O‘zbekiston | 11:40 / 15.09.2018
63993
4 daqiqa o‘qiladi

Paxta-2018. Paxta terimi uchun nafaqaxo‘rlardan pul yig‘ib olingani aniqlandi

Toshkent viloyatida 2018 yilgi paxta terimi mavsumi uchun nafaqaxo‘rlardan ma'lum miqdordagi pullar ushlab qolingani aniqlandi va surishtiruvlar natijasida ushbu pullar egalariga qaytarildi.

Huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyev telegramdagi kanalida ma'lum qilishicha, majburiy mehnatga qarshi kurashish maqsadida jamoatchilik nazorati loyihasi sifatida tashkil etilgan maxsus botga (@paxta2018_bot) Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida pensionerlarning pensiyasidan paxta uchun pul ushlab qolishganligi haqida murojaat yo‘llangan.

Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan ushbu murojaat o‘rganib chiqilgan.

«Yangiyo‘l shahar hududidagi 15ta mahallada nafaqa oluvchi fuqarolardan noqonuniy ravishda paxta yig‘im terimi uchun pul mablag‘lari yig‘ilayotgani holati aniqlanmadi. Biroq, o‘rganishda Yangiyo‘l shahar, «Yangibog‘» M.F.Y. raisi A.R. va mas'ul kotibi X.B. tomonidan paxta terimi uchun nafaqa oluvchi fuqarolardan pul mablag‘lari yig‘ilgani ma'lum bo‘ldi.

Jumladan, murojaatda keltirilgan vajlarni tekshirish davomida «Yangibog‘» M.F.Y. raisi A.R.ning paxta yig‘im terimiga vodiydan jalb qilingan terimchilar uchun mahallaning har bir xonadondan 25 ming so‘mdan pul yig‘ish to‘g‘risidagi topshirig‘iga asosan M.F.Y. mas'ul kotibasi X.B. nafaqa tarqatilishi vaqtida nafaqaxo‘rlardan 25 ming so‘mdan pul yig‘ilgani va uyiga olib borib qo‘ygani aniqlangan.

X.B. tomonidan nafaqaxo‘rlardan paxta yig‘im terimi uchun yig‘ilgan jami 1.586.000 so‘m naqd pullar va pul bergan nafaqaxo‘rlar ro‘yxati tuzilgan daftar taqdim etildi.

Ushbu daftar ko‘zdan kechirilganda jami 71 nafar fuqarodan 1.470.000 so‘m yig‘ilgani haqida ma'lumotlar borligi aniqlandi.

Mazkur mahalla fuqarolar yig‘inidagi 71 nafar fuqaroning 54 nafaridan tushuntirish xati olinganda, ularning 33 nafari o‘z xohishi bilan pul berganini tasdiqlagan.

Bundan tashqari, o‘rganish davomida Yangiyo‘l shahar «Mahalla xayriya jamoat fondi» raisi A.A. 2018 yil paxta yig‘im terimi uchun 15ta M.F.Y. raislari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda Farg‘ona viloyatidan jami 150 nafar terimchi olib kelishga kelishilgani, 2018 yil sentabr oyi boshlarida 15ta mahalla fuqarolar yig‘inlari raislaridan 1.000.000 so‘mdan jami 15.000.000 so‘m pul yig‘ilib, Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidan terimchilar bilan 750.000 so‘mdan kelishib, avans tariqasida har biriga 100.000 so‘mdan berib kelingani, ushbu pullar paxta yig‘im terimiga chiqishni xohlamagan «uyushmagan aholi»dan va homiylar hisobidan yig‘ib olib berishni rejalashtirilishi aniqlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tekshirish harakatlari davom etmoqda», deyiladi xabarda.

Sizda ham majburiy mehnatga oid ma'lumotlar bo‘lsa @paxta2018_bot maxsus boti orqali xabar berish so‘raladi.

Mavzuga oid