondida) davlat ishtiroki ustunlik qiladigan yirik tijorat tashkilotlarida korporativ boshqarish;

• bank va moliya sektorlaridagi tranzaksiya operatsiyalari, shu jumladan kliring operatsiyalari, elektron to‘lovlar, sug‘urtalash, savdoni moliyalashtirish (akkreditiv) va loyihalarni kreditlashni monitoring qilish.

Jamg‘arma quyidagi manzilda joylashgan: Toshkent sh., I. Karimov ko‘ch., 1-uy.

Hujjat 2.09.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid