Jamiyat | 12:50 / 25.09.2018
62178
6 daqiqa o‘qiladi

Beshariqda paxta punktlari hosilni qabul qilmayapti, fermerlar sarson bo‘lmoqda

Bu yil vodiy viloyatlarida paxta hosili biroz kech yetildi. Ko‘pni ko‘rgan dehqonlar ham paxta hosili 15-20 kunga kechikkanini aytishmoqda. Buning ustiga kuzning sovuq kunlari ham har yilgidan ertaroq boshlanadigan ko‘rinadi...

Fermerlar hosilni ertaroq yig‘ishtirib olish harakatiga tushishgan. Har bir yomg‘ir yog‘ishi esa tayyorlov idoralariga topshiriladigan paxtaning navini pasaytirib yuboradi. Juda ko‘p tumanlarda 10-15 sentabr kunlari paxta terimiga kirishilgan.

Bu yilgi terim sur'ati boshqacha. Paxtaning har bir terilgan kilogrammi uchun 750 so‘mdan to‘lanayotgani katta ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Moddiy manfaatdorlikni oshishi ko‘plab kishilarni paxta dalasiga yetaklab chiqqan.

Farg‘ona viloyati, Beshariq tumanidagi fermer xo‘jaliklarida ham terim avjida. Biroq, ular tomonidan terilgan hosilni paxta tayyorlov maskanlari qabul qilishda sun'iy ravishda sustkashlik qilishyapti. Fermerlar bunday tushunarsiz holatdan hayron. Fermer xo‘jaligi tomonidan terilgan paxta ortilgan aravali traktorlar xalq tilida «punkt» deya ataluvchi maskan oldida hosilni topshira olmay sutkalab qolib ketayotgani taajjubli. Kunduzgi soat 16 larga borib, «punkt» eshigi berkitilmoqda.

Xo‘sh, bu holatdan kim zarar ko‘radi? Albatta, fermer va terimchilar. Terimchining tergan paxtasi fermer xo‘jaligi traktorida «punkt»ga kelib tarozidan o‘tgach, paxta zavod pul o‘tkazish operatsiyasini bajaradi va terimchilarga haq to‘lanadi. Dalada terilayotgan paxta peshma-pesh traktor aravasiga yuklanib, «punkt»ga olib kelinmasa, dalada terimchilar tergan paxtani yerga to‘kishlari kerak bo‘ladi. Hosil yerga to‘kilib sifati pasayadi, so‘ng uni traktor kelgach, yana yuklashga to‘g‘ri keladi. Qisqasi, bir qator muammolar...

«KUN.UZ» nashriga murojaat kelib tushgach, vaziyatni o‘rganish uchun Beshariq tumani, Yangi hayot mahallasida joylashgan «Beshariq paxta zavodi»ga bordik. Darhaqiqat, zavod qoshidagi «punkt» oldidagi ko‘cha paxta yuklangan aravali traktorlarga to‘lib ketibdi.

«Men «Behruzbek zamini» fermer xo‘jaligi paxtasini olib keldim. Ikki kundan beri navbatda turibmiz. Nega qabul qilishmayapti, hayronmiz», deydi traktorchilardan biri. «Nishonboy ota» xo‘jaligi ishchisi Ortiqali aka Kabirov ham uch kundan beri paxtani topshira olmay halak. Uning aytishicha, «punkt»ga ma'lum tonna paxta qabul qilish haqida «yuqori»dan buyruq bo‘libdi.

Paxta zavodi va uning qoshidagi tayyorlov maskaniga kirib, mutasaddilardan hech kimni topa olmadik. Hisobchi ayolning bildirishicha, tayyorlov maskani («punkt») rahbari Rustamjon Eshmatov majlisga ketgan ekan.

O‘zini operator Muxtorali Yo‘ldoshev dab tanishtirgan xodim shunday dedi: «Biz grafikda qancha tonna ko‘rsatilgan bo‘lsa shunga qarab paxta qabul qilyapmiz».

Qarangki, ayni paxta yig‘imida birinchi terim ketayotgan paytda «punkt» yuqoridan berilgan grafikka asosan sutkaning ma'lum paytida, cheklangan grafik asosida paxta qabul qilyapti ekan xolos. Buyoqda fermerlar dalada terilgan paxtani tortib ololmay muammoga uchrashyapti.

Muammo nimaga bog‘liq ekanini so‘rab-surishtirib bila olmadik. Sababi, paxta tozalash zavodida mutasaddilar yo‘q edi.

Tumanning boshqa tayyorlov maskanlarida ham xuddi shu ahvol ekan. «O‘tgan yili hokim paxta terim surati tushib ketgani uchun gap eshitgan. Shuning uchun paxta qabul qilishga ma'lum cheklov qo‘ymoqda», deb izohlashdi bu holatni fermerlar.

Paxta yetishtirish juda mashaqqatli ish, endi beshariqlik dehqonlarga uni topshirish ham qiyinchilik tug‘diryapti. Nahotki, kimdir gap eshitmasligi uchun peshona teri evaziga yetishtirilgan hosil tashlab qo‘yilsa?

Tumandagi 320dan ziyod fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatadigan «Beshariq», «Yakkatut», «Rapqon» paxta qabul qiluvchi tayyorlov maskanlarida ham shu ahvol.

Erta-indin yomg‘irli kunlar boshlansa, yana fermerga ziyon bo‘ladi. Paxtaning navi pasayadi. Dalalarda terimchilar qayerga paxtasini to‘kishni bilmay, pritsep kutib o‘tiribdi. Paxta zavodi xodimlari esa «Kunlik grafik bor, bugunga yetadi», deb darvozalarni berkitib qo‘yayotgani juda ajablanarli. Qizig‘i, buning sababini fermerlarga tushuntiradigan odamning o‘zi yo‘q.

Boshqa viloyatlardagi holat bilan tanishish uchun Andijon viloyati, «Andijonpaxta» jamiyatiga qarashli paxta tayyorlov maskaniga borganimizda, butunlay boshqa holatni kuzatdik. Bu yerda tungi soat ikkilarda ham hosilni qabul qilish ishlari davom etayotgan edi.

Beshariqda esa fermerlarning fig‘oni falakni tutgan. Mazkur muammo bo‘yicha viloyat va tuman mutasaddilaridan javob kutib qolamiz. Axir, kuzning har daqiqasi g‘animat...

Elmurod Ermatov, Farg‘ona
KUN.UZ
jurnalisti

Mavzuga oid