Iqtisodiyot | 14:26 / 21.09.2018
34809
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning asosiy qarzlari uzoq muddatli ekani ma'lum bo‘ldi

Foto: Getty Images

2018 yil 1 iyul holatiga O‘zbekiston umumiy tashqi qarzi hajmi 15,8 mlrd dollarni tashkil etib, 2018 yil boshiga nisbatan 0,02 foizga yoki 3,4 mln dollarga oshdi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida aytiladi.

Qarzdorlikning o‘sishi davlat sektoriga (479 mln dollar) to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, xususiy sektor qarzdorligi 476 mln dollarga kamaydi.

«Shu tariqa, davlat tashqi qarzi davlat loyihalarini moliyalashtirish uchun yangi qarzlarni jalb etish hisobidan o‘sish tendensiyasini saqlab qoldi», - deya ta'kidlanadi hisobotda.

Yilning birinchi yarmida xususiy sektor tomonidan 298,6 mln AQSh dollari miqdorida qarzlar jalb etildi.

Qarzlar jalb etish asosan banklar tomonidan amalga oshirildi - 176,6 mln dollar, ulardan - 110,6 mln dollar davlat ulushiga ega banklar, to‘qimachilik sohasi korxonalari tomonidan - 24,3 mln dollar va iqtisodiyotning boshqa sektorlari korxonalari tomonidan - 63,9 mln dollar.

O‘zbekistonning asosiy qarzlari - uzoq muddatli. Masalan, 1 yilgacha bo‘lgan qarzlarga 170 mln dollar to‘g‘ri keldi (1 foiz), 5 yilgacha - 985 mln dollar (6 foiz), 10 yilgacha - 1,1 milliard dollar (7%). 13,5 mlrd dollar yoki 86 foizni 10 yildan uzoq muddatdagi qarzlar tashkil etadi.

Mamlakat I yarim yillikda umumiy qiymati 686,3 mln dollarlik qarzlar va 176,6 mln dollarlik foizlarni to‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mehnat migrantlari O‘zbekiston daromadlari hisobiga profitsitni ta'minlab berishgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid