Jamiyat | 19:10 / 01.10.2018
98139
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganlik deputat pora bilan qo‘lga tushdi. U bungacha feysbukda korrupsiyaga qarshi postlar yozib kelgan

Fuqaro I.M. 2018 yil 20 sentabr Namangan viloyat tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, u muqaddam Pop tumanida maktab direktori lavozimida ishlaganligi, JIB Pop tumani sudining 14.10.2017 yildagi hukmi bilan sudlanib, egallab turgan lavozimidan ozod etilganligini, sud hukmidan norozi bo‘lib, 03.09.2018 yilda Xalq deputatlari Namangan viloyat kengashi deputati Olimjon To‘xtanazarovga murojaat qilganida, u davlat organlaridagi yuqori mansabdor shaxslarga pora berish orqali sud hukmini bekor qilib, oqlov hukmi chiqartirib berishini hamda maktab direktori lavozimiga ishga tiklab berishini aytib, evaziga 500 AQSh dollari miqdorida pul talab qilayotganligini, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur ariza yuzasidan viloyat huquqni muhofaza qiluvchi idoralari xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda 22.09.2018 yil soat 15:00larda O.To‘xtanazarov Chust shahri markazida arizachi M.I.dan 500 AQSh dollarini olgan vaqtda, ashyoviy dalil bilan qo‘lga olingan.  

Olimjon To‘xtanazarov
Foto: Ijtimoiy tarmoq

Mazkur holat yuzasidan 22.09.2018 yilda O.To‘xtanazarovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi «v» bandi, 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, shu kuni viloyat xalq deputatlari Kengashi roziligi olingan holda O.To‘xtanazarov JPKning 221-moddasi tartibida ushlandi.

O.To‘xtanazarov O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi a'zosi, Xalq deputatlari Namangan viloyat kengashi deputati, O‘zMTRK tarkibidagi kanallardan birida rejissyor bo‘lib ishlagan.

Ushbu deputat ijtimoiy tarmoqlardagi faol bo‘lib, jamiyat hayotidagi muammolar bo‘yicha, xususan, korrupsiya masalasida o‘zining fikrlarini bildirib kelardi.

U O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga «Nobel» mukofoti berilishini so‘raganidan keyin ijtimoiy tarmoqda mashhur bo‘lib ketgandi.

Mavzuga oid