O‘zbekiston | 12:10 / 23.10.2018
31624
2 daqiqa o‘qiladi

Paxta-2018. Bo‘ka tumani IIB boshlig‘i ishdan ketdi

Toshkent viloyati Bo‘ka tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik Ixtiyor Hasanov lavozimdan ozod etilgan. 

«Kun.uz» manbasi xabar berishicha, u 22 oktabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida o‘tkazilgan selektor chog‘ida paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun ishdan ketdi.

Ixtiyor Hasanov 2017 yilning sentabr oyidan buyon Bo‘ka tumani IIB boshlig‘i sifatida ishlab kelayotgandi.

14 oktabr kuni o‘tkazilgan selektor yig‘ilishi vaqtida Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Abdumalik Abduqodirovich Allamurodov ishdan olingandi. Uning o‘rnini O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlari vaziri o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Tohir To‘lqinovich Aripov egallagan.

Eslatib o‘tamiz, 12 oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘ka tumaniga tashrif buyurib, paxta terimini ko‘zdan kechirgandi. Prezident tashrifi davomida qator kamchiliklar aniqlangan. Ayrim davlat amaldorlarining faoliyati tanqidga uchragandi.

«Kun.uz» tahririyatiga kelib tushgan 2018 yil hosilidan tayyorlangan paxta xom ashyosi to‘g‘risidagi 22 oktabr kungi ma'lumotga ko‘ra, ayni vaqtda eng yomon ko‘rsatkichni Toshkent viloyati qayd etib turibdi. Toshkentlik paxtakorlar rejani 51,52 foizga bajarishgan.

Mavzuga oid