Sport | 20:18 / 07.10.2018
12925
2 daqiqa o‘qiladi

Paraosiyo o‘yinlari: O‘zbekistonlik sportchilarda 2 oltin va 2 kumush medal

Indoneziyaning Jakarta shahrida III Paraosiyo o‘yinlari musobaqalariga rasman start berildi, deya xabar beradi Kun.uz'ga Paralimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati. 

Birinchi kungi bahslarda o‘zbekistonlik sportchilarning to‘rt nafari sovrindorlar qatoridan o‘rin oldi. Medallarning barchasi suzish bahslarida qo‘lga kiritildi. 

Foto: Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi

Erkaklar o‘rtasida S13 yo‘nalishida 400 metrga erkin suzish bo‘yicha ishtirok etgan Dmitriy Xorlin barcha raqiblarini ortda qoldirib, oltin medal sohibiga aylandi. Undan keyin marraga yetib kelgan Islam Aslanov kumush medalga ega chiqdi. 

Xuddi shu yo‘nalishning ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarida ham oltin va kumush medallar hamyurtlarimizga nasib qildi. Shohsanam Toshpo‘latova marraga birinchi bo‘lib yetib bordi va shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan o‘rin egalladi. Undan keyingi natijani qayd etgan Fotima Omilova esa kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Musobaqaning birinchi kunidan so‘ng 2 ta oltin, 2 ta kumush medal qo‘lga kiritgan O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoy va Yaponiyadan so‘ng umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egallab turibdi.

Mavzuga oid