Fan-texnika | 22:06 / 22.10.2018
15615
8 daqiqa o‘qiladi

​O‘zbekistonda sun'iy ong: bu reallikmi yoki xomxayol?

Toshkentdagi Turin politexnika universiteti 2-kurs magistranti Firdavs Nematzoda O‘zbekistonda sun'iy ong sohasining istiqboli porloq bo‘lishiga ishonadi.  Ayni vaqtda u Italiyadagi Turin politexnika universitetida ta'limni davom ettirmoqda. Nematzoda robototexnika sohasi bo‘yicha ilmiy izlanishlarni amalga oshirgan va buning natijasida qator yutuqlarga erishishga ulgurdi. Jumladan,  o‘tgan yili Yaponiya robototexniklari uchun malaka oshirish granti sohibi, “Yilning eng yaxshi talabasi” sovrindori bo‘ldi. Firdavsning muhim ixtirolaridan biri nogironligi bo‘lgan insonlar uchun sun'iy qo‘l protezini kashf etish hisoblanadi.

Sun'iy qo‘l protezini yaratish g‘oyasi qanday paydo bo‘lgan? Jarayon davomida qanday qiyinchiliklarga duch kelgansiz?

Ko‘p yillardan beri robototexnika sohasiga qiziqaman. Turli texnik qurilmalarni yasab, ularni dasturlashga ko‘p vaqt ajratardim. Robotik protezlarni faqat internetda ko‘rgandim, lekin real hayotda ko‘zim tushmagan.  Qiziqib ko‘rganimda, robotik protezning o‘rtacha narxi 15,000 AQSh dollarini tashkil etarkan. Tasavvur qiling: o‘rtahol yashovchi, qo‘lidan ayrilgan nogironligi bo‘lgan odam hech qachon buncha katta xarajat qilib protez sotib ololmaydi. Shuning uchun uni mahalliylashtirish va hamyonbop qilib yaratishni o‘ylab qoldim.

Oliygohni bitirayotganimda diplom ishi mavzum aynan shu yo‘nalishda bo‘lgan. Internet forumlarida haftalab vaqt sarflab turli xil ma'lumotlar yig‘ib,  oxiri o‘zim bir prototipni ishlab chiqishga erishdim. Asosiy maqsad imkoniyati cheklangan shaxslarni sog‘lom hayotga qaytarish, axir ular ham oddiy odamlardek harakatlanishga, farzandlarini bag‘riga bosishga haqli.

Jarayon borasida gapiradigan bo‘lsam, 2017 yil mart oyida chizmalarni tayyorladik. So‘ng 3D printerdan foydalangan holda sun'iy qo‘l detallarini ishlab chiqarishni boshladik. Qismlar tayyorlanishiga 3 hafta vaqt ketdi. Eng mashaqqatli palla oldinda edi. Qiyinchilik tarafi - bu mexanizmga moslab barmoqlarni harakatlantiruvchi motor tanlash edi, chunki kuchliroq motor qo‘ysak, prototipni sindirib yuborish ehtimoli yuqori,  oddiyrog‘i esa harakatni to‘liq bajara olmasdi. Protezga to‘g‘ri keladigan motorlar juda qimmat.  Bir donasi 110 AQSh dollarini tashkil etardi. Manga esa 5ta kerak bo‘ldi. Amallab  arzonrog‘ini topib, o‘rnatdik. Oxirgi bosqich qo‘lni harakatlantirish, elektronika va dasturlash qolgandi. Bu borada bilimim yetarli bo‘lgani uchun unchalik qiynalmadim. May oyining boshida birinchi protezim tayyor bo‘ldi.

Qurilmaning ishlash prinsipi nimalardan iborat?

Sun'iy qo‘l elektromagnetik sensorlar orqali harakatga keltiriladi.  Maxsus elektromiografik sensor nogironligi bo‘lgan odamning amputatsiya bo‘lgan qo‘l qismiga o‘rnatilib, muskullardagi neyron signallarni olib kontrollerga yuboradi. Kontroller esa uni raqamli signalga aylantirib, qo‘lni harakatga keltiradi. Tug‘ma nogiron odamlarda bu ishlamaydi, chunki ularda aynan ushbu muskullar rivojlanmagan. Baxtsiz hodisa tufayli qo‘lini yo‘qotgan bemorlarga o‘rnatilgan protez haqiqiy qo‘l kabi miya orqali boshqariladi.

Ushbu innovatsion yangilik hayotga tatbiq qilindimi? Amaliyotda undan keng foydalanish qanchalik naf beradi?

Ushbu protez uchun patent olish jarayoni boshlandi. Bu muddat o‘rtacha 3-6 oyni o‘z ichiga oladi.  Dunyoda nogironligi bo‘lgan odamlar soni juda ko‘p. Protez ishlab chiqaruvchi kompaniyalarda narxlar juda yuqori.  Aytib o‘tganimdek, mahalliy protezimiz 1200 AQSh dollari atrofida bo‘lishi ko‘zlanyapti. Agar professional tibbiyot xodimlari bilan kelishib ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ysak, o‘ylaymanki,  bu innovatsion loyiha bildirilgan ishonchni oqlay oladi. Shuningdek, uni turli sohalarga, jumladan, inson hayoti uchun xavfli  kimyoviy zavod va shaxtalarda ham foydalansa bo‘ladi.

Ayni vaqtda yana qanday izlanishlar bilan bandsiz?

Hozirgi paytda 3ta loyiha bo‘yicha ish olib boryapman. Birinchisi, bu protezni yanada takomillashtirib, kamchiliklari ustida ishlash. Ikkinchi loyiham protez oyoqlar yaratish bo‘ladi.  Shuningdek, sun'iy intellektga ega  odamsimon gumanoid robot yasash rejasi ham bor.

O‘zbekiston sharoitida original texnik ishlanmalarni real hayotga olib kirish uchun qanday amaliy harakatlar zarur, deb o‘ylaysiz?

Ishlanmalarni real hayotga olib kirish uchun, birinchi navbatda, ishlab chiqaruvchini qo‘llab-quvvatlash kerak.  Patentlash va undan keyingi jarayon -  amaliy harakatga ko‘mak zarur. Men o‘zim ham shunday ortiqcha to‘siqlarga duch kelganman.  Yoshlardan juda ko‘p loyihalar chiqadi, lekin ular kimga uchrashishni va qayerga borishni bilishmaydi. Ularga to‘g‘ri yo‘nalish beradigan maxsus muassasa tashkil qilinishi kerak yoki mavjudlari o‘z faoliyatini qanday samarali olib borish borasida o‘ylab ko‘rishi kerak. Texnik soha rivojlantirib, texnoparklar qurilib, ilm-fanga katta e'tibor berilsa, albatta, rivojlangan davlatlar qatoriga kiramiz. Kuchli va salohiyatli  kadrlar bor, ammo qo‘llab-quvvatlash juda sust darajada olib boriladi.

Yurtimizda sun'iy ongni rivojlantirish masalasi bo‘yicha o‘z fikrlaringizni bildirsangiz.

Sun'iy ong dunyoni zabt etib bo‘ldi. Qo‘limizdagi smartfondan tortib barcha narsalar bu olamga mansub. Kelgusi hayot faqat shu bilan bog‘liq bo‘lishiga ishonaman. Avtonom mashinalar,  robotlarning barchasi sun'iy ong yordamida boshqariladi. Shu kunlarda sun'iy ong orqali boshqariladigan odamsimon robot loyihasi ustida ishlayapman va  2019 yil kuz oylarida keng jamoatchilikka namoyish etish niyatidaman.  

Agarda iqtidorli yoshlarga o‘z innovatsiyalari, g‘oyalarini bemalol, hech qanday ko‘rinmas to‘siqlarsiz amalga oshirishlari kafolatlansa, biz Yaponiya, Singapur, Koreya davlatlari darajasiga erisholamiz. Faqat moliyaviy tarafdan ko‘mak berishning o‘zi yetarli emas, nazarimda. Yangicha fikrlash, o‘zgacha yondashuv to‘g‘ri qabul qilinsagina, taraqqiyot pillapoyalaridan tez odimlay olamiz. Iste'dodli yoshlar nimani istaydi? O‘z qarashlari, tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanishini xohlaydi. Innovatsiyaga keng yo‘l berilishi hayotning barcha jabhasini yuqori darajaga olib chiqa oladi.

Ma'lumot uchun, qirg‘izistonlik olti nafar dasturchi va shifokorlar jamoasi 9 oy davom etgan intensiv tadqiqotlardan so‘ng, bion protez qo‘l yasab, 10 yoshli Aliyaga yangi chap qo‘l o‘rnatishdi.

Firdavs ta'kidlaganidek, «ko‘rinmas» yoxud nazarda tutilmagan qiyinchiliklar, boz ustiga ixtiro uchun zarur bo‘lgan komponentlarni xarid qilish masalasi ham ijobiy yechimini kutayotgan muammolardan biridir.

Muhabbat Ma'mirova

Mavzuga oid